2. Arabiston yarim orolida yahudiylik, xristianlik, zardushtiylik dinlarining tarqalishi
a) YAhudiylik
Islomdan oldin Arabistonning ko‘p joylarida yahud jamoalari mavjud bo‘lgani haqida ma’lumotlar ko‘p. YAhudiylar bilan birga Arabistonga yahudiy dini ham kirib keldi.
Albatta, geografik jihatdan Falastin bilan uzviy bog‘liq bo‘lgani uchun miloddan avval II ming yillikning o‘rtalaridayoq, ya’ni Falastinga kirib kelish bilan bir paytda shimoliy Arabistonda ham ba’zi yahudiy jamoalari paydo bo‘lganligi tabiiy hol. Ammo bu fikrni tasdiqlovchi hech qanday tarixiy hujjat yo‘q. Hozirga qadar topilgan eng qadimiy hujjat - YAngi Bobil podshosi Nabonidga (mil. avv. 555-539) tegishli xronikadir. Unda aytilishicha, mil. avv. 552-542 yillar shimoliy Arabistondagi Tayma shahrini o‘ziga vaqtincha poytaxt qilib olgan Nabonid bu erdagi shaharlarni o‘zlashtirish maqsadida Bobildan talaygina aholini ko‘chirgan; ular orasida ko‘pchilikni yahudlar tashkil qilgan. Ma’lumki, bundan oldinroq (miloddan avvalgi 586 y.) Navuxodonosor II Ierusalimni zabt qilganida salkam 30 ming yahudiyni asir qilib, Bobilga keltirgandi va "Bobil asirligi" 50 yil davom etgandi. SHundan so‘ng ham ba’zi yahudlar Falastinga qaytmay, Bobilda qolib ketgandilar.
Mutaxassislarning yakdil fikricha, Arabistonga yahudiy immigratsiyasining eng avj olgan payti - eramizning I-II asrlari bo‘lib, bu birinchi navbatda Falastinning Rim imperiyasi tarkibiga kiritilgani bilan bog‘liq edi. Islom vujudga kelgan paytda shimoliy Arabistondagi ko‘zga ko‘ringan savdo shaharlari - YAsrib, Xaybar, Dedan, Tayma, Fadak, Dumat al-Jandal, Tabuk, Eylat, Vodi al-Qura aholisining katta qismini yahudiy jamoalari tashkil qilardi. Savdo ishlari bilan yahudlar Arabistonning boshqa qismlari - sharqiy va janubiy tomonlariga ham borib, o‘rnashib qolgandilar. Islom g‘alaba qilgan paytda sharqiy Arabistondagi yahudiy jamoalari jizya (jon solig‘i) to‘lash evaziga o‘z dinlarida qolganliklari ma’lum.
Qadimda janubiy Arabiston ham yahudiy dini keng tarqalgan joylardan hisoblanardi. Ma’lumki, mashhur karvon yo‘li orqali Main va Sabo savdogarlari G‘azza shahrigacha borardilar. Isroil - YAhudiya podshosi Sulaymon (miloddan avvalgi X asr) va Sabo malikasi haqidagi Tavrot va Qur’onda zikr qilingan qissa yahudlar va yamanlilar o‘rtasida juda qadim zamonlardan beri aloqalar mavjud bo‘lganiga ishoradir. Miloddan avv. 24-yili rimlilarning janubiy Arabistonga uyushtirgan harbiy hamlasida YAhudiya podshosi Irodning shaxsiy gvardiyasidan 500 kishi qatnashgani ham ma’lum. Ammo hamla muvaffaqiyatsizlikka uchragach, yahudlar vataniga qaytdilarmi yoki YAmanda qolib ketdilarmi, ma’lum emas. Qanday bo‘lganda ham bu fakt yana bir narsadan dalolat berayapti: yahudlarning Arabistonga kirib kelishi faqat rimlilarning ta’qibi tufayli bo‘lmay, ba’zida yahudlarning o‘z ixtiyori bilan ham yuz berganga o‘xshaydi.
Yirik yahudiy ruhoniysi Rabbay Aqiba eramizning 130 yili Kush mamlakatiga ziyorat qilgani, uning podshosi va malika bilan suhbat qilgani haqida yozadi. Odatda Kush deganda Habashiston ko‘zda tutiladi; ammo ba’zilar bu nom bilan janubiy Arabistonning g‘arbiy qirg‘og‘ini ham qo‘shib ataydilar.
Janubiy Arabistonda hukm surgan Himyar davlatida (miloddan avv 115 - mil. 525) yahud jamoalari mavjud bo‘lganligiga ishoralar ko‘p. Vizantiya imperatori Konstantin (340-361) tomonidan xristian dinini himyarlar orasida tarqatish uchun yuborilgan ruhoniy Teofiliyning faoliyatiga ana shu yahudiy jamoalari qarshi chiqqanlar. 425 yili YAmanga ziyorat qilgan xristian tarixchisi Filostorgiy Sabo ahli shanba kunlari Ibrohim sunnatiga amal qilish bilan birga Oy, Quyosh va boshqa samoviy jismlarga ham ibodat qilganlar, deydi.
Tarixiy adabiyotda habashlar bosib olmasdan oldin (525 y.) YAman yahudiy dini hukmron bo‘lgan mamlakat, degan fikrlar bor. Bu o‘rinda axboriylarning tubbu As’ad Abu Karib go‘yo Eronda urush qilib qaytayotganida YAsrib (Madina) shahrida to‘xtaganu, u erda ikki yahudiy ruhoniysining ta’sirida yahudiy diniga kirgani va shundan so‘ng u Himyar davlatining rasmiy diniga aylantirilgani haqidagi ma’lumoti eng asosiy manba sifatida ishlatiladi. Ammo bu fakt na janubiy arab tilidagi va na qadimgi yahud tilidagi bironta yozuv bilan tasdiqlanmagach, axboriylarga ishonib bo‘lmaydi.
Ba’zilar Marib to‘g‘oni devoriga SHurahbil YAfur b. Abu Karib As’ad yozdirgan matndagi "Ba’al Saman va Ardan", ya’ni Osmon va Er egasi" so‘zlari yakka xudolikka daxldor va mazkur podsho esa yahudiy dinida bo‘lgan deb ham ta’kidlaydilar. To‘g‘ri, «ba’al» so‘zi ilk yahudiy dinida (mil.avv. XII-VI asrlar) mavjud edi, ammo milodiy IV-V asrlarda yahudiy dinidagi shaxs uni ishlatishi mumkin emas edi: chunki u vasaniylik (ko‘p xudolilik)ka xos mustalah (termin). Nihoyat, go‘yo yahudiy dinida bo‘lgan oxirgi Himyar podshosi Zu Navosning (517-525) ko‘pchilik aholisi xristian dinida bo‘lgan Najron shahriga qirg‘inbarot keltirgani haqidagi ma’lumot ham mavjud. SHuni aytish kerakki, Najron voqeasi sodir bo‘lishi uchun Zu Navos yahudiy dinida bo‘lishi shart emas edi. Tarixiy adabiyotda ko‘pincha bu voqeaga yahudiy-xristian nizosi sifatida diniy tus berilsada, aslida bu siyosiy ahamiyatga molik, ya’ni Vizantiya va xristian Habashistonining YAmanga kun sayin kuchayib borayotgan tazyiqiga qarshi ko‘rilgan chora edi. Himyar podsholigida yashab turgan yahudiy savdogarlari Zu Navosni bu ishga undagan bo‘lishi mumkin. Beyt Arshamli Semionning Halab yaqinidagi Jobula cherkovi boshlig‘iga 524 yil 20 yanvarda yozgan xatida Tabariya (Falastin) yahudlari Himyar davlatiga xristianlar orasida buzg‘unchilik qilish uchun vaqti-vaqti bilan kohinlar yuborayotgani aniq aytilgan. Semion shu xatida yirik xristian ruhoniylarini, jumladan Iskandariya (Misr) arxiepiskopini Himyar podshosi va a’yonlariga murojaat qilib, Tabariya va Falastinning boshqa shaharlaridan kelgan yahudiy ruhoniylarini zindonga tashlatishga da’vat qiladi. "Himyar shahidlari haqidagi xabarlar" kitobida ham Tabariyadan kelgan yahudiy arboblar YAman yahudlarnikida yashagani qayd qilingan.
YAman habashlar tomonidan bosib olinganidan keyin ham u erda yahudiy dini saqlanib qoldi. Hatto islom g‘alabasidan so‘ng shimoliy Arabistondagi yahudlar quvg‘in ostiga olingan bir paytda janubiy Arabistonda yahudlar daxlsiz bo‘ldilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |