Klarendon qarorlari – Angliya qiroli Genrix II Plantagenet tomonidan 1164-yilda qabul qilingan 16 moddadan iborat Klerendon konstitutsiyasi. Uning asosiy mazmuni qirol hokimiyati foydasiga katolik cherkovi vakolatlarini cheklashdan iborat boʻlgan (cherkov sudlarining kompetensiyasini cheklash va ularni qirol hokimiyatiga boʻysindirish; qirolning ruxsatisiz yepiskoplarga Angliyadan tashqariga chiqmaslik; dunyoviy sud tomonidan diniy shaxslarning sud qilinishi; papaga appellyatsiya qilmaslik kabilar). K.Q. Angliyaning bosh arxiyepiskopi Tomas Beket tomonidan tanqid qilindi. Rim papasi Aleksandr III ham ushbu qarorlarni tan olishdan voz kechdi. Natijada Beket Angliyadan qochishga majbur boʻldi, shundan keyin 1164-yil oxirida qarorlar rasman qabul qilindi. 1170-yilda Beket qirol harbiylari tomonidan oʻldirildi. Natijada Genrix II cherkovdan badargʻa qilinish xavfida qoldi. Shuning uchun u vaqtinchalik K.Q.ni bekor qildi. 1176-yilda yangi tahrirdagi K.Q.ni qabul qildi. Unda cherkov sudlari kompetensiyasini cheklash bekor qilindi.
Klermon sobori – Fransiyaning markaziy qismidagi Klermon shahrida Rim papasi Urban II tomonidan 1095-yil 18-noyabrda cherkovning ma’muriy va siyosiy masalalari muhokamasi uchun chaqirilgan katolik cherkovi yigʻini. Unda ruhoniylar vakillari, fransuz ritsarlari va mansabdorlari ishtirok etgan. K.S. yakunlangach 27-noyabr kuni Urban II “gʻayridinlar” qoʻlidan “xudo qabrini” qutqarish uchun salib yurishini uyushtirishga chaqirdi. Shu boisdan ham katolik cherkovi soborlari tarixida K.S. juda mashhur hisoblanadi.
Klir (yunon.kleros – qism, egalik, meros, chek) – barcha cherkov xizmatchilarini umumiy tarzda anglatuvchi atama. Tor ma’noda bir cherkov prixodidagi ruhoniylar va cherkov xizmatchilarini anglatadi.
Kluatr– galereya bilan oʻrab olingan monastir saroyi.
Klyuniychilik – markazi Burgundiyadagi Klyuniy abbatligi boʻlgan rohiblik hayoti va cherkovni isloh qilish harakati. Ushbu harakatning rohiblik hayotidagi asosiy talabi bu – Benedikt Nursiyskiy nizomiga; liturgiyani uzoq va tantanavor amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish; ibodat tartiblariga qattiq rioya qilish boʻlgan. Harakat yetakchilari simoniyani muhokama qilgan, ruhoniylarning selibatga qattiq rioya qilishini talab qilishgan, amalda monastirlarni dunyoviy senorlar va yepiskoplardan ozod qilishga erishgan. Ushbu harakat jarayonida monastirlarning klyuniy kongregatsiyasi amalga oshirildi. U Klyuni abbati boshchiligida juda qattiq markazlashtirildi. Isloh qilingan monastirlar aynan unga boʻysunish haqida qasamyod qilishgan, barcha monastirlar kongregatsiyasining abbati hisoblangan. Kunlik ishlar bilan shugʻullanish uchun Klyuni abbatining oʻzi shaxsan monastirlarga vakillarni tayinlagan. Agar X asr boshlarida 30 ga yaqin klyuniy monastirlari boʻlsa, XII asrning 1-yarmida ularning soni mingdan oshib ketdi. Amalda monarxik boshqaruv asosida qattiq markazlashtirilgan, dunyoviy va mahalliy diniy hokimiyatga boʻysinmagan klyuni kongregatsiyasi papalikning qoʻlida uning cherkov ustidan hokimiyatini mustahkamlash va dunyoviy hokimiyatdan mustaqil boʻlish uchun kurashida muhim qurolga aylandi.
Kmetlar – bir qator slavyan xalqlarida turli mazmunda qoʻllaniluvchi atama. M: Bolgariya va Serbiyada – qishloq oqsoqollari, Bosniya va Chexiyada – ba’zan mansabni, ba’zan dehqonlarning alohida qatlamini anglatish uchun qoʻllanilgan, Polsha va Xorvatiyada – qaram dehqonlar toifasidan biri.