Oqsillar almashinuvi. Oqsillar tanadan organik moddalar ichida eng ko’pidir, ular hujayra quruq massasining 60 %-ni tashkil qiladi. Moddalar almashinuvi bilan bog’liq hayotiy jarayonlar (nafas olish, ovqat hazm bo’lishi, ajratish) fermentlar ishtirokida o’tadi. Fermentlar esa oqsillardan tashkil topgan. Yana tanadagi har qanday harakat ham qisqaruvchi oqsillar - aktin va miozinlarning o’zaro munosabatlari tufayli ro’y beradi.
Ovqat bilan tanaga kiradigan oqsillar ikki maqsad uchun ishlatiladi, ya'ni plastik material va energetik manba' (1 g oqsil parchalansa 4,1 kkal energiya ajraladi).
To’qimalardagi oqsillar doimiy bo’lmasdan, doimiy ravishda parchalanib, yangidan hosil bo’lib turadi. Bu jarayon har xil to’qimalarda turlicha tezlikda bo’ladi. Eng tez yangilanish bu borada jigar, ichak shilliq qavati va qon plazmasida kuzatiladi. Miya, yurak, jinsiy bezlardagi oqsillar bir muncha sekin muskul, teri, pay, tog’ay va suyaklardagi oqsillar esa ancha-muncha sekin yangilanadi.
Ovqat bilan qabul qilinadigan oqsillar tarkibida uchraydigan 20 xil aminokislotaning 12 tasi tanada sintez qilinadi (almashtirib bo’ladigan aminokislotalar), 8-tasi esa kalamushlar uchun sintez qilinmaydi, leytsin, izoleytsin, valin, metionin, lizin, treonin, fenilalanin, triptofan (almashtirib bo’lmaydigan aminokislotalar). Shunga ko’ra barcha almashtirib bo’lmaydigan aminokislotalarni o’z ichiga oladigan oqsillar biologik to’la qiymatli oqsillar (go’sht, tuxum, baliq, sut, ikra oqsillari) qolganlari esa biologik to’la qiymatsiz oqsillar o’simlik mahsulotlari deyiladi. To’la qiymatli oqsillar tanadagi o’sish va rivojlanishni, hujayra va to’qimalar yangilanishini ta'minlab turadi. Shu sababli kundalik iste'mol qilinadigan umumiy oqsillarning kamida 30 % to’la qiymatli oqsillar, hayvon oqsillari tashkil qilishi kerak.
Azot balansi - organizmga ovqat bilan kirgan va tanadan chiqarilib yuboriladigan azot nisbati. Azot tanaga asosan oqsillar bilan kiradi, shuning uchun ovqat bilan kiradigan va qoldiq moddalar (axlat, siydik, ter suyuqligi) bilan chiqariladigan azot hisoblanib, tanada oqsil almashinuvi haqida xulosa qilish mumkin. Ma'lumki, oqsil tarkibining 16 % azot, ya'ni 16,25 g. oqsilda 1 g. azot bor. Shunga ko’ra, tanadan ajralib chiqqan azotni o’lchab qancha oqsil parchalanganligini aniqlash mumkin. Buning uchun siydik bilan ajratilgan azot hisoblansa kifoya, chunki ter suyukligi (ko’p ajralmaganidan) va axlatdagi azotni juda kamligi tufayli hisoblamasa ham bo’ladi. Qancha ko’p oqsil iste'mol qilinsa yoki tanada oqsil ko’p parchalansa azotning siydik bilan ajralishi ham shuncha ko’payadi. Odatda ovqat bilan qabul qilingan va chiqarilgan azot miqdori bir-biriga teng bo’ladi (soglom, o’sishdan to’xtaganlarda), uni azot muvozanati deyiladi. O’suvchi, homilador, kasaldan yaxshi bo’lgan odamlar va sportchilarda musbat azot balansi (ya'ni kirgani ko’p), keksa, kasal odamlarda manfiy azot balansi (chiqqani ko’p) kuzatiladi.
Umuman oqsil iste'mol qilinmasdan boshqa ovqat kompanentlari (karbonsuvlar, yoglar, vitaminlar, ma'danli moddalar) qabul qilib turilganida ham eng minimal miqdorda oqsil parchalanishi kuzatiladi (asosiy hayotiy jarayonlar uchun). Bu ko’rsatgich odam tinch turganida har bir kg tana massasiga 0,028-0,075 g to’g’ri keladi, uni yeyilish koeffitsenti deyiladi (Rubner). Ovqatda oqsil kamligi yoki bo’lmasligi og’ir holatlarga (belkovoe golodanie) - oqsil ochligiga olib keladi.
Oqsillar almashinuviga gipofizdan ajraladigan samototrop gormoni (oqsil sintezini tezlashtiradi, hujayra ichida bo’ladigan katepsin-proteolitik fermentlar sintezini kamaytiradi), qalqon bezidan ajraladigan tiroksin, triyodtironin (oqsillar sintezini faollaydi, to’qimalar taraqqiyotini tezlashtiradi), buyrak usti bezidan ajraladigan gidrokartizon, kortikosteron glyukokortikoid (to’qimalarda oqsil parchalanishini kuchaytiradi, jigar to’qimalarida oqsil sintezini kuchaytiradi) garmonlari faol ta'sir qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |