b) Xristian dini
YAhudiy dini kabi xristian dini ham Arabistonga tashqaridan kirib keldi. YAhudiylar o‘zlarini "xudo yorlaqagan xalq" deb hisoblab, ko‘proq mahalliy aholidan xoli yashagan bo‘lsalar, xristianlar, aksincha, boshqa erlardagi singari qadimgi Arabistonda ham keng mubashshirlik (missionerlik) ishlarini olib bordilar.
Qur’on va islom arafasidagi johiliya she’riyatida xristianlar "nosoro" (nasroniylar) deb atalgan. Bu so‘z "nazaret" nomidan olingan bo‘lib, Iso Masihning kelib chiqqan shahariga ishora qiladi. Odatda, mubashshirlar tibb va mantiq ilmidan xabardor, kishilar qalbiga qo‘l solishga usta bo‘lganligi uchun ko‘pgina qabila boshliqlariga ta’sir qilganlar, ularning xristian dinini qabul qilishiga yoki bu ishda ularning madadiga erishganlar. CHerkov tarixlarida mubashshirlarning mo‘jizakor ishlari haqida rivoyatlar ko‘p. Ular tabiat qiyinchiliklariga qaramay, badaviylar bilan birga yashab, birga ko‘chib yuraverardilar. Bundaylarni "chodir rohiblari" deyishgan.
Ba’zi rohiblar u yoki bu vohada xonaqohlar (monastir) qurib, o‘ziga xos manzilgohlar tashkil qilganlar. Bunday manzilgohlar arab savdogarlari va badaviylari uchun ochiq edi. Ular bemalol uzoq sahro yo‘llaridan so‘ng salqin gulzor chamanda dam olishlari, har xil ermak o‘yinlari bilan va hatto vino ichish bilan dimog‘larini chog‘ qilishlari mumkin edi. Ayni vaqtda "mehmonlar" rohiblardan xristian dini ta’limotlarini o‘rganardilar. Qorong‘u tunlari xonaqoh darvozasi oldida chiroq ushlab, karvon yo‘lini yoritib turgan monax obrazi johiliya she’riyatidan keng o‘rin olgan.
Kichik Osiyo, SHom va hatto Iroqda monastirlarning ko‘p bo‘lganligi tabiiy hol: bu o‘lkalarga Rim imperiyasining ta’siri kuchli edi. Ammo islomdan oldin Arabistonning deyarli hamma qismlarida, qolaversa, odam qadami etishi mahol bo‘lgan joylarda xristian rohiblarining o‘rnashib qolishi taajjublidir.
Qul savdosi tufayli ham Arabistonga chetdan xristian dini kirib kelardi. Vizantiya viloyatlari va O‘rta dengiz orollaridan keltiriladigan oq tanli erkagu-ayol qullar odatda manzil ishlarida va xunarmandchilikda mashg‘ul edilar. SHahar boylari chiroyli xristian qizlarini o‘zlariga joriyalikka olar, ona bo‘lganlarini ozodlikka chiqarardilar. Masalan, Makkadagi banu Maxzum urug‘ining boylarida YUnonistonli joriyalar ko‘p bo‘lgan. Payg‘ambarning amakisi Abbosning ham bir necha yunon va fors joriyalari bo‘lgan.
Hijoz shaharlariga xristianlar asosan Vizantiyaning viloyatlariga aylanib qolgan Falastin va SHomdan ko‘chib kelganlar. Islom vujudga kelish arafasida Dumat al-Jandal, Eylat, Tayma shaharlari va hatto YAsrib, Makka va Toifda ham talaygina falastinli va suriyali xristianlar bor edi. SHunisi xarakterliki, Dumat al-Jandal, Eylat shaharlarining janubida yahudlar yig‘noq (kompakt) holda utmlarda yashagan bo‘lsalar, xristianlar ko‘p xudolikdagi arab aholi bilan aralash yashadilar. Al-Balazuri va at-Tabariylarning ta’kidlashicha, mazkur ikki shaharning xokimlari xristianlardan bo‘lgan. Makkada bir qancha xristianlar mubashshirlik va tabiblik bilan shug‘ullanganligi ma’lum. Ular arab tilini bilmas, bilganlari ham kuchli aksent bilan so‘zlashardilar.
Ma’lumki, butparast qurayshlar Muhammad (sav)ga bir xristian o‘rgatib keladi, deb da’vo qilishgan. SHunga javoban Qur’ondagi quyidagi so‘zlar keladi: "Bilamiz, aytadilarki, unga (ya’ni Muhammadga) go‘yo bir kishi o‘rgatarmish, (ammo) ular aytayotgan kishining tili (arab tili emas) a’jamiydir, bu esa (ya’ni Qur’on tili) - sof arab tilidir (Nahl surasi, 105-oyat).
"Sira" kitoblarida dastlab xristian dinida, so‘ng islomni qabul qilgan qullarning ismlari uchraydi. Masalan: Safvon b. Umayyaning quli Nastas (Anastas), Suhaybning quli YUhanna va boshqalar. Aytishlaricha, Suhaybning o‘zi ham asli vizantiyalik bo‘lgan. U Makkada boyib ketgan, islomni birinchilar qatorida qabul qilgandi. Suhayb Makkani tark etib, Madinaga, musulmonlar bilan birga hijrat qilishga azmu-qaror qilganida, Makka mushriklari: "Bu erga xech vaqosi yo‘q bir devona tarzida kelganding. Endi orttirgan molu-dunyoingni olib ketyapsan", - deb ta’na qilgan ekanlar. SHunda Suhayb bor boyligini tashlab, Madinaga, payg‘ambar qoshiga "qup-quruq" ketgan ekan.
Makka va Toif shaharlariga xristian dini Laxmiylar podsholigining poytaxti Hira orqali ham kelgan. Makka savdogarlari u erga Xitoy, Hindiston va Eron mollarini istab borardilar. Hira mahalliy aholisining ko‘pchiligi V-VI asrlarda xristian dinida edi.
SHuni aytish kerakki, Makkadan to YAmanning shimolidagi Najron shahrigacha cho‘zilgan masofada aksariyat aholi "vasaniyada", ya’ni ko‘p xudolikda edi. Ayni vaqtda Najron va YAmanning boshqa erlarida xristian dini shunday tez tarqaldiki, buning natijasida Himyar podsholigida ikki monoteistik din o‘zaro raqobat qila boshladi. Bu ishda Rim (Vizantiya) va uning vassali Habashistonning roli katta bo‘ldi. Britaniya muzeyida saqlanayotgan habash yozuvlarida aytilishicha, YAmanga xristian dinini habashistonli missioner Azkir olib kelgan. Rim imperatori Konstantin II (337-361) YAmanga yuborgan missioner Teofiliy tubba’ning roziligi bilan Zafor va Adanda cherkov qurilishiga erishgan. Aytishlaricha, 325 y. Nikeyada chaqirilgan xristianlarning soborida YAmandan usquf (episkop) qatnashgan. Avval aytilganidek, YAmandagi yahudiy-xristian raqobati zaminida ikki buyuk davlat - Vizantiya va Eronning xalqaro savdo yo‘llarida o‘z nufuzini o‘rnatish uchun olib borgan kurashi yotadi.
YAmanni habashlar bosib olgunga qadar xristianlarning eng gavjum joyi Najron shahri edi. U erdagi cherkovni hatto "Najron ka’basi" deb ham atashardi. Mahalliy arablarga u "Najron bi’asi" nomi bilan ma’lum edi. Habash istilosidan so‘ng YAmanda cherkovlar soni ko‘payib ketdi. Ularning ichida eng hashamatlisi Sanadagi "Qullays" (yunoncha "Kolizey" so‘zidan) nomi bilan mashhur cherkov edi. Bu cherkov buzib tashlangan Al-Maqah ibodatxonasi o‘rniga qurilgandi. Zafor shahridagi xristian cherkovining qurilishini Habashiston negusi maxsus yuborgan missioner Girgensiyning faoliyati bilan bog‘lashadi. 543 yili Marib to‘g‘onining ta’mir qilinishi munosabati bilan tuzilgan Abraxa yozuvida aytilishicha, ishlar bitgandan so‘ng, shu erdagi cherkovda katta tantana bilan ibodat uyushtirilgan.
