Ioaximitlar – Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida Ioaxim Florskiy ta’limotining izdoshlari boʻlgan radikal-daxriylik harakati vakillari (XIII-XV asrlar). Ularning safida spirituallar, fratichellilar va boshqalar boʻlgan. Katolik cherkovi va inkvizitsiya bu harakat a’zolarini ta’qib qilgan.
Iobagionlar – Transilvaniyada feodalga qaram dehqonlar.
Ispan markasi – Ispaniyadagi viloyat (Pireney va Ebro daryosi oraligʻida). 785-811-yillarda franklar tomonidan arablar qoʻlidan tortib olindi. “Got” markasi deb ataluvchi Septimaniya bilan 817-yilda birlashtirildi. Karl Yaltiroqbosh davrida u mustaqil ma’muriy birlikka aylandi.
Ispaniya – 1479-yilda Pireney yarim orolida vujudga kelgan qirollik. 1469-yilda Kastiliya qirolining singlisi Izabella va Aragon taxti vorisi Ferdinand oʻrtasida nikoh tuzildi. 1479-yilda Aragon qiroli Xuan II va Kastiliya qiroli Genrix IVning oʻlimidan soʻng sulolaviy nikoh Kastiliya–Aragon uniyasiga olib keldi, bu esa I. qirolligining vujudga kelishiga zamin boʻldi. Bunda birlashish yetarli darajada rasmiy edi. Siyosiy uniya birdaniga bir xildagi qonunchilik, ma’muriy va sud organlariga olib kelmadi. Har bir qirollikda amalda boʻlgan fueros va boshqa imtiyozlar bekor qilinmadi, korteslar birlashmadi. Uning ustiga kastiliyaliklar Aragonda, aragonliklar va katalonliklar Kastiliyada xorijliklar sifatida qarashda davom etdi. Shunga qaramasdan XV asrning 2-yarmidan I. da toifaviy monarxiyadan absolyutizmga oʻtish alomatlari yaqqolroq namoyon boʻla boshladi.
Italiyan yurishlari – german imperatorlari va qirollarining harbiy bosqinchilik yurishlari; X asrdan boshlab Italiyani boʻysundirish, imperator unvoniga ega chiqish, Karl Buyuk singari imperiya tashkil qilish, papalik ustidan nazorat oʻrnatish va shu kabilar maqsadida uyushtirilgan. Dastlabki yurishni Otton I 951-952-yillarda boshlab berdi va u Shimoliy Italiya (Lombardiya)ning egallanishi bilan tugadi. Otton I ning ikkinchi yurishi Rimga qaratildi va imperatorlik titulini olish va "Muqaddas Rim imperiyasi"ning tashkil topishi (962) bilan tugadi. German qirollarining Rim papalari bilan investitura huquqi uchun kurashi davrida (1075-1122) ayniqsa koʻplab I.Yu. amalga oshrildi. Fridrix I Barbarossaning oʻzi Italiyaga besh marta yurish qildi. I.Yu. Germaniyada koʻp qirollik davrida (1254-1273) ham doimiy takrorlanib turdi. Uzoq tanaffusdan keyin, 1310-yilda Genrix VII Lyuksemburskiy Rim yurishini amalga oshirdi (imperatorlik tojini kiyishga muvaffaq boʻldi); 1327-1330-yillarda Italiyaga yurish qilgan Lyudvig Bavarskiy ham imperator deb e’lon qilingan.