HAZM SISTEMASINING ONTOFILOGENEZI
Umurtqasiz hayvonlar hazm sistemasi. Dastlabki hazm sistemasi kovak ichaklilarda shakllanadi. U entodermadan rivojlanib faqat og‘iz teshigi orqali tashqi muhit bilan munosabatda bo‘ladi. Gidralarning tanasi silindirga o‘xshash bo‘lib, markaziy qismida bo‘shliq – kovak ichak joylashgan. Mazkur kovak ichak tananing yuqori qismida torayib,tana og‘zini hosil qiladi. Tana og‘zi bir necha qamragichlar bilan qoplangan bo‘lib, bular oziq moddalarni qamrab olishga xizmat qiladi.
Yassi chuvalchanglarda ham hazm nayi boshi berk tugaydi. Qoramol solityori asosan odamlarning ingichka ichagida parazitlik qilib hayot kechiruvchi lentasimon chuvalchangdir. Ho‘kiz solityorining tana devori teri muskul xaltasidan iborat bo‘lib, ko‘p qavatli kutikula, epiteliy, aylanasiga va uzunasiga yo‘nalgan muskullar qatlami bo‘ladi. Ho‘kiz solityori odamning ingichka ichagida endosmotik usul bilan, ya’ni ichakdagi ozuqalarni butun tanasi bilan shimib ovqatlanadi. Ularning hazm qilish jarayonlari a’zolari bo‘shlig‘ida va hujayralari ichida kuzatiladi.
Yumaloq chuvalchanglarda orqa ichak paydo bo‘lib, anal teshigi bilan tugaydi. Buning natijasida ozuqa bir tomonga harakat qilib, hazm jarayoni yanada yaxshilanadi. Yumaloq chuvalchanglarning hazm nayida muskul tolalari paydo bo‘lib, peristaltika kuzatiladi. Odam askaridasining hazm sistemasi tananing old qismida joylashgan og‘iz bo‘shlig‘i va uzun ichak nayi hamda orqa chiqaruv teshigidan iborat. Askaridaning og‘iz atrofidagi sezgich bo‘rtmalariga boy ikki ventral va dorzal lablar tafovut qilinadi. Og‘iz bo‘shlig‘i naysimon qizilo‘ngachgacha davom etadi. Og‘iz bo‘shlig‘i va qizilo‘ngach askaridaning oldingi ichagi deb ham yuritiladi. Qizilo‘ngach, ichakkacha davom etadi. O‘rtacha ichak bazal membranada yotuvchi bir qavatli silindrik epiteliy bilan qoplangan. O‘rta ichak kalta va naysimon to‘g‘ri ichakkacha davom etadi. Urg‘ochi askaridalarda to‘g‘ri ichak tananing orqa uchida, qorin yuzasidan anal teshik bilan tashqariga ochiladi. Erkak askaridalarda esa jinsiy teshik va orqa chiqaruv teshigi umumiy kloaka holida tashqariga ochiladi.
Yomg‘ir chuvalchangi halqali chuvalchanglar tipining erkin yashovchi vakili hisoblanadi. Yomg‘ir chuvalchangi tanasida oldingi bosh qism, xususiy tana, orqa soha, qorin hamda orqa yuzalar tafovut qilinadi. Bosh tomonidan ikkinchi segmentda og‘iz bo‘shlig‘i joylashgan. Og‘iz bo‘shlig‘ining davomi yutqin va qizilo‘ngachga aylanadi. Qizilo‘ngach bo‘ylab uch juft maxsus ohak bezlari joylashgan, bu bezlarning mahsuli tuproq tarkibidagi gumus kislotalarni ichakda neytrallab berishga xizmat qiladi. Qizilo‘ngachning davomi kengayib, piyozcha shaklidagi buqoq hosil qiladi. Buqoq, o‘z navbatida muskulli oshqozonga aylanadi. Oshqozonning davomi o‘rta ichak hisoblanib, asl tananing asosiy qismini tashkil etadi, ichakning bu qismida tayyor ovqatlar shimiladi. O‘rta ichakning orqa yuzasi burma shaklida botiqlik hosil qiladi, bu botiqlik tiflozolis deyiladi. Bu botiqlik hisobiga o‘rta ichakning shimuvchi yuzasi ortadi. O‘rta ichak o‘z navbatida orqa ichakka aylanib, anus bilan tamom bo‘ladi.
Bo‘g‘imoyoqlilarda hazm sistemasi yanada mukammalashib oziq maydalovchi jag‘lar, hazm bezlari paydo bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |