Uot Tayler qoʻzgʻaloni – oʻrta asrlar davri Angliyada yuz bergan eng yirik qoʻzgʻalonlardan biri boʻlib, “Yuz yillik urush” davrida dehqonlar ahvolining ogʻirlashuvi va soliqlarning ortib ketishi natijasida yuz bergan. Undan tashqari soliqlarning pul tarzida toʻlash majburiyati va ularning juda balandligi, 1348-1349-yillarda yuz bergan “Qora oʻlat” va undan keyin ishchilarga nisbatan cheklovlarning ortib ketishi asosiy sabablar boʻlgan. Qoʻzgʻalon 1381-yil mayda boshlangan va Angliyaning koʻplab graflik-lariga yoyilib, ularning soni bir necha oʻn ming kishiga yetgan. Unga oddiy tunukasoz usta Uot Tayler boshchilik qilgan. Esseks va Kent grafliklari qoʻzgʻalonchilari Londonga borishadi va qirol Richard II ga oʻz talablarini qoʻyishgan. Mazkur talablar “Mayl End” va “Smit Fild” nomlari bilan tarixga kirgan. Unga koʻra jamiyatda barchaning teng huquqli boʻlishi va qaram dehqonlarning ozod qilinishi talab qilingan. Qiroldan yolgʻon va’da olgan dehqonlarning bir qismi ortga qaytadi va natijada qolgan qismi qirib tashlangan. Garchi qoʻzgʻalon yengilgan boʻlsada, ammo qaram dehqonlarning ozodlikka chiqish jarayonini tezlashtirgan.
Urbariy (qad.germ. urberan – foydani olib kelish) – Germaniya, Avstriya, Chexiya va Vengriyada feodallarning yerga egalik qilish yozuvlari. XII asrlarda vujudga kelgan va XIII asrda keng tarqalgan. Mazkur yozuvlar oʻrta asrlar tarixini oʻrganishda muhim manba vazifasini bajaradi va votchina huquqlarini oʻrganishda yordam beradi.
Utopiya (yunon. u – yoʻq, va topos – joy, ya’ni aslida yoʻq joy) – biror bir muallif nazdidagi ideal ijtimoiy va siyosiy tuzum tasviri. Atama sifatida ingliz gumanisti Tomas Morning “Utopiya” (1516) asari nomidan kelib chiqqan. U mavjud boʻlmagan oroldagi ideal davlatni tasvirlagan.
Uygʻonish (vozrojdeniye, renessans) – mazkur atama ilk bora XVI asrda yashagan italiyalik me’mor, rassom va tarixchi Jorjio Vazari tomonidan ishlatilgan. Oʻrta asrlar davrida uzoq davom etgan madaniy tushkunlikdan keyin boshlangan madaniy koʻtarilishga nisbatan shu atama qoʻllanilgan. U. davrining boshlanishi Italiyada yuz bergan. Uning xronologik ramkasi XIV-XVI asrlarni oʻz ichiga oladi. Tarixiy adabiyotlarda U. davri ilk, yuqori va soʻnggi davrlariga boʻlinadi. Shu bilan birga, Protorenesans (XIII-XIV asrlar) Dante va Jotto davrlari sifatida ham koʻrsatiladi. Undan tashqari, U. davri boshlangan davrdan boshlab har bir Yuz yillik kam hollarda duchento (XIII asr), trechento (XIV asr), kvadrochento (XV asr) va chinkvechento (XVI asr) davrlariga boʻlinadi. U. davrining asosiy koʻrinishlari diniy xarakterda boʻlib, antik davr madaniyatiga koʻproq e’tibor qaratilgan. U. davrining eng yorqin namoyondalari sifatida Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Rafael, Tisian kabilar koʻrsatiladi. Birmuncha keyinroq, U. davri Niderlandiya, Fransiya va Germaniyada kuzatilgan boʻlsa, XV asr oxirlari va XVI asrda U. davrining shimoliy bosqichi yuz bergan. Uning asosiy vakillari sifatida Yan van Eyk, Piter Breygel Katta, Dyurer, Fransua Rable va boshqalarni koʻrsatib oʻtish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |