Karbonsuvlar almashinuvi. Karbonsuvlar organizm uchun asosiy engergiya manbai bo’lib hisoblanadi (1 g glyukoza parchalanganida 4,1 kkal energiya ajraladi). Glyukozaning darhol oksidlanishi va depolardan tez chiqishi bu borada ancha qo’l keladi, masalan kuchli jismoniy yuklama bajarish uchun yoki ruhiy kechinmalarda ko’p miqdordagi energiya juda tez talab qilinadi.
Qonda me'yoriy glyukoza miqdori 80-120 mg% (4,4-6,7 m mol/l). Bu ko’rsatgichning kamayishiga (gipoglekemiya) MNS juda sezgir, shuning uchun kuchsiz gipoglekemiya tez charchash va umumiy kuchsizlik keltirib chiqaradi. Agar glyukoza miqdori qonda 50-40 mg %-ga tushsa tomir tortishish, talvasaga tushib hushdan ketish, ko’p terlash holatlari paydo bo’ladi. Shu payti qonga glyukoza yuborilsa yoki qand iste'mol qilinsa ancha foydali.
Ichaklardan qonga so’rilgan glyukoza jigarga borib glyukogenga aylanadi. Glikogen bu zahira karbonsuv, katta odamlarda uning umumiy miqdori 150-200 g.ga yetadi. Glyukozadan glikogen hosil bo’lishi ancha-muncha tez bo’ladi. Shuning uchun qonga asta-sekin glyukoza yuborilsa uning qondagi miqdori birdaniga oshib ketmaydi. Agar hazm yo’llarida tez parchalanadigan karbonsuvlar, shakar ko’p bo’lsa qonda glyukoza miqdori oshib ketadi (giperglikemiya) u ovqat giperglikemiyasi deyiladi. Bu holat siydik bilan glyukozaning ajralishiga (glyukozuriya) olib keladi (agar glyukoza miqdori 160-180 mg% bo’lsa ). Agar ovqat bilan karbonsuvlar umuman iste'mol qilinmasa oqsil va yog’larning parchalanishidan glyukoza hosil bo’ladi (glyukoneogenez). Jismoniy mehnat qilish tufayli qondagi glyukozaning sarflana borishi jigardan glyukogenning glyukozaga aylanib qonga chiqishiga olib keladi. Glyukogen sklet muskullarida ham bo’ladi (1-2 %), kuchli jismoniy ish payti u fosforilaza fermenti ta'sirida glyukozaga aylanadi. Har xil a'zolar qon bilan oqib kelgan glyukozadan turlicha miqdorda ushlab qoladi (miya-12 %, ichaklar-9 %, muskullar-7 %, buyraklar-5 %). Glyukozaning tanada parchalanishi kislorod ishtirokida (oksidlanish) N2O va SO2 gacha va kislorodsiz holda (glikoliz) sut kislotasi hosil bo’lishigacha boradi.
Qonda glyukoza miqdorini qayd qiladigan maxsus retseptorlar (glyukoretseptorlar) qon tomirlari va jigarda ko’p bo’ladi. Yana gipotalamusning ventramedial qismida ham bunday retseptorlar va markazlar bo’lib ular qonda glyukoza miqdorini bir xil saqlashda ishtirok qiladi.
Karbonsuvlar almashinuviga kuchli ta'sir qiladigan gormon bu insulin, u qonga qo’shimcha yuborilsa glyukoza kamayadi. Agar bu gormon me'yoridan kam ishlab chiqarilsa qonda glyukoza ko’payib shakarli diabet kasalligi paydo bo’ladi. Faqat insulin qondagi glyukozani kamaytirish xususiyatiga ega. Boshqa glyukogen, adrenalin, glyukokortikoidlar, somototrop gormonlar, tiroksin, triyoditirozinlar qonda glyukoza miqdorini ko’paytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |