Sobor – xristianlikda katta ibodatxona. Davlatlar miqyosida yoki butun xristian cherkovi miqyosida oliy daraja ruhoniylarining uchrashuv joyi.
Sokmenlar (ingl.) – Angliyada anglo–saksonlar va normanlar bosqini davrida shaxsiy erkin dehqonlar. Ular oʻzlarining yer mulkiga ega boʻlib, lorddan manor olishgan. Ular barcha fuqarolik huquqlaridan foydalanishlari va oʻz huquqlarini himoya qilish uchun qirol sudiga murojaat qilishi mumkin boʻlgan. S. nomi asosan Shimoliy-Sharqiy Angliya va unga qoʻshni hududlarda uchragan. Dastlabki vaqtlarda ular o’z huquqlari bo’yicha sudga da’vo – soke berolgani uchun shu nom bilan atalgan. Boshqa hududlarda S. boshqa nomlar bilan nomlangan. Normanlar istilosi davrida ular ikki kategoriyaga boʻlingan va XV asrdan ular frigolderlarga aylanishgan.
Solarego – Kastiliyada “yarim ozod” dehqonlar toifasi.
Soldo – Italiyada muomalada boʻlgan mayda pul birligi boʻlib, 1/20 liraga teng boʻlgan. XII asr oxirlarida zarb qilingan.
Solid – (lot. solidus – soʻzma-soʻz tarjima qilinganda mustahkam, salmoqli) – yirik oltin tanga. Birinchi marta Rimda, imperator Konstantin tomonidan 309-yilda zarb qilingan. Gʻarbiy Yevropa miqyosida esa karolinglar davrida tarqalgan. Dasavval merovinglar Rim oltin S.i shaklida oltindan zarb qildirgan, Karolinglar davrida u kumushdan zarb qilina boshlandi. 1 S.=3.88 g kumushga teng boʻlgan, VIII asrda sigir 1, ot 6 S. turgan.
Soldo – italyan kumush tangasi. 1 S.=1,25-1,30 g kumushga teng boʻlgan.
Solsberi qasamyodi – 1086-yil 1-avgust kuni Angliya zamini uchun ajnabiy boʻlgan Vilgelm I Bosqinchi shu manzilda vassalaridan oʻziga sodoqati haqida ichtirgan qasamyodi. Eng asosiysi shuki, nafaqat baronlar, balki ularga vassal boʻlgan oddiy ritsarlar ham qasamyod qildishga majbur boʻldilar. S.Q. orqali qirol hokimiyati yanada mustahkamlandi.
Sorbonna – Parijda 1257-1258-yillarda tashkil qilingan ilohiyotchilar kollegiyasi. Fransiya qiroli Lyudovik IX ning ruhoniylari Rober de Sarbon boshchiligida tashkil qilishgan. S. yangi koʻrinishdagi kollegiya boʻlib, u Parij universiteti ilohiyot fakultetining qashshoq 16 nafar talabasini birlashtirgan. Tez orada homiylar koʻmagida ularning safi kengayib borib, shu yerning oʻzida dars qilishlari ham mumkin boʻlgan. XVII asr oʻrtalaridan butun Parij universiteti S. nomi bilan atala boshlagan.
Soti (frans.sotie – ahmoqlik, be’manilik) – dramatik janr boʻlib, parodik va satirik monolog hamda diologlardan tashkil topgan. S.da aktyorlar oʻz rollarini hazil tariqasida noodatiy kiyimlar va bosh kiyimlarni kiygan xolda ijro etishgan. S.da aktyorlar qirol, Rim papasi, feodallar, ritsarlar va jamiyatdagi boshqa har qanday ijtimoiy qatlam vakillarni tanqid ostiga olishgan. XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Pyer Grengor oʻz pyesalarini shu janrda yozgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |