Varvarlar – qadimgi yunonlar va keyinroq rimliklar tomonidan oʻzlari tushunmaydigan tilda gaplashadigan barcha boshqa xalqlar vakillarining nomlanishi. Birinchi ming yillik davomida germanlarning umumiy nomlanishi. Dastlab yunonlar shu nom bilan oʻzlarining xalqiga mansub boʻlmagan elatlar va xalqlarni ataganlar. Rimliklar ham xuddi shu ma’noda rimlik va yunon boʻlmaganlarga nisbatan ushbu tushunchani qoʻllashgan. Lekin Rim imperiyaning germanlar bilan toʻqnashuvlari avj olib borgani sari V. tushunchasi faqatgina germanlarga nisbatan qoʻllanila boshlandi. Bu tushuncha kunlik muomalaga shu qadar singib ketdiki, hatto germanlar oʻzlarini barbarlar deb atay boshlaganlar. Bu holatni ularning huquqiy yodgorliklarida uchratish mumkin. Keyinroq germanlar va Gʻarbning boshqa xalqlari qoʻpol, toʻpori va umuman madaniy taraqqiyot jihatidan past pogʻonada turuvchi sharq xalqlariga nisbatan qoʻllay boshladi. Yangi zamon davrida ilmiy ma’lumotlarda Rim imperiyasi hududiga koʻchib borgan qabilalar va tashkil topgan qirolliklarga nisbatan ishlatilgan. Varvar qabilalari sifatida burgundlar, vestgotlar, ostgotlar, vandallar, langobardlar, franklar va boshqa bir nechta qabilalar koʻrsatiladi.
Vasilevs (yunon.basilevs) – qadimgi Yunonistonda merosiy hokimiyatga ega boʻlgan monarx, Vizantiyada imperatorlar tituli (unvoni). Dastlab Rim imperatorlari shu unvon bilan norasmiy atalgan. Xristianlik qabul qilinishi bilan bu unvon imperiyaning sharqiy qismiga keng tarqaladi, chunki bu yerda yunon ta’siri kuchli edi. Irakliy davrida (610-641) sosoniylar ustidan gʻalaba qozongach V. (yana ham aniqrogʻi vasilevs vasileon – “hukmdorlar hukmdori”, sosoniylardagi “shahanshoh” unvoni taqlidida boʻlsa kerak) unvoni Vizantiya imperiyasi hukmdorining rasmiy unvoniga aylangan. Vizantiyada faqatgina Vizantyai imperatorlari V. deb atalgan, Gʻarbiy Yevropa qirollariga nisbatan “regas” (qirol) tushunchasi qoʻllanilgan.
Vasiyliklar, Baziliklar, vasiliklar (yunon.) – IX asrdan boshlab 60 kitobdan iborat Vizantiya qonunchilik toʻplami nomlanishi. Vasiliy I (867-886) davridan boshlanib, oʻgʻli va vorisi Lev VI Donishmand (886-912) davrida tugallangan. Toʻplamda dunyoviy qonunchilik bilan birga diniy qonunchilik ham jamlangan. Toʻliq holatda yetib kelmagan.
Vassal (lot. vassus – xizmat qilmoq, xizmatkor) – Biror feodalning boshqa yirik feodal yoki katta yer egasidan xizmat evaziga olingan yer maydonini va uning tobeligini koʻrsatadigan tushuncha. V.lik ma’lum ma’noda erkinlik qoidalariga ham rioya qilgan. V.lar bir yilda kamida 40 kun harbiy xizmat oʻtashi lozim boʻlgan. Shu bilan birga senordan pul yordami olishi mumkin boʻlgan.