Sindik (yunon.) – oʻrta asrlarda bir qator Gʻarbiy Yevropa davlatlarida gildiya yoki sex oqsoqollari.
Sinekura (lot. sine cura – begʻam, tashvishsiz) – oʻrta asr davri Yevropada cherkov mansabi boʻlib, ular cherkov daromadlarini qabul qilishgan va biror bir aziyat chekmagan. Mazkur mansab egasi katta daromad olish bilan birga katta mehnat talab qilmasligi uchun ham shu nom berilgan.
Sinklit (yunon. chaqirilgan) – Rim kuriyasi a’zolari orasidan yangi papani saylaydigan kardinallar yigʻilishi, koʻpincha oliy diniy mansabdorlarining yigʻilishi ma’nosida qoʻllaniladi. Qadimgi Yunonistonda yuqori martabali lavozim egalarining yigʻilishi sifatida paydo boʻlgan. Vizantiyada Konstantinopol senati S. deb atalgan. Serbiyada ham Vizantiyadagi mazmunda qoʻllanilgan.
Sinod (yunon. yigʻilish) – protestant cherkovlarida biror-bir cherkovga daxldor ishlar boʻyicha qaror chiqarish uchun toʻplanadigan diniy va dunyoviy shaxslarning yigʻilishi.
Sinon – to X asrgacha Vizantiyada dehqonlar mahsulot, undan keyin pul bilan toʻlagan soliq.
Sinoriya (ital. signoria – hukmronlik, hokimiyat) – XIII asr 2-yarmi va XIV asr oʻrtalarida Shimoliy va Markaziy Italiya shahar-davlatlaridagi siyosiy boshqaruv shakli. Unga koʻra, barcha fuqarolik va harbiy boshqaruv bir kishi – sinora (tiran) qoʻlida boʻlgan. Undan tashqari oʻrta asr Italiya shaharlarida shahar kommunalarining oʻz-oʻzini boshqarish organlari ham S. deb nomlangan.
Sisterianlar – rohiblik ordeni a’zolari, oʻz nomini 1098-yilda tashkil topgan joyi nomi (Cistercium-Sito) dan olgan. S. Benedikt Nurskiyning Nizomiga koʻra ish koʻrgan. Ular asosan vegetarian taomlarini iste’mol qilgan. Monastirlarga bolalarni qabul qilmagan. Monastirlardagi yashash tarzi juda qattiq boʻlgan. Ular qaram dehqonlar kabi yashagan. S.ning koʻpchiligi monastirda qoʻrquvda yashagan. Orden Bernar Klervoskiy ordeni tarkibiga kirgach, tartiblar oʻzgargan, uning faoliyati ommalashgan. 1150-yilga kelib, ularning 350 ta monastiri boʻlgan. 1500-yilga kelib ularda 738 ta erkak va 650 ta ayol yashagan. S. odatda oʻz monastirlarini harbiylardan ozod etilgan yerlarda qurishgan. Bu esa oʻz navbatida ogʻir jismoniy mehnatni talab qilgan. Berilgan tuhfalar hisobiga ordenning yer mulki koʻpayib borgan. Ordendagi rohiblar ikki toifaga boʻlingan: toʻla huquqli birodar va “dunyoviy birodar” (konverzlar). Birinchi toifaning asosiy vazifasi duo oʻqish boʻlgan. Ikkinchi toifaning asosiy vazifasi jismoniy mehnat boʻlgan. “Dunyoviy birodar”larning kelib chiqishi dehqonlarga borib taqalgan. Ular oʻqimishli boʻlmagan. Orden vakillarining mehnati tufayli tez-da eng boy ordenga aylangan. Ordenning boyliklarini keyinchalik S. savdo operatsiyalariga va manufaktura ishlab chiqarishiga jalb qilgan. Orden tarkibida S. federativ huquq asosida muhtor monastirlarda boʻlgan. Dastlabki beshta monastirlar asosiylari hisoblangan. Qolganlari ularning atrofida guruhlarga birlashgan. Abbatlar bu birlashgan guruhga rahbarlik qilgan va unga buysuna-digan monastirlarni nazorat qilgan. Har yili ordenning muhim muammolarini hal qilish va S.ning qarorlarini keng ommaga qabul qildirish uchun barcha abbatlardan asosiy toʻlov – kapitul yigʻilgan. S. faqat feodallar oilasidan uylangan.