Salibchilar davlatlari – salibchilarning sharqqa amalga oshirgan bosqinlari natijasida tashkil topgan 4 ta tipik feodal davlatlarga nisbatan ishlatiladi. Ular normand ritsarlari joylashgan Edessa grafligi (1098-yilda Shimoliy Mesopotamiyada Balduin Flandriyskiy tashkil etgan), Antioxiya knyazligi (1098-yilda Shimoliy Suriyada Boemund Tarentskiy tashkil etgan), Quddus (Iyerusalim) qirolligi (1099-yilda Janubiy Suriya va Falastinda Gotfrid Bulonskiy tashkil etgan) va Antioxiya knyazligidan ajralib chiqqan Tripoli grafligi. Ular orasida Quddus qirolligida barcha salibchilar ustidan nazoratni oʻrnatgan. Quddus qirolligi hukmdori senorlar orasida birinchisi deb koʻrsatilgan. Qolgan uch davlat unga nisbatan vassal hisoblangan, ammo amalda ular mustaqil siyosat olib borganlar. Barcha yerlar harbiy majburiyat bajargan ritsarlarga taqsimlangan. S.D.da cherkov alohida oʻrin egallagan. Quddus qirolligida patriarx lavozimi joriy qilinib, 5 ta arxiyepiskoplik va 9 ta yepiskoplik tashkil qilingan. Shu bilan birga monastirlar ham qurilgan. Katolik iyerarxiyasi Sharqdagi feodallarning salmoqli qismini tashkil qilgan. Ular soliqlar toʻlamagan va desyatina hamda ziyoratchilardan juda katta miqdorda daromad olishgan. Quddus qirolligining tashqi savdosini Genuya, Venetsiya, Piza va Marsel savdogarlari amalga oshirishgan. Salibchilar davlatlari oʻrtasidagi doimiy kurash va musulmonlarning hujumlari natijasida 1144-yilda Edessa grafligi, 1187-yilda Quddus qirolligi quladi, 1268-yilda Misr qoʻshinlari Antioxiyani, 1289-yilda Tripolini egallab olishdi va 1291-yilda saljuqiylarning hujumlari natijasida Sharqdan butunlay quvib chiqarildi.
Sara Rominyanska – Ruminiya qirolligi. Valaxiyaning nomlanishi. 1324-yilda Bosarab 1 tomonidan tashkil etilgan.
Saratsinlar – ilk oʻrta asrlar davrida Vizantiya va Yevropa xristian mualliflari asarlarida Arabistonning koʻchmanchi qabilalarining nomlanishi. Yozuvchilar dastlab barcha arablarni, keyinchalik barcha musulmonlarni shu nom bilan atagan.
Sasebaron – “Sali haqiqati” da uchraydigan atama boʻlib, VII asrga oid frank yorliqlariga tegishli. Graflarning sudi boʻlib, qonunlar va an’analarni bildirgan. Shu bilan birga qirollarning graflar sudidan yigʻiladigan toʻlovlarni nazorat qilishgan. Undan tashqari graflarning soliq va jarimalarni yigʻish uchun mas’ullari ham shunday nomlangan.
Satana (yunon. satanas va qad.yahudiy satan – dushman, fitnachi) – xristian tushunchalarida iblis, yovuz ruh, doʻzax hukmdori. S. obrazi XI asrda vujudga kelgan boʻlib, xoinlarning ramzi boʻlgan. S.ning rangi qora boʻlib, dastlab faqat yolgʻonchilar tushunilgan. S.lar ibodatga halaqit bergan, ogʻriq keltirgan va boshqa zararli ishlarni keltirib chiqargan. S.larning tashqi qiyofalarini choʻchqa, kuchuk, ilonga oʻxshatib chizishgan. S.lar tuban farishtalar sifatida ham talqin qilingan. Xristianlikda S.lar mustahkam e’tiqodning sinovi sifatida ham koʻringan.
Sayyor sudyalar – Angliyada Genrix I (1100-1135) davrida qirollik sudi kuchaytirilib, u davlat hokimiyatining tarkibiy qismiga aylantirilgan. Ana shu qirollik kuriyasi sudyalari vaqti-vaqti bilan mamlakat boʻylab safarga chiqib, grafliklarda sudlov ishlarini amalga oshirganligi uchun ham S.S. nomini olgan. Sudlov palatasi boʻlsa “Qirollik sud kursisi” degan nom oldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |