Sen Jermen de pre – Sena daryosining chap qirgʻogʻida joylashgan benediktchilarning abbatligi. 543- yoki 558-yilda qirol Xildebert tomonidan tashkil qilingan. Bu abbatlikda joylashgan monastir Fransiyadagi eng boy monastir boʻlib, unga 25 ta qishloq va 2 mingdan ortiq dehqon oilalari tegishli boʻlgan. Abbatlik oʻzining nomlanishini IX asrda yepiskop Jermen ismidan olgan.
Seneshal (lot. siniscalcus – katta xizmatkor) – 1). V-VIII asrlarda franklar davlatida qirol saroyini boshqaruvchi asosiy xizmatkor. VIII asrdan boshlab sud va harbiy vazifalarni ham bajara boshlagan. X asrdan boshlab mazkur mansab avloddan avlodga oʻtadigan boʻlgan va “Buyuk S.” deb nomlangan. Shu tariqa ular yirik senorlarga aylangan. XIII asrdan esa Fransiya janubi va gʻarbida keng tarqalgan mansab boʻlib, ular oʻz S.ligida sud, ma’muriy boshqaruvni amalga oshirgan. Mansab XVIII asrda bekor qilingan; 2) Fransiyaning janubidagi ma’muriy birlik.
Senor (lot. senior – katta) – katta yer egasi yoki senoriya (votchina) egasi. Feodal yer egasi sifatida erkin dehqonlarni boshqargan. Shu bilan birga oʻz hududida joylashgan shaharlar aholisini ham boshqargan. Vassallik yoki xoʻjayinlar guruhining tashkil topishi natijasida qirol, gersog, knyaz va boshqalar bir-biriga boʻysunishi ularni bir-biri uchun S. boʻlishini ta’minlagan. Ular diniy va dunyoviy S.larga ajratilgan.
Senoriya – Fransiyada feodal mulkning jamlanmasi boʻlib, davlat tomonidan berilgan huquqqa koʻra feodallar sud qilish, soliq yigʻish, qoʻshin toʻplash, qonun chiqarish, pul zarb qilish imkoniga ega boʻlishgan. Feodallarning yeri ikki qismga ajratilib, bir qismi oʻziga qaram boʻlgan dehqonlarning yeri va ikkinchi qismi senor ajratib bergan yer. S. tor ma’noda votchinaning bir koʻrinishi boʻlib, “sof S.” sifatida erkin dehqonlarning yer va mulki tushunilgan. Qirol hokimiyatining kuchayishi va mamlakatlarning markazlashishi natijasida S.lar yoʻqolib borgan.
Senorlar iyerarxiyasi – feodal (senor)larning oʻzaro ichki munosabatlariga nisbatan ishlatilgan. Uning boshqa tushunchasi vassallik deb nomlanib, unga koʻra senor va vassal munosabatlari ma’lum bir qat’iy tartibda amal qilgan. X-XI asrlarda Yevropa mamlakatlarini shu tizim birlashishi uchun imkon bermagan. Tartibga koʻra S.I.ning tepasida qirol turgan va unga barcha diniy hamda dunyoviy feodallar itoat etishlari shart boʻlgan. Ammo barcha yirik feodallar amalda mustaqil edilar. Feodallar oʻzlariga tegishli yerlarda tanga pullar zarb qilish, sud qilish, urush e’lon qilish va sulh tuzish, hatto qonunlar chiqarish huquqlariga ega boʻlishgan. Yirik feodallarga mayda knyazlar itoat etishgan. Qiroldan keyingi pagʻonada navbati bilan yirik feodallar, bir qalqonli ritsarlar va shu shaklda oʻziga xos piramidani tashkil qilgan.
Sentonj – Fransiyaning tarixiy viloyatlaridan biri boʻlib, IX asrda Akvitaniya gersogligi tarkibidagi graflik sifatida tashkil qilingan. 1154-yildan Angliya hukmronligi ostida boʻlgan va XIII asr boshlaridan Fransiya graflikni egallash uchun kurashga kirishgan. 1371-yilda toʻliq Fransiya tarkibiga kirgan va 1375-yildan qirol domeniga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |