Vestgotlar uygʻonishi – Vestgot Ispaniyasining madaniy yuksalishiga nisbatan aytiladi. Bu jarayon VI asr oxirlari va VII asr boshlarida avj olgan. Vestgotlar davrida Ispaniyada Rim madaniyati saqlanib qolgan boʻlib, ta’lim, maktablar va kutubxonalar (mas. Sevilyadagi kutubxona) tashkil qilingan. Madaniy koʻtarilishning boshlanishi oʻrta asrlarning qomusiy olimi Isidor Sevilskiy nomi bilan bogʻliq.
Vestminster – London shahrining bir qismi boʻlib, uning nomi shu nomli abbatlik nomidan olingan. Undagi gotik uslubda qurilgan soborda (1245-yilda qurilgan) qirollarning toj kiydirish marosimi amalga oshirilgan. Shu yerda V. saroyi ham joylashgan.
Vestminster statutlari – Angliyada XIII-XIV asrlarda qonunchilik aktlarining umumiy nomlanishi. U oʻz nomini ingliz qirollarining Vestminster saroyi nomidan olgan. V.S.ning bosh maqsadi – katta yer egalarining manfaatlarini himoya qilish, ularning mavqeyini oshirish va vassallarning qaramligini yanada kuchaytirish boʻlgan. Mashhur statutlar sifatida 1275, 1285, 1290 va 1295-yillarda chiqarilgan qonunlar koʻrsatiladi. 1285-yilda qirol Eduard I tomonidan chiqarilgan statutda mayda yer egalarining manfaati himoya qilingan. 1295-yildagi statutda birinchi marta “dunyoviy sud” tushunchasi ishlatilgan.
Veche (slavyan. yigʻin) – qadimgi va oʻrta asrlar Rus davlatida, shuningdek qator slavyan xalqlarida ilk feudal jamiyatning davlatchilik hokimiyati shakllangunga qadar ijtimoiy, siyosiy, madaniy masalalar va umuman umumtaalluqli masalalar muhokamasi va u boʻyicha tegishli qaror qabul qilish uchun yigʻiladigan xalq yigʻini. V.da barcha erkin oilalarning boshliqlari boʻlgan “mujlar (erlar)” ishtirok etgan.
Videniya – oʻrta asrlar Yevropada lotin tilida yaratilgan va eng ommaviy boʻlgan adabiy janr. Uning asosiy mazmunida ruh yoki jonning doʻzax yoki jannatga tushgandan keyingi holati tasvirlangan. Dante oʻzining “Ilohiy komediya” asarida mazkur janrdagi asarlarni va qarashlarni tanqid ostiga olgan.
Vikinglar (qad.skan. buxta yoki port odami, dengiz harbiysi, qaroqchi) – VIII asr oxirlaridan XI asr oʻrtalarigacha boʻlgan davrda Skandinaviya xalqlarining Gʻarbiy Yevropaga amalga oshirgan harbiy dengiz ekspeditsiyalarida olgan nomlari. Aslida Skandinaviyaning oʻzida harbiy yoki qaroqchilarni shu nom bilan atashgan, lotin tilli manbalarda boʻlsa normannlar sifatida mashhur boʻlgan. Rus yilnomalarida vikinglar varyaglar deb keltiriladi.
Vikont – franklar davlatida karolinglar hukmronligi davrida grafning oʻrinbosari. Keyinroq, dvoryanlik unvoniga aylanib, graf va baron oʻrtasidagi unvon sifatida tushunilgan.
Villa (lot.villa – kulba, turar joy) – Gʻarbiy Yevropa davlatlarida aholi yashash joylarining koʻrinish va nomlaridan biri. Dastlab “Sali haqiqati” da tilga olingan va keyinroq qishloqlarga nisbatan ishlatilgan va ayrim joylarda shaharlarning markazlarini ham shu nom bilan atashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |