Tordesilyas shartnomasi – 1494-yil 7-iyunda Ispaniyaning Tordesilyas shahrida Ispaniya va Portugaliya vakillarning mustamlakalarni egallash masalasidagi manfaat doiralarini boʻlib olish uchun imzolangan shartnoma. Shartnoma Rim papasi Aleksandr VI Bordja guvohligida imzolanib, tasdiqlangan. Unga koʻra, har ikki tomon mustamlaka yerlarni belgilangan hududlarda egallashi mumkin edi. Yashil burun orollaridan sharqdagi yerlar Portugaliya va gʻarbdagi yerlar Ispaniya ta’sir doirasi deb tan olingan (Atlantika okeanidagi 4630 gʻarbiy kenglik demarkatsiya chizigʻi boʻlgan). Shartnoma 1777-yilda bekor qilingan.
Torun sulhi – 1519-1521-yillardagi Polsha va Tevton ordeni oʻrtasidagi urushi yakunida, 1521-yil 5-aprelda Visla daryosi boʻyidagi Torun shahrida ikki tomon oʻrtasida toʻrt yilga oʻzaro urushmaslik toʻgʻrisidagi imzolangan yarashuv sulhi.
Torun tinchlik shartnomalari – 1-Torun tinchlik shartnomasi bir tomondan Polsha qirolligi va Buyuk Litva knyazligi, ikkinchi tomondan Tevton ordeni oʻrtasida 1411-yil 1-fevralda Torunda imzolangan shartnoma. 1409-1411-yillardagi oʻzaro “Buyuk urush” yakunini hamda 1410-yilda Gryunvald jangida ordenning magʻlub boʻlishini rasmiylashtirib berdi. Unga koʻra Polsha urush vaqtida egallangan Prussiya yerlaridan oʻz qoʻshinlarini olib chiqish va qal’alarni ordenga berish; magistr va ordennning barcha asirlarini ozod qilish; Orden va magistr Polsha qiroliga va uning qirolligiga uch muddat davomida 100 ming tanga katta Praga groshasi toʻlash kabi majburiyatlar belgilandi. 2-Torun shartnomasi – 1466-yil 19-oktabrda Torun shahrida Tevton ordeni va Polsha oʻrtasida imzolangan tinchlik shartnomasi. U Prussiya konfederatsiyasining salibchilarga qarshi koʻtargan qoʻzgʻaloni bilan boshlangan 1454-1466-yillardagi oʻn uch yillik urushiga yakun yasadi. Ikkala tomon ham tinchlik shartlarini Rim papasi Pavel II va Muqaddas Rim imperatori Fridrix III tomonidan tasdiqlashga rozi boʻlishdi, lekin Polsha tomoni (Tevtonlar rozi boʻlishga majbur edi) tinchlik shartlarining yuqoridagilar tasdigʻisiz ham haqiqiy ekanligini ta’kidladi. Unga koʻra, orden yerlarining gʻarbiy qismi – Pomoye Gdanski, Xelminsk va Mixalovsk yerlari, Meve, Malbork, Elblag va Varmiya knyazlik-yepiskopligi Polshaga berildi. Keyinchalik orden mulkining bu qismi Polsha yoki Prussiya qirolligi deb nomlana boshlandi. Malbork (Mariyenburg) berilgandan keyin orden poytaxti Kyonigsberg boʻldi. Orden oʻzini Polsha qirolining vassali deb tan oldi.