Venetlar – Vizantiyada ippodromda ot poygalarida qatnashuvchi va alohida siyosiy tashkilot koʻrinishini kasb yetgan “moviylar” partiyasi yoki guruhi.
Venetsiya – VII-VIII asrlarda tashkil topgan respublika. X asr oxirlaridan mustaqil davlat sifatida tan olingan. XIV-XV asrlar shaharning eng gullagan davri boʻlgan. Kodji yaqinida genuyaliklarning magʻlub boʻlishi natijasida V. Sharq mamlakatlari va Yevropa oʻrtasidagi savdo aloqalarini oʻz nazoratiga olishgan. 1453-yilda Konstantinopolning qulashi va Buyuk geografik kashfiyotlar natijasida savdo yoʻllarining Atlantika okeaniga koʻchishi munosabati bilan shaharning mavqeyi tushib keta boshlagan.
Vengriya qirolligi – Markaziy Yevropada X asr oxirlarida tashkil topgan davlat. Davlatni arpadlar sulolasi (1301-yilgacha) boshqargan. V.Q. tarixi asosan yirik magnatlarning bir-birlari bilan ayovsiz kurashlarda oʻtgan. Vaqtincha erishilgan tinchlik Anjuy sulolasidan boʻlgan Karl Robert (1308-1342) hukmronligi davriga toʻgʻri keladi. XV asr boshlarida magnat guruhlari oʻrtasidagi kurash qayta boshlangan. Matyash Xunyadi (1458-1490) hukmronligi davrida Vengriya markazlashgan davlatga aylandi.
Verden shartnomasi (843-y) – Buyuk Karl imperiyasining nevaralari tomonidan taqsimlanishi borasida Verden shahrida imzolangan shartnoma. Uni Lotar, Karl Yaltiroqbosh va Lyudovik Nemislar imzolashgan. 843-yildagi shartnomaga muvofiq, Lotar Italiyani va Reyn hamda Rona daryolari oraligʻidagi yerlarni oladi va keyinchalik bu yerlar uning nomi bilan Lotaringiya deb atala boshlangan. Shu bilan birga u imperator titulini ham saqlab qolgan. Lyudovik Nemis Buyuk Karl imperiyasining sharqdagi yerlarini olgan. Karl Yaltiroqbosh Reyn daryosidan gʻarbdagi yerlarga egalik qiladi. Shartnoma natijasida Yevropaning 3 ta yirik davlati Fransiya, Germaniya va Italiyaning shakllanish jarayoni boshlangan.
Vergeld (qad.nem. wyor – odam va cyolt – narx) – erkin odamni oʻldirganlik uchun toʻlanadigan pul tarzidagi kompensatsiya boʻlib, qadimgi german qabilalarida amal qilgan. V. oʻlgan odamning qarindoshlariga qotilning qarindoshlari tomonidan toʻlangan. V.ning miqdori oʻlgan kishining yoshi, jinsi va jamiyatdagi mavqeyiga qarab belgilangan.
Vestgotlar – eng yirik german qabilalaridan biri boʻlgan gotlarning gʻarbiy qismi. 418-yilda Gʻarbiy Rim imperiyasi hududida markazi Tuluza boʻlgan qirolliklarini tashkil qilishgan. Franklar bilan boʻlgan jangda yengilishi natijasida ular oʻz markazlarini Toledo (Ispaniya) shahriga koʻchirishgan. 718-yilda V. qirolligi arablar tomonidan bosib olingan.