Mazkur yozuv (SIN541) mazmunan diniy bo‘lmasada, biz ko‘rayotgan mavzu uchun ahamiyati katta. Matn boshida: "Rahmon qudrati, madadi va rahmati, uning masihi (ya’ni Iso Masih ko‘zda tutilayapti; Masih so‘zining cho‘qingan ma’nosi bor, shundan "masihiy" - xristian, cho‘qingan) hamda muqaddas ruh nomi bilan" iborasi bor. E’tibor bering: bu ibora ortodoksal xristian diniga xos bo‘lgan uchlik "Ota" o‘rnida Rahmon, o‘g‘il o‘rnida esa, "Masih" ishlatilgan. SHu matnning 93-qatorida Marib to‘g‘onini isloh qilishga Najoshi (Habashiston podshosi), Rum imperatori (Vizantiya), Fors shohi, Munzir (Hira podshosi), al-Horis b. Jabala (G‘asson podshosi) vakillar yuborgani va ularning hammasi uning (ya’ni Abraxaning) roziligi va Rahmonga shukr ila" kelgani aytilgan. Ba’zi sharqshunoslar oxirgi iborani dalil qilib, YAman yakka xudoligi habashlar olib kelgan xristian dinining ta’sirida vujudga keldi, degan fikrni ilgari suradilar. Bizningcha, bunday fikrlash to‘g‘ri emas: yakka xudolikning timsoli sifatida Rahmon yamanlilarga habashlar kelmasdan oldin ma’lum edi. CHamasi, mahalliy aholini qondirish uchun Abraha ortodoksal xristian dinidan chekinishni lozim topdi. Demak, habashlar qanday bo‘lmasin YAmanda xristian dinining hukmronligiga erishish va arab ko‘p xudoligi va yakka xudoligiga barham berishga urindilar.
Arabiston yarim orolining boshqa o‘lkalariga kelsak, cherkov tarixlarida uqtirilishicha, sharqiy Arabistonda 224 milodiy yiliyoq usquflar bo‘lgan. IV asr oxirlariga tegishli manbada xristian monastirini qurgan Abd YAsu’ degan usqufning nomi zikr qilingan. SHarqiy Arabiston usqufiyasiga qarashli erlar jumlasida Bet Katraya (hozirgi Qatar), "Dorayn" (Torut oroli), Samohaj (Muharriq oroli), Xatta (Bahrayn qarshisidagi qirg‘oq), Hajar, Ma’zun (hozirgi Oman) eslatilgan.
Birinchi navbatda Vizantiya va Eron imperiyalari chegaralariga yaqin erlarda istiqomat qilgan arab qabilalariga xristian dinining ta’siri kuchli bo‘ldi. Axboriylar bunday qabilalarni "al-arab al-mutanassara" (xristianlashgan arablar) deb ataganlar; g‘asson, laxm. tag‘lib, ayyod, tannux, bakr, tayy, tamim shular jumlasidandir. Ammo xuddi shu qabilalar o‘zlarining muayyan sanamlariga ega bo‘lganini yuqorida ko‘rdik. Demak, mazkur qabilalar a’zolarining hammasi emas, bir qismi xristian dinini qabul qilgan yoki xristian bo‘lish bilan bir qatorda o‘z sanamlariga sig‘inishda davom etganlar. Arablar xristian dinida vujudga kelgan ko‘plab mazhablardan bexabar edilar va qaerda qaysinisi targ‘ib qilinsa, shuni qabul qilaverganlar.
Masalan, Hiraga nestorian mazhabi kirib keldi. Nestor (v. 450 y.) Mar’ashlik (Antioxiya) patriarx bo‘lib, u Iso Masih haqida maqolalar yozgan. Uning fikricha, Iso – inson, chunki bibi Maryam inson bo‘lgan va Iso undan bunyodga kelgan, ammo Isoning otasi – xudo. Isoning insoniy va ilohiy xislatlari nisbiy birikuvdadir va hech qachon mutlaq birikuvda namoyon bo‘lmaydi. Nestorning ta’limoti Sosoniylar Eroniga tobe bo‘lgan erlarda tarqaldi. Raho (Edessa) va Nisibin shaharlari nestorian mazhabining markazlari sifatida katta shuhrat qozondi. Xristian dinining nestorian mazhabi keyinchalik Markaziy Osiyo va Uzoq SHarqqacha tarqaldi. Hiradan nestorian mazhabi YAmanga ham etib borgan. Ayniqsa, YAman forslar qo‘liga o‘tgach, u erda nestorian mazhabining mavqei kuchaydi.
Xristian dinining YA’qubiya (yakovitlar) mazhabi SHom va shimoliy Arabiston badaviy arablari orasida keng tarqaldi. YA’qubiylar markaziy ortodoksal cherkov uyushtirgan Xalkedon soborining qarorlariga qarshi chiqdilar; ayni vaqtda ular nestorian mazhabini ham inkor qildilar. YA’qubiylar Iso Masih yakka-yu, yagona tabiatga, u ham bo‘lsa insoniy tabiatga ega bo‘lgan, deb targ‘ib qildilar. Tarixiy adabiyotda bu mazhab ”monofizit” (”mono”, “fizia"” ya’ni yagona tabiat) nomi bilan ma’lum. G‘assoniylar davlatining aksariyat aholisi “YA’qubiya” mazhabiga kirgan. Ularning podsholaridan Horis b. Jabala va Munzir b. Horislar ya’qubiylarga qarshi adovatni to‘xtatish talabi bilan Vizantiya imperatoriga murojaat qilganlar.
Arabistonning ba’zi joylarida bibi Maryamni ilohiylashtirish, uning sharafiga patir-non yopish bilan bog‘liq e’tiqod /”fatoiriya”/ va aksincha, Maryamning bokiraligini rad etuvchi (antidikomarian) e’tiqodlar ham mavjud edi.
YArimorolga bundan tashqari xristian va yahudiy dinlari aralashib ketgan bir qancha sektalar – guruhlar (”nosiriya”, “ebiyoniya”, “kesaniya”) ham kirib keldiki, bularning hammasini Epifaniy eretik (hartuqiy), ya’ni asosiy dindan uzoqlashib ketgan oqimlar jumlasiga kiritadi.
Arabiston xristianlarining bir necha diniy bayramlari bo‘lgan. YOum sa’oniyn (yoki sha’oniyn) fishdan (pasxa) bir hafta oldin nishonlangan. Sa’oniyndan 3 kun keyin – Xamis al-fish, pasxaning ertasi kuni esa – Bous, deyilgan. Pasxa nasroniylarning eng katta diniy bayrami hisoblanib, u tantanalar bilan, mash’alalar yoqib o‘tkazilgan. Qizig‘i shundaki, arab xristianlari jamoat bo‘lib o‘tkaziladigan tantanalarini forschadan siryoniy tiliga o‘tgan “anjuman” so‘zi bilan ataganlar. Bayram kunlari ular cherkovlarga va mozorlarga ziyorat qilganlar. “Bayram” ma’nosida Arabiston xristianlari asli oromiycha “iyd” so‘zini (o‘zbekchadagi hayit so‘zi ham shundan) ishlatganlar. Boshqa xristianlar singari Arabiston nasroniylari ham bolalarini cherkovda cho‘qintirganlar. Bu marosim “Injil” o‘qilib, bolani muqaddaslashtirilgan suvga solish bilan o‘tkazilgan. “Tamis” yoki “Tasbig‘” deb atalgan bunday marosimdan so‘ng (islom dinida xatna qilish singari) bolaning qo‘li “tozalangan”, “halollangan” hisoblanardi.
v) majusiylik dini
Arabistonga kirib kelgan “tashqi” dinlardan yana biri – majusiylikdir. O‘zbek tilida majusiylik 2 xil: 1) zardushtiylik (zoroastrizm) va 2) umuman butparastlik ma’nolarida ishlatiladi. Zardushtiylik kohinlari mug‘ deyilgan, buni yunonlar va ruslar mag – magi, arablar esa majus shaklida qabul qilganlar.
Almajus so‘zi Qur’onda mustaqil din sifatida zikr qilinishiga qaraganda (Haj surasi, 17-oyat) johiliya arablarida bu haqda aniq tushuncha bo‘lgan. Hira va u orqali Eronga savdo ishlari bilan borgan arab savdogarlari albatta, “majusiylar” bilan muloqotda bo‘lardilar. Arabiston majusiylari asosan bu erga ko‘chib kelib, o‘rnashib qolgan forslardan bo‘lgan.
Ba’zi davrlarda Sosoniylar imperiyasi tarkibiga kirganligi va Eronga geografik jihatdan yaqin bo‘lganligi tufayli Bahraynda (SHarqiy Arabiston) majusiylar nisbatan ko‘p bo‘lgan. Arxeologlar ularga tegishli qabrlarni topganlar. Musulmon askari Bahraynga kelganda Sibxat Marzbon degan kishi boshliq majusiylarning bir qismi islomga kirgan, boshqalari esa jizьya to‘lash evaziga o‘z e’tiqodida qolganlar. O‘monda ham qadim zamonlardan fors jamoalari yashab kelardi. Bu erga islom kirib kelishi va keyinchalik shayxliklar vujudga kelishiga qaramasdan, ba’zi majusiylar jizьya to‘lab, o‘z e’tiqodlarini yo‘qotmadilar.
Ma’lumki, Hira podsholigi ba’zi vaqtlarda Eronga vassal bo‘lgan. Ammo uning tub aholisi qisman xristian diniga kirgani holda majusiylikni qabul qilgan bironta podsho yoki fuqaro haqida xabar yo‘q. Ayni vaqtda tamim qabilasiga mansub ba’zi shaxslarning majusiy dinida bo‘lgani xabar qilinadi. Xuddi shu manbada qurayshiylar orasida “yorug‘lik va qorong‘ulikka e’tiqod qiluvchilar eslatilib, ular “zanodiqa” (birligi zindiq) toifasiga kiritilgan. Bular asli makkalilar emas, Erondan yoki yuqorida eslatilgan tamim qabilasidan kelgan savdogarlar bo‘lishi mumkin.
YAmandagi majusiylarga kelsak, ular asosan habashlarni haydashda qatnashgan fors askarlari va ularning avlodlaridan iborat bo‘lgan. Bu toifa arablar orasida “al-abno” nomi bilan ma’lum edi. Islom g‘alabasidan so‘ng ular ixtiyoran bu dinni qabul qildilar va hatto Asvad al-Ansiy “ridda” paytida payg‘ambarlikni da’vo qilganida “al-abno” unga qarshi kurashdilar.
Arablarga majusiy ruhoniylari “mo‘baz”, ularning boshlig‘i “mo‘bazon mo‘baz” sifatida ma’lum bo‘lgan. Mo‘bazlar arablar orasida tabshir /dinini tarqatish/ ishlarini olib bormadilar, aksincha, o‘z jamoalari bilan arablardan bo‘lak yashashga harakat qildilar. Bu jamoalar ba’zi odatlari bilan atrofdagi arablardan keskin farq qilardilar. Lison al-arab qomusida “zamzama” degan so‘zga “shivirlamoq” ma’nosi berilib, u majusiylarning ovqat tanovul qilish oldidan muayyan diniy iboralarni shivirlab o‘qimog‘i sifatida izohlangan. Xalifa Umar (634-644) bu odat islomga xilof bo‘lgani uchun uni man’ qilgan. SHuning uchun bo‘lsa kerak, hozirgi kunda ham arab mamlakatlarida ovqatdan oldin va undan keyin yuzga fotiha tortilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |