v) Makan (Magan)
Qadimgi Mesopotamiya yozuvlarida ko‘pincha Dilmun so‘zidan so‘ng Makan yoki Magan degan joy nomi tilga olinadi. Bunday yozuvlarning eng qadimgisi Aqqod podshosi Sargonga (mil.avv. 2371-2316) tegishli. Unda «Aqqod yurtlariga Meluxxadan kemalar, Makandan kemalar, Dilmundan kemalar keladi», deyilgan. Keyingi Aqqod podshosi Manishtusu (mil.avv. 2306-2292 yy.) Eron sohilidan Arabiston sohiliga harbiy dengiz ekspeditsiyasini yuborganligi haqida hikoya qiladi. Go‘yo uning kemalari qirg‘oqqa etib kelganda, unga qarshi 32 shaharning podshosi kuch to‘plagan, ammo Aqqod ularni engib, o‘ziga bo‘ysundirganmish. SHu tufayli Aqqod kumush konlariga ega bo‘lgan. Quyi dengizning janubidagi tog‘lardan olingan toshlar Enlil xudosi sharafiga qurilgan haykallarga ishlatilganmish. Agar bu «xabar» rost bo‘lsa, Quyi dengiz janubidagi tog‘lar O‘mon tog‘lariga to‘g‘ri keladi, bosib olingan o‘lka esa - O‘mondir. Manishtusuning o‘g‘li Naram-suen (mil.avv. 2291-2255y.) haykalidagi yozuvda u Makanni bo‘ysundirgani, uning podshosi Manudannu ustidan g‘alaba qozonib, uni asir qilgani hikoya qilinadi. Balki Manishtusu tomonidan bosib olingan Makan aholisi qo‘zg‘olon ko‘targandir, uning o‘g‘li Naram-suen esa jazo ekspeditsiyasi yuborgan bo‘lishi mumkin.
Urning III dinastiyasi hokimlaridan SHulgiga ( mil.avv. 2095-2048 y.) tegishli matnda Makanda kemasozlik hunari mavjud ekanligi aytilgan. Darhaqiqat, bu hunar Arabistonning sharqiy sohilida juda qadimdan ma’lum bo‘lgan; shuning uchun ham bu erdan chiqqan savdogarlar dengiz orqali Hindistondan Mesopotamiyagacha suzib yurganlar. SHunisi qiziqki, O‘mon sohilida hech qanday daromad keltirmasa-da, hozirgi kunda ham elkanli kema qurish hunari davom etib kelyapti.
Lagash II dinastiyasining patesisi Gudea bergan xabarda Magandan haykallar qurish uchun tosh keltirilgani aytilgan.
Makanning geografik o‘rni haqida ko‘plab tortishuvlar yuz berdi. Oxirgi paytda ko‘pchilik mutaxassislar uni hozirgi O‘mon sultonligi va qisman Birlashgan Arab amirliklarining janubiy qismi bilan belgilamoqdalar.
Mesopotamiyadan topilgan savdo muomalalariga oid ko‘plab yozuvlarda qaerdan qanday mol kelganligi aniq ko‘rsatilgan. Toshlar ro‘yxatida «diorit Makandan», metallar ro‘yxatida «mis Makandan», yog‘ochlar ro‘yxatida xurmo yog‘ochi «Dilmun, Makan va Meluxxadan» deyilgan.
Makanning O‘mon ekanligiga ximiklar keskin dalil berdilar. Mesopotamiyada mil.avval III-II ming yilliklarda ishlatilgan mis buyumlari ximiyaviy tahlil qilinganda ularning tarkibida 0,2-0,3 foiz nikelь borligi aniqlandi. Odatda kamdan-kam holatlarda mis rudasiga nikelь aralashgan bo‘ladi. Ammo xuddi shunday nisbatdagi mis rudasi O‘mon territoriyasidagi, aniqrog‘i hozirgi Abu Dabi va O‘mon chegarasidagi Buraymi vohasidan boshlanib, to Mosqat qirg‘og‘idagi Es-Soxar portigacha cho‘zilgan qadimgi mis konlaridan topildi.
Nihoyat, III ming yillikning oxirlarida SHumer va Aqqod davlatlarida diorit toshidan keng foydalanganligi ma’lum. Mesopotamiyaning o‘zida bu tosh hech qachon bo‘lmagan. Uni qaerlardandir uzoq yurtlardan keltirishardi. Endigi paytda aniq tasdiqlandiki, diorit va tarkiban unga yaqin turdagi toshlarning juda katta zaxiralari O‘mon-Makanda mavjud bo‘lgan. Makan-SHumer savdo aloqalari III ming yillikda gullab-yashnagani haqida ma’lumotlar ko‘p. Ammo II ming yillikda SHumer shahar davlatlari qulab, Bobil davlati barpo bo‘lgach, Makan e’tibordan chetda qoldi.
g) Arablar va Ossuriylar
Arabiston yarim orolining shimolida Iroq va Suriya chegaralariga yaqin erlarda qadim zamonlardan buyon arab qabilalari istiqomat qilib kelgan. Aqqod podshosi Naram-suen (mil.avv. 2291-2255y.) Bobilga yaqin joyda «Aribu» degan aholi yashagan erlarni bosib olgani haqida xabar qiladi. SHubhasiz, bu aholi ko‘chmanchilik tarzida yashagan va davlat hokimiyatiga ega bo‘lmagan. Tavrotning «Sudьyalar» kitobida aytilishicha, madyaniylar va banu mashriqlar isroilliklarning g‘alla va chorva mollarini tortib olganlar. Ular qo‘qqisdan hujumlar qilganlar, o‘zlari bilan chodirlarini olib yurganlar; «odamlari va tuyalari beadad, chigirtkadek yopirilganlar». Bu erda zikr qilinayotgan «madyaniylar» aslan Hijozdan bo‘lib, ular Isroilga qo‘shni Qizil dengiz qirg‘og‘idagi Madyan degan joyda o‘rnashib qolgandilar. Tavrotning yuqoridagi rivoyatini mutaxassislar mil.avv. XI asrning birinchi yarmiga mansub, deb hisoblaydilar. Banu Mashriq ham shu singari arab qabilalaridan bo‘lishi kerak.
SHimoliy arablar haqida Ossuriya yozuvlarida nisbatan ko‘p ma’lumotlar bor. Arablarga oid birinchi ishorani Ossuriya podshosi Salmanasar III ga tegishli yozuvda uchratamiz. Bu yozuvda aytilishicha, Salmanasar (mil.avv. 858-824) hukmining oltinchi yili Damashq podshosi, arameylar podshosi, Isroil podshosi va bir arab qabilasining boshlig‘i Jandib ishtirokida tuzilgan ittifoq ustidan g‘alaba qozongan. Bu matndagi «arab» atamasi ham ko‘chmanchi, badaviy ma’nosiga ega. Gap shundaki, miloddan oldingi paytlarda «arab» so‘zi faqat ko‘chmanchi hayot tarzida yashagan arablarga nisbatan ishlatilgan. Hozirgi zamon arab adabiy tilida bu ma’noda «a’robiy» so‘zi ishlatiladi. O‘troq hayot kechirgan arablar esa yo yashagan joylarining nomi bilan yoxud shuhrat qozongan laqablari bilan atalardilar. YUqoridagi yozuvga qaytsak, unda shunday so‘zlar bor: “Qurqur - podsholik poytaxti, men unga zarar etkazdim, men uni vayron qildim, men uni yoqib tashladim; 1200 arava, 1200 otliq, Arab sohibi (egasi) Haddodning 20000 askari Arabi Jandibning 10000 tuyasi ... 12 podsho menga qarshi chiqdi...”. Albatta, raqamlarda katta mubolag‘a bor. Bunday mubolag‘a qilish o‘tmishda hammaga rasm bo‘lgan.
Salmanasar III janubga qilgan yurishi haqida ham habar beradi. U xaldeylar o‘lkasini ishg‘ol qilgach, yana janubga yurishda davom etib, «Achchiq» dengizga (Nar Marratu) chiqadi, u erdagi aholini bo‘ysundiradi. Aftidan, bu erda Fors ko‘rfazi haqida gap ketayotgan bo‘lsa kerak. Salmanasar hozirgi Kuvayt erlarigacha etib kelganga o‘xshaydi.
