Saksoniya qoʻzgʻaloni – 1073-1075-yillarda Saksoniya va Tyuringiyada german qiroli Genrix IV ga qarshi koʻtarilgan. Qoʻzgʻalon qatnashchilari asosan, mahalliy zadogonlar boshchiligidagi dehqonlar boʻlib, ular qal’alar qurilishi va ularga gornizonlarning joylashtirilishiga qarshi boʻlgan. Qal’alar asosan, Shvabiya va Frankoniyada qurilib, ularda Saksoniya va Tyuringiya aholisi ishtirok etgan. Qoʻzgʻalonda taxminan 40–60 ming kishi ishtirok etgan. Dastlab qoʻzgʻalonchilar bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan. Bir nechta yangi qurilgan qal’alar egallanib, buzib tashlanadi. Hatto qirol qochib, 1073-yil avgustda Xarsburgga boradi. Qirol Janubiy va Gʻarbiy Germaniya feodallaridan yordam olib, 1074-yil 2-fevralda qoʻzgʻalon rahbarlari bilan Vorms shahrida shartnoma imzolaydi. Rahbarsiz qolgan qoʻzgʻalonchilar 1095-yil 9-iyunda Xomburg yaqinida magʻlub boʻladi. Qoʻzgʻalondan keyin dehqonlarning qaramlikdan ozod boʻlishi tezlashib ketgan.
Sakson sulolasi – “Muqaddas Rim imperiyasi” imperatorlari va qirollarining sulolasi. Ular orasida Genrix I, Otton I, Otton II, Otton III, Genrix II larni koʻrsatish mumkin. S. s. 919-1024-yillarda hukmronlik qilgan. Asoschisi Genrix I Qushboz.
Salamandra – qadimgi qarashlar boʻyicha olovdan vujudga kelgan va olovda yonmaydigan jonivor. Oʻrta asrlar alkimyosi va jodugarligida olov ruhi yoki uning bir qismi sifatida tushunilgan. Shu bilan birga falsafa toshi sifatida ham salamandralar tushunilgan. Uning yordamida quyosh idishini yasash mumkin deb tushungan.
Salern tibbiyot maktabi – IX asrda shifokorlarning faqat odamlarni davolash uchun emas, balki dori-darmonlar ishlab chiqaradigan jamoasi boʻlib, faqat dorilarni tayyorlashni oʻrgatadigan maktab. XII asrgacha qadimgi yunon tibbiyot an’analari asosida faoliyat olib borgan boʻlsa, shu asrdan boshlab arab va Sharq tabobat an’analariga asoslangan. Imperator Fridrix II mazkur maktabning ruxsatnomasi (litsenziya) boʻlmasa shifokorlarga odamlarni davolashni taqiqlab qoʻygan.
Sali haqiqati – sali franklari qonunlar toʻplami. Oʻsha davrlarda amal qilgan varvar haqiqatlaridan biri boʻlib, unga sud, an’ana va murakkab masalalar borasidagi oddiy huquqlar kiritilgan. Qonunlar toʻplamining eng qadimgi matnlari saqlanib qolmagan va faqat VIII-IX asrlarga oid qoʻlyozmalari yetib kelgan. Ma’lumotlarda koʻrsatilishicha 507 va 511-yillar oraligʻida yozilgan, boshqa ma’lumotlarda esa Xlodvig I koʻrsatmasiga koʻra yozilgan deb aytiladi. Toʻplam lotin tilining buzilgan shaklida yozilgan boʻlib, unda ishlatilgan frank atamalari bilan yanada murakkablashgan. Rim atamalaridan jarima va pul birligiga oidlari ishlatilgan. S.H. shu davr Yevropa tarixini oʻrganishda juda muhim manba hisoblanadi. Undagi ma’lumotlar Tatsit ma’lumotlari bilan solishtirilganida Galliyaning rimliklar bosib olgunga qadar boʻlgan tarixiga oid ma’lumotlar ham mavjudligini koʻrsatadi. Ularda germanlarning jamoa tartibidan to davlatlarning shakllanishi jarayoniga qadar boʻlgan hodisalar mavjud. Qoʻshimcha ravishda S.H.da VI-IX asrlarda frank qirollarining chiqargan farmonlari asosida franklar jamiyatidagi oʻzgarishlar ham mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |