Tayanch so‘z va iboralar: “Johiliya”, “Tarix al-Adyan”, “Tarix al-islam”, “Tarix al-Adyan”, M.A.Diroz, Ahmad Shalabiy, Muhammad Abu Zahra, Mustafo Helьmiy
1.Masala: Islom tarixini o‘rganishning muammolari. Qiyosiy dinshunoslik – islom tarixini o‘rganishda muhim omil. Ilk islom tarixi bo‘yicha ushbu ma’ruzalar to‘plami o‘quv qo‘llanmasi bo‘lib, “Islom tarixi” darsligining bir qismini tashkil qiladi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’atining yangi avlod adabiyotlarini yaratishga oid qaroriga muvofiq tayyorlandi.
“Islom tarixi” fanining maqsadi islom dini paydo bo‘lishi, uning g‘oyaviy asoslari, tadrijiy taraqqiyot bosqichlari, olamshumul tarixiy ahamiyati bilan bog‘liq muammolarni keng yoritish hamda an’anaviy islom tarqalgan o‘lka sifatida O‘zbekistonning bu jarayonda tutgan o‘rni va rolini ko‘rsatishdir. Talabalarda islom dini haqida bashariyat taraqqiyotining muayyan tarixiy bosqichida vujudga kelgan va hozir ham faoliyat ko‘rsatib kelayotgan g‘oyaviy tizim sifatida ilmiy tasavvur hosil qilish, islom ta’limotining shakllanishi va mohiyati, uning Sharq xalqlari ijtimoiy, siyosiy, madaniy va shaxsiy hayotidagi roli haqida ma’lumotlar berish o‘quv qo‘llanmaning asosiy vazifasi deb belgilangan. Shuningdek, u tarixiy shaxslar, ular bilan bog‘liq voqealar bilan tanishtirish orqali talabalarda ruhiy kamolotga eltuvchi g‘oyaviy axloqiy mavqelarning shakllanishiga xizmat qiladi.
Qo‘llanma oxirgi paytlarda amalga oshirilgan fundamental tadqiqotlarni hisobga olgan holda tayyorlandi: unda imkon darajasida Vatanimizda va Jahon tarix fanida erishilgan natijalar o‘z ifodasini topgan.
Ushbu ma’ruzalar tufayli talaba quyidagi bilimlarni oladi:
Islom dini paydo bo‘lishining xususiyatlari haqida;
Islom tarixi muammolarini hal qilish haqida;
Islom tarixining davrlari haqida;
Islom va umumiy tarix haqida;
Jahon siyosatida “islom omili” haqida va hokazo.
Qo‘llanma mazmuni O‘zbekiston milliy mustaqilligi g‘oyalari bilan hamohangdir. U davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq tuzildi.
Mazkur fanni o‘rganish o‘qitishning an’anaviy va ilg‘or uslublarini, jumladan, ekspress so‘rovlar, test so‘rovlari, dasturiy o‘qitish, davra suxbatlarini o‘tkazish, kollokviumlar, muammoli o‘qitish, texnik vositalarni qo‘llash va boshqa usullardan foydalanish orqali amalga oshiriladi.
Islom tarixini bayon etishda uning “Johiliya” asridan boshlab to hozirgi kungacha tadrijiy taraqqiyot bosqichlarini ochib berishga harakat qilinadi. Qo‘llanmani tayyorlashda Davlat ta’lim standartlari talablari va oxirgi yillardagi nazariy va uslubiy mezonlar inobatga olindi.
«Islom tarixi» bo‘yicha hanuzgacha jahon fanida o‘z echimini topmagan muammolar mavjud. Ushbu darslikni yaratishda qiyosiy dinshunoslik nuqtai – nazaridan yondashishga harakat qilindi. Qiyosiy dinshunoslik fani ikki yo‘nalish yoki ko‘rinishga ega: G‘arb (Ovrupo) va Sharq (arab-musulmon) qiyosiy dinshunosligi. G‘arb qiyosiy dinshunosligining asosiy qoidasiga ko‘ra, dinlar, diniy tafakkur ijtimoiy ongning tarkibiy qismi sifatida evolyusion, ya’ni tadrijiy taraqqiyotdadir. Shunga muvofiq har bir dinning tarixi bor, uni tarixiy-tahliliy usulda o‘rganish mumkin.
Sharq qiyosiy dinshunosligidagi yondashuv biroz boshqacha. Misol tariqasida Qohira universitetining professori Muhammad Xalifa Hasanning 2000 yili chop etilgan “Tarix al-Adyan” (Dinlar tarixi) kitobiga murojaat qiladigan bo‘lsak, unda islomgacha bo‘lgan barcha dinlarning tarixi xolis, ilmiy – tahliliy uslubda berilgan. Har bir dinning tahlili “Paydo bo‘lishi va rivojlanishi” (“nash’at va tatavvur”), deb nomlangan bo‘lim bilan boshlanadi. Ammo kitobning oxirgi, to‘rtinchi, islomga bag‘ishlangan qismida bunday bo‘lim yo‘q. Islomga nisbatan bunday iborani ishlatib bo‘lmaydi, deb uqtiradi muallif. Umuman, u “Islom tarixi” degan iboraga qarshi. Bunday desak, go‘yoki VII asrda Muhammad (sav) davrida shakllangan Islom ta’limoti bir narsayu, hozir XXI asr boshidagi Islom boshqa narsa bo‘lib qolar emish. Ammo, u fikrining isboti sifatida birorta kitob yoki muallifni ko‘rsatmaydi.
2. Islom tarixini o‘rganishda arab-musulmon va g‘arb yondashuvi. Islom tarixini o‘rganishda ilmiy asoslangan hamda ob’ektivlik prinsipiga asoslanish. Afsuski, ko‘pchilik arab – musulmon dinshunos olimlari “paydo bo‘lishi va rivojlanishi” tamoyiliga qarshidirlar. Ular orasida M.A.Diroz, Ahmad Shalabiy, Muhammad Abu Zahra, Mustafo Helьmiy kabi yirik olimlar bor. Aslida bunday tendensiya XX asrda g‘arb mustamlakachilik tizimiga qarshi kurash paytida shakllangandi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, arab tilida “Tarix al-islam” (islom tarixi) nomi bilan kitob uchratmaysiz. Asosan “at-Tarix al-Islomiy” (“Islomiy tarix”) nomi uchraydi. Masalan: Mahmud Shokirning arab tilidagi (turk tiliga ham to‘liq tarjima qilingan) 22 jildli mashhur “at-Tarix al - Islomiy” (Islomiy tarix), Muhammad Xuzariyning “Muhodarot fi tarix al-umam “al-islamiya” (Islomiy ummatlarning tarixi bo‘yicha ma’ruzalar) kitoblari shular jumlasidan. Bu kitoblarda Islom tarixi emas, arab – musulmon davlatlarining tarixi bayon qilingan. Qizig‘i shundaki, ko‘pchilik arab – musulmon mualliflari “qiyosiy dinshunoslik” (arabcha “muqoranat al – adyon”) ni islomiy ilmlardan biri deb e’tirof etgan holda, islom “vahiy” bilan kelgan pok din, boshqa dinlarning “muqaddas” deb atalgan kitoblari esa “fosiq” qo‘llar tomonidan yaratilgan, shunday ekan, Islomni boshqa dinlar bilan qiyoslash mumkin emas, deb ta’kidlaydilar. Ularning fikricha, demak, islomdan boshqa dinlarni xohlagan tarzda “muqorana” qilish va ularni faqat islom nuqtai – nazaridan o‘rganish mumkin.
Yana shuni taassuf bilan ta’kidlash joizki, ko‘pchilik musulmon ulamolari Qur’onning “Inna-d-dina indallohi al-Islam” oyatini to‘g‘ri talqin qilishmaydi va “Alloh nazdida din bu - Islomdir”, deb tushunishadi. Vaholanki, oyatdagi “Islom” so‘zining turdosh ma’nosi bor: Allohga-itoat qilish, tavakkul qilish, o‘zni bag‘ishlash va h.k. Agar shunday talqin qilinsa, tushuncha kengayadi, islomdan boshqa dinlar ham borligi e’tirof qilinadi. Arabcha “g‘ayridin” so‘zini ham “dinsiz” emas, “boshqa din” ma’nosida tushunish kerak. Qolaversa, Qur’onga ko‘ra, Alloh dastlab odamzodni bir dinda, bir millatda yaratgan, ammo keyinchalik ular bir-birlari bilan tanishishi, muloqotda bo‘lishi, kerak bo‘lsa, xayrli ishlarni ado etishda musobaqalashishlari uchun turli dinda va millatda bo‘lishlarini iroda qildi.
Biz hozir globallashuv jarayonini boshimizdan kechirmoqdamiz. Bundan 20-30 yil avvalgi “g‘arb - sharq”, “shimol - janub”, “kapitalistik – sotsialistik lagerь” kabi tushunchalar ahamiyatini yo‘qotdi. Xudo bir bo‘lgani kabi olam ham bir. Arabchada globallashuv – “avlama”, aynan «olam» so‘zidan olingan. Shunday ekan, juda ko‘p qotib qolgan aqidalar, stereotiplardan voz kechishga to‘g‘ri keladi.
Xo‘sh, shunday vaziyatda biz qanday yo‘l tutishimiz kerak? Avvalan bor, bizning yurtimiz doimo an’anaviy diniy bag‘rikenglik o‘lkasi bo‘lib kelgan. Ming yildan ortiq davr davomida ulamolarimiz ham hukamolarimiz ham izchillik bilan «ahli sunna va jamoa»ni himoya qilib kelishgan. Buning natijasi o‘laroq mintaqamizda bag‘rikeng va ma’rifiy islom shakllangan. Hozir ham shunday. Aynan shu asosda, o‘ylaymizki, biz to‘g‘ri yo‘l tanlash imkoniyatiga egamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |