Onam to’g’ri aytgan ekan, «Qaynonamnig borligi qanchalar yaxshi! Hozir yig’loqi o’g’limni ham birpasda uxlatib beradilar».
Sizning bir og’iz shirin so’zingiz, birgina harakatingiz yoki kichik bir ibratingiz ham kimnidir hayotga qaytarib, kimgadir umid bag’ishlashi hech gapmas! Shu bilan bir qatorda sizni qo’llovchi, sevuvchi va tushunadigan insonlar borligini unutmang!
QO’SHNI AYOLNING SABOG’I
O’n sakkiz yoshman. Shu kungacha o’zimni juda omadsiz, baxtsiz sanardim. Hatto, ota – onamdan ham hafa bo’lardim. Chunki hayotimdan qoniqmasdim. Arzimagan sabab tufayli jonimga qasd qilish fikrigacha boribman – a? Bir kuni, hamma ish – ishiga ketganida vido xatini yozdim. Oxirgi nuqtani qo’ymasimdan telefon jiringlab qoldi.
-Voy, xayriyat, uyda ekansiz! Yordamingiz juda kerak. «Mersim» yurmay qoldi… - Qo’shnimiz Sabohat opa quvnoq ovozda gapirdi.
G’amga botib o’tirgan mendek kishiga boshqaning shodonligi og’irlik qilarkan. Ichimda uf dedim – da, noiloj devormiyon qo’shnikiga yo’l oldim.
-«Mers» deydimi? - yo’l – yo’lakay o’zimga o’zim so’zladim.
Eshikning tutqichini tortgandim – ochildi. Shu zahotiyoq ichkaridan ovoz eshitildi.
-Kelavering, bu tomonda, oshxona tarafdaman!
Borsam Sabohat opa «Mersedes»i – nogironlar aravasida o’tiribdi. Oshxonaga kiraverishdagi gilamning cheti qatlangan ekan aravaning bir g’ildiragi tiqilib qolibdi. Sabohat opa rosa chirangan shekilli – terlab ketgan ekan.
-Anchadan buyon o’tiribsizmi?
- Yo’q, hali yarim soat ham bo’lmadi. Bolalar maktabdan kelishiga ovqat qilmoqchi edim. Shunga qo’shnilarga birma – bir qo’ng’iroq qila boshladim. Baxtimga, uyda ekansiz, - tabassum bilan gapirdi – da, qo’limdan ichkariga tortdi. – Keling, endi qutqaruvchimni bir mehmon qilay.
Sabohat opa chaqqon harakatlar bilan aravachasini yurgizib fayzli oshxonasiga kirdi – da, muzlatkichni ochdi. Ko’rinishiyoq ishtahani qitiqlovchi shirinliklarni stol ustiga qo’yib, «Yo’q, o’zim deyishimga qaramay», yuziga tabassum surati tushirilgan qahva ham dimlab berdi.
-Doim nimalarnidir o’rganib yurasiz – a? – dedim hijolat tortib qahvadan ho’plarkanman.
- Eh – he, hali o’rganadiganlarim qancha! Aytgancha, bir sirni aytay. Siz yoshsiz, meni tushunasiz. Kecha qo’shni ayollarga tish yorgandim, «Qiziqsiz», deyishdi. Ispan tilini o’rganmoqchiman. Kurs topishga yordamlashib yubora olmaysizmi?
- Ispanchani? – hayron bo’lgancha so’radim.
- Ha, o’g’lim «Barselona»ning muxlisi – ku! Jamoaning mag’lubiyatidan so’ng bir yig’ladi, zo’rg’a uni Ispaniyaga oboramiz, deb ovutibman. Tilini bilmaysiz – ku, desa bo’ladimi? Endi o’rganib qo’ymoqchiman. Baribir, uyda bekor o’tiribman. Bir kun borib qolsak, kerak bo’ladi …
QUTQARUVCHIM yana ko’p narsalar haqida to’lib – toshib so’zladi. Mening yuzlarim qizarar, tezroq uyga borib, boya yozgan xatimni olovda kuydurishni istardim …
MENING BOLAM ENSHTEYN
Qizim o’qishga kirolmadi. U yig’laydi, men asabiylashaman.
-Bilgan savollarim tushgandi, deganding-ku, - deyman yuzini to’sib olgancha yig’layotgan Zaynabga. – To’g’ri belgilamaganga o’xshaysan.
U javob berolmaydi – battar yig’lashga tushadi.
-Adolat yo’q o’zi! Allaqachon o’rinlarni sotib olishgan! – battar jahllanaman. – O’zing ham yaxshi o’qimagansan! Endi o’qish – po’qish yo’q! – deya qizim ertalabdan beri qamalib olgan xonasidan chiqib ketdim.
Shuncha odam kutib turgandi – ya? Qo’shnilar allaqachon g’iybat qilishni boshlab yuborishgandir. Ovsinlarim biri olib – biri qo’yib telefon qilib yotishibdi. Allaqachon bir – birlariga suyunchilashgan bo’lsa kerak! Eh, bu qiz, ishonchni oqlamadi. Zaynabning hali beri biror harakat qilishni kutishim noo’rinligini bilib, poliz oraladim. O’zim ovqatga unamasam, tag’in och qolib ketmaylik. Polizda ekinlarga qarab yurgan o’g’limga hasratni boshladim:
-Ha, dehqonchilik ilmini olaver! Opang shuncha maktabda yaxshi o’qib, repetitorga qatnab universitetga kirolmadi. Sendan umid qilmasam ham bo’lar.
Sardor quvnoq, tag’in har gapga javobi tayyor bola.
-Oyi, bu yil kirmasa, keyingi yil ham bor – ku! – dedi u.
Keyin Enshteyn va uning onasi haqidagi voqeani so’zlab berdi. Rost gapirdimi yoki to’qidimi – meni so’zlariga ishontirdi.
Aytishicha, Enshteynning onasiga maktab ma’muriyati xat jo’natibdi. Unda o’g’li ahmoqligini, bu bolani o’qita olmasligini yozishgan ekan. Ona esa xat mazmunini so’ragan bolajoniga tamoman boshqa aytibdi: «O’g’lingiz juda iqtidorli, qobiliyatli bola. Shu sabab uni boshqa, yanada yaxshiroq ta’lim beradigan maktabga olib o’ting deya yozishibdi».
O’g’lim shunday deya pomidor bilan to’lgan paqirni ko’tarib polizdan chiqdi. Men ham unga ergashdim…
BO’G’IRSOQ AMAKI
Onamning bo’g’irsoq pishirib qo’shnilarga tarqatadigan odati bor. Kimdir buni irim der. Men esa unaqa o’ylamayman. Qo’ni – qo’shnining bir – biriga shirinlikmi, taommi ular o’rtasidagi oqibatning kichik ko’rinishidir.
Hech esimdan chiqmaydi. Ko’zi ko’m – ko’k yuzi oq-sariqdan kelgan Nazira opadan negadir cho’chib turardik. Bolaligimizdan sal shovqin qilsak, kattalar «Nazira-yu» deya ularni uyi tomon ovoz berishardi. Har doim uyida o’tiradigan ayolni «Nazira militsiya» deyishardi. Keyin bilsak, otasi militsiya xodimi bo’lgan ekan.
Yetti yashar bola edim. Maktabdan kelsam, onam qo’limga kosada bo’g’irsoq tutqazdi:
-Nazira opangga olib chiq.
Hafsalasiz qo’shnining eshigi qo’ng’irog’ini bosdim. Nazira opa eshikni ochdi. Kosani qo’llariga tutqazdim – u o’zimizning uyga, yuqoriga chopdim