Sutemizuvchilarning qo‘l-oyoq skeletining tuzilishi barcha quruqlikda yashovchi umurtqalilarnikiga juda o‘xshash, lekin, ayrim vakillarida tashqi ko‘rinishi har xil. Bu ularning turli sharoitga moslashganidandir. Masalan, ko‘rsichqonlarda qazuvchi (kovlovchi), otlarda yuguruvchi, ko‘rshapalakda uchuvchi, maymunlarda chirmashuvchi va nihoyat odamda mehnat qilish a’zosi vazifasini o‘taydi. Tog‘ay va suyak to‘qimasi mezenximadan rivojlanadi. Suyak to‘qimasi mezenximadan ikki usulda: to‘g‘ridan-to‘g‘ri mezinximadan yoki mezenximadan hosil bo‘lgan tog‘ay skeleti o‘rnida hosil bo‘lishi mumkin. Embrion taraqqiyotining ikkinchi oyida bo‘lg‘usi suyak o‘rnidamezenximadan tog‘ay modeli hosil bo‘ladi. Tog‘ay o‘rnida suyak hosil bo‘lish jarayoni ma’lum bosqichlarda amalga oshadi. Naysimon suyaklarning uzunasiga o‘sishi embrional taraqqiyot davrida boshlanib 17–23 yoshgacha davom etadi. Umurtqalar rivojlanishi ketma-ket keladigan uchta bosqichda amalga oshadi. Birinchi – parda davrida umurtqalar sklerotomdan paydo bo‘ladi; tuban xordalilarda umurtqalarning parda holati (xorda) umr bo‘yi saqlanib qoladi. Ikkinchi – tog‘ay bosqichi hisoblanadi. Uchinchi – suyaklanish davri bo‘lib, uch-to‘rt oylik embrion umurtqasining tarkibida uchala bosqichni ham kuzatish mumkin. Umurtqa ravoqlarining o‘ng bo‘lagi bilan chap bo‘lagi o‘zaro 2 yoshdan boshlab oldin beshinchi bo‘yin umurtqasi bilan uchinchi bel umurtqalari oralig‘ida vujudga keladi. Qolgan umurtqalarning rivojlanishi bola yetti yoshga kirgunga qadar rivojlanib o‘zaro birlashadi. Ba’zida umurtqa pog‘onasining kanali 15–18 yoshgacha ham berkilmasligi mumkin. Umurtqa pog‘onasining shakllanishi davomida xorda asta-sekin yo‘qola borib umurtqa oraliq tog‘ay qoldig‘i sifatida saqlanib qoladi. Bosh skeletining shakllanishi taraqqiyotning ikkinchi oyidan boshlanadi, uch oylik embrionda kalla yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Lekin suyaklanish davri 18–25 yoshlarda tugaydi. Yangi tug‘ilgan bola boshining miya bo‘limi yuz bo‘limiga nisbatan kattaroq bo‘ladi. Lekin rivojlanish davrida bu nisbatlar o‘zgara boradi. Chaqaloqda boshning miya qismi 65 % ni, yuz qismi 35 % ni tashkil etsa, 2 yoshida 1 : 6,10 yoshda 1 : 3 va nihoyat, kattalarda 1 : 2 qismini tashkil etadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq boshida uchta liqildoq (peshona, ensa, yon)lar bo‘ladi. Peshona liqildog‘i bola ikki yoshga to‘lganda yopiladi, ensa va yon liqildoqlar esa bola ikki-uch oylik bo‘lganda berkilib ketadi. Yangi tug‘ilgan bola miya qutisining hajmi 350–375 sm3 bo‘lsa, olti oyligida ikki barobar (750 sm3) kattalashadi. Ikki yoshli bolada 1050–1125 sm3, katta yoshli bolalarda esa 1350–1400 sm3 gacha kattalashadi. Qo‘l-oyoq skeletining rivojlanishi ko‘pchilik tana suyaklari singari uchta (parda, tog‘ay va suyak) davrni o‘taydi. Homiladorlikning uch-to‘rt haftalik davrida embrion gavdasining ko‘krak va chanoq bo‘limlari ikki yonboshida mezenximadan qo‘l-oyoq do‘mboqchalari paydo bo‘ladi. Mazkur do‘mboqchalar sirtdan ektoderma qavat bilan qoplangan bo‘ladi. Embrion to‘rt haftalik bo‘lganda mezenximadan gialin tog‘ay hosil bo‘la boshlaydi. Keyinchalik qo‘l-oyoq skeleti kurtaklaridan yelka, tos kamarlari va qo‘l-oyoqlarining erkin turganqismlari hosil bo‘ladi. Tana skeleti rivojlanishda quyidagi anomaliyalar uchraydi: Ba’zi hollarda birinchi bo‘yin umurtqasi kalla suyagiga qo‘shilib atlant assimilatsiyasi vujudga keladi.
Ayrim shaxslarda beshinchi bel umurtqasi birinchi dumg‘aza umurtqasi bilan qo‘shilib sakralizatsiya hosil qiladi.
Umurtqalilarning rivojlanishi davrida umurtqa ravoqlari qo‘shilmasdan qolishi mumkin. Ko‘pincha bu anomaliya umurtqa pog‘onasining bel va dumg‘aza qismida uchraydi. 4. Odatda qovurg‘alar o‘n ikki juft bo‘ladi. Ba’zida yettinchi bo‘yin yoki birinchi bel umurtqasiga birikkan qovurg‘alar bola tug‘ilgunga qadar saqlanib qolishi mumkin. Monodaktiliya – kaft yoki tovonda faqat bitta barmoq bo‘lishi.