Sxizma – ajralish. Xristian cherkovining boʻlinishi. Buyuk sximaga qaralsin.
Sxolastika (yunon. maktabga oid, oʻqimishli) – falsafiy qarashlar tizimi boʻlib, ilohiyotdan ajralib chiqqan. Oʻrta asrlar davri ilohiyotchilaridan biri Pyotr Damiani S.ni ma’lum ma’noda teologiyaning “xizmatkori” deb ta’riflagan. S. oʻrta asrlarning asosiy falsafiy tushunchasi sifatida koʻrsatilgan. Dastlab sxolastlar deganda maktabda oʻqiydigan yoki uning faoliyatida ishtirok etadigan kishilar tushunilgan. Buyuk Karl davrida sxolast “oʻqituvchi” ma’nosini bildirgan. Keyinchalik esa barcha ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi kishilar sxolastlar deyilgan. XII asr oʻrtalarida Yevropada dastlabki univetsitetlarning paydo boʻlishi natijasida universitetda falsafadan dars beruvchi oʻqituvchilar sxolastlar deyilgan. Oʻrta asrlar davri S. fanining “otasi” sifatida Boetsiy tan olingan. U Aristotel qarashlari (logikasi) asosida aql va xudoga ishonish muammolarini yechishga harakat qilgan. S.ning taraqqiyotini 3 davrga boʻlib koʻrsatish mumkin. Ular ilk (XI–XII asrlar), yetuk (XII–XIII asrlar) va soʻnggi (XIII–XIV asrlar). Sxolastlar qarashlariga koʻra realistlar va nominalistlarga boʻlingan. Realistlar inson fikrlarining erkinligi tarafdori boʻlgan boʻlsa, nominalistlar esa abstrakt tushunchalar va qarashlarni ong orqali anglash tarafdorlari boʻlgan. Realistlarning taniqli vakillari sifatida Gilom de Shampo, Anselm Kenterberiyskiy va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Nominalistlarning taniqli vakillari sifatida esa Berengariy Turskiy, Rosselin, Abelyar, Okkam, Nikolay Otrekurskiy, Orem, Buridan va boshqalarni koʻrsatish mumkin.
Syuzeren (frans.) – oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida yirik yer mulk egalari, oʻz vassallariga hukmdor sanaluvchi hududning oliy senori (qirol, gersog), Keyinchalik xalqaro munosabatlarda ham qoʻllanila boshlangan (M: Rossiya imperiyasi 1774-1783-yillarda Qrim xonligining S. boʻlgan).
~ T ~
Tabaqali altarlar – ikki (diptix), uch (triptix) yoki bir necha (poliptix) tabaqalardan iborat muqaddas rasmlar yoki xaykaliy relyeflar bilan tasvirlangan altar. IX asrda paydo boʻlgan, XIV asrlarda butun gʻarbiy xristianlikda keng tarqalgan.
Tagzatsung – Shveytsariyada davriy ravishda chaqirilib turuvchi kantonlar vakillaridaan iborat kengash. Uning yigʻilishida umumittifoqqa tegishli masalalar koʻrilgan boʻlsada, ittifoq yerlar hal qiluvchi ovoz huquqiga ega boʻlmagan. T. har bir kanton bitta ovozga ega boʻlgan, lekin masalalar har doim bir ovozdan qabul qilingan. Chunki kamchilikning koʻpchilik qaroriga boʻysinishi faqatgina urush yoʻli bilan boʻlgan. Umumiy ijroiya va umumiy armiya boʻlmagan. Kantonlarning har biri mustaqil ichki va tashqi siyosat yuritgan boʻlsa ham, ammo ittifoqning umumiy manfaatlariga qarshi harakat qilmasliklari kerak edi.
Taksis (tartib) – vizantiyaliklar hayot falsafasi va dunyoqarashining asosisy tushunchasi. Davlat organizmini tashkil etuvchi turli institutlarning uygʻun subordinatsiyasi sifatida T. romeylar nazarida ilohiy ilhomlangan rejaning aksi, samoviy ilohiy tuzilmaning oʻziga xos proektsiyasi edi. “Xudo yorlaqagan imperiya”dan tashqarida T. varvar davlatlarining ierarxiyasi shaklida mavjud edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |