Talion (lot.qasos, intiqom) – qasos boʻlib, u jinoyatga tenglashtirilgan. T. prinsipiga koʻra ilk sinfiy jamiyat davrida jinoyatchilar jazolangan.
Talya – Oʻrta asrlar Angliya va Fransiyasida yer soligʻi. 1) avval boshda Fransiyada qaram dehqonlarning katta yer egasiga mahsulot sifatida beradigan soligʻi – oʻziga xos “yordam” tarzida tushunilgan. XV asrda Fransiya qiroli Karl VII davridan boshlab mamlakat miqyosidagi soliqqa aylantirilgan. Ilk bora qirol Lyudovik IX davrida harbiy majburiyat oʻrniga vaqtinchalik soliq sifatida undirilgan. 1439-yilda chiqarilgan ordanans tufayli muntazam armiyaning vujudga kelishi natijasida T. yana doimiy soliqqa aylantirilgan. 1789-yilda boshlangan fransuz inqilobi davrida bekor qilingan; 2) Angliyada XII asr oxiridan to 1340-yilgacha, yaʼni Angliya parlamenti tomonidan soliqlar tizimi tartiblanishi joriy qilingunga qadar T. qirol tomonidan oʻz domenidagi dehqonlardan, shahar aholisidan va yahudiylardan undiriladigan ixtiyoriy soliq,
Tampliyerlar, xramovniklar (frans. temple – ibodatxona) – diniy-ritsarlik ordeni boʻlib, salib yurishlari davrida Falastinda vujudga kelgan. Dastlab “Isoning qashshoq ritsarlari” nomi bilan 1118-yilda tashkil topgan edi. Iyerusalim qirolligi tashkil topishi bilan fransuz ritsarlarining guruhi sifatida Quddusda politsiya vazifasini bajargan. Undan tashqari Yevropadan kelayotgan ziyoratchilarni qoʻriqlash, aholi oʻrtasida norozilik chiqishining oldini olish kabi ishlarni bajargan. Shu xizmatlari evaziga Quddus qirolidan qadimda Sulaymon ibodatxonasi joylashgan tepalikdagi ibodatxonani oʻzlari uchun qarorgoh qilish huquqini olishgan va orden nomi ham ibodatxona nomidan olingan. Bernar Klervoskiyning yordami sabab ordenning tez orada qudrati ortib ketadi. Ordenning nizomi boʻlsa 1128-yilda Rim papasi tomonidan tasdiqlangan. Ular oʻzlarining shiorlariga ma’jusiylarga qarshi muqaddas kurash uchun qoʻlga qilich olish gunoh emas kabi soʻzlarni ham kiritgan. T.ning qilichlari oddiy boʻlishi bilan birga oltin yoki kumush bilan bezatilmasligi kerak boʻlgan. Orden ichida metin qoidalar amal qilib, ularni bajarish majburiy boʻlgan. Ordenning barcha a’zolari uchun bir xil kiyimi bu uzun yopinchiq boʻlib, uning yelka qismida qizil rangli xoch belgisi boʻlishi shart edi. T. bir necha darajaga boʻlingan. Ritsar-birodarlar (feodallarning avlodlari), qurolbardor-birodarlar (boy shaharliklar), kapellanlar (ruhoniylar boʻlib, maxsus marosimlarni bajarishgan) va boshqalar. Harbiy yurishlarda faqat dastlabki ikki darajali ritsarlarning ishtirok etishi majburiy boʻlgan. Ordenning bosh kapitulida (muhim masalalar boʻyicha yigʻilishi) faqatgina ritsar-birodarlar ishtirok etishi mumkin boʻlib, unda ordenning Buyuk magistrini va boshqa amaldorlarini saylash amalga oshirilgan. Buyuk magistr umrbod muddatga saylangan. Uning huzurida dignitarilar (hokimiyat ma’nosini bildiradi) kengashi faoliyat olib borgan. Undan tashqari seneshal (Buyuk magistrning oʻrinbosari), marshal (harbiy va qurol-yarogʻlarga mas’ul) kabi mansablar mavjud boʻlgan. Shu bilan birga boshqa mamlakatlarda mahalliy boshqaruvni amalga oshiruvchi Buyuk komandirlar mansabi joriy qilingan. Quddus qirolligi bilan aloqalarining yaxshiligi sabab tez orada orden ulkan yer maydonlariga egalik qila boshlagan. Ordenning daromadlari yer soliqlari, ziyoratchilar va harbiy oʻljalar orqali kelgan. T.ning qasrlari va mulklari Fransiyadan tashqari Pireney yarim oroli davlatlari, Angliya, Italiya, Germaniya, Vengriya, Polsha va boshqa mamlakatlarga yoyilib ketgan. Salibchilar Falastindan quvilgandan keyin T. Yevropaning moliya markazlari boʻlgan Parij va Londonga joylashib olishgan. Ular shu shaharlardan turib qirollar va boshqa boy kishilarga katta miqdorda qarz va ssudalar berishgan. Undan tashqari istagan kishi oʻziga yaqin joydagi orden komandiriga ma’lum miqdordagi pulni berib boshqa oʻzi borgan joydagi orden komandiridan olishi mumkin boʻlgan. Ordenning boyliklari haqidagi ovozalar sabab uning dushmanlari soni ham ortib borgan. Fransiya qiroli Filipp IV Chiroyli 1307-yil 13-oktabrda orden a’zolarini hibsga oladi. Inkvizitsiya sudi ularni daxriylar deb e’lon qiladi. Buyuk magistr va ordenning boshqa koʻplab a’zolari oʻtda kuydirildi. Ordenning Fransiyadagi boyliklari qirolga oʻtdi. 1312-yilda boʻlib oʻtgan Vyenn soborida orden oʻz faoliyatini toʻxtatganligi e’lon qilinib, ordenning qolgan mulklari ioannitlar ordeniga oʻtkazildi.