Yangi Ossuriya davlatining asoschisi Tig‘latpalassar (mil.avv. 745-727) hukmining uchinchi yiliga tegishli yozuvda unga Arabining boshlig‘i Zabibi degan ayol jon solig‘i (jizya) to‘laganligi xabar qilinadi. AQSH da istiqomat qilgan asli chex olim Mosilning fikricha, bu ayol Dumat al-Jandal (Hijozning shimoli) rayonida ko‘chmanchilik qilgan Qeydar qabilasining ham kohinasi ham boshlig‘i bo‘lgan. Matndagi Zabibi arabcha keng tarqalgan ism Zabibaga to‘g‘ri keladi. Xuddi shu podsho hukmining 9 yilida boshqa arab qabilasining boshlig‘i SHamsi ismli ayolni bo‘ysundirganini xabar qiladi. Matnning mazmuniga qaraganda SHamsi Ossuriyaga qarshilik ko‘rsatgan Damashq podshosiga yordam bergan. Bu yozuvda ham mubolag‘ali raqamlarni uchratamiz: SHamsi bu jangda go‘yo 1100 kishi, 30 ming tuya, 20 ming chorva molidan ayrilgan. Tig‘latpassarning shu matnida bundan tashqari unga soliq to‘lagan bir qancha boshqa qabilalar zikr qilingan: Mas’a, Tima, Saba, Xayapa, Batana, Xatti, Idibail. Mil.avv. 738 yili Tig‘latpalassar G‘azza shahrini ishg‘ol qilgani ma’lum. YUqorida zikr qilingan qabilalar shu rayonga yaqin erlarda ko‘chmanchilik qilgan arab qabilalari bo‘lsa, ehtimol.
Sargon II (mil. avv. 722-705) o‘z hukmining ettinchi yilida Tamudi, Ibodidi, Marsimani, Xayapaning adabini bergani, ularni mag‘lub qilgani va ulardan qo‘lga tushganlarini Samariyaga ko‘chirganini hikoya qiladi. Bu xabardan so‘ng u Aribi malikasi SHamsidan, Masuri maliki Pir’udan va Saba’li YAta’amardan juzya kelganini eslatadi. Qabilalarning nomlaridan ko‘rinib turibdiki, janglar Arabistonning shimoli-g‘arbida yuz bergan va Ossuriya qo‘shinlari shimoldan, ya’ni Falastindan bostirib kelgan.
Sinnaxoreb (mil.avv. 705-681) ham qisqa muddatga bo‘lsada, shimoliy arab qabilalaridan bir nechtasini bo‘ysundirgan ko‘rinadi. Gerodot uni «arablar va ossuriylar podshosi» deb bejiz atamagan. Assarxaddon (mil.avv. 680-669) tuzdirgan matnda o‘zining va otasi Sinnaxorebning ishlari haqida hikoya qilib, otasi, jumladan «aribi»larning qal’asi «Adomatu»ga (Dumat al-Jandal) hujum qilgani, arablarning but-sanamlarini qo‘lga tushirib, o‘z poytaxtiga yuborgani, arablarning malikasi Iskalattu va amira Tabvani asir qilganini eslatadi. Mosilning fikricha, Dumat al-Jandal arablari Ossuriya va Bobil urushida Bobil tomonida qatnashgan va Bobilni enggach, Sinnaxoreb arablarni ta’qib qilgan. Sinnaxoreb vafotidan so‘ng Asarxaddon taxtga o‘tirdi. O‘z hukmining beshinchi yilida, ya’ni (mil.avv. 676 y.) u «Vazu va Xazu» da yashab turgan sakkizta arab qabilasiga hujum qildi. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, bu qabilalar Vodi Sarhonda istiqomat qilgan.
Ossuriya qanchalik kuchli imperiya bo‘lmasin, qo‘shni arab qabilalari unga nisbatan zaif mavqeda turmaganini ko‘ramiz. Har qanday qulay fursatdan foydalanib, ular Ossuriya erlariga hujumlar uyushtirganlar. Masalan, Ashshurbanipal (mil.avv. 669-631) yozuvlaridan (ma’lumki, uning «kutubxonasi»da 20 mingdan ortiq mixxat yozuvli lavhalar saqlangan) bizga ayonki, Bobilda hokim bo‘lib turgan ukasi SHamash-shumukin isyon ko‘targanda uning tomonida Misr, Suriya, Falastin, Midiya, Elam hokimlari bilan birga arab shayxlari ham bo‘lgan. Mil.avv. 652 yili birinchi jangdayoq Elam qo‘shinlari tor-mor keltirilgach, arablardan boshqa birorta ittifoqchi Bobilga yordam bermagan. Ashshurbanipal qattiqqo‘llik bilan o‘z raqiblarini engdi. Elam poytaxti Suzini xarobaga aylantirdi. SHundan so‘ng u arab qabilalariga qarshi 9 marta hujum uyushtirdi. Arab qabilalari qo‘qqisdan qarshi hujumga o‘tib qolishidan qo‘rqqan Ashshurbanipal sahro chekkalarida istehkomlar tashkil qildi. Ammo insoniyat tarixidagi birinchi «olamshumul» imperiya - Ossuriyaning sanoqli yillari qolgandi. Miloddan avval 612 yili Midiya va Bobilning ittifoqchi qo‘shinlari Nineviyani ishg‘ol qildilar va uni abadiy harobaga aylantirdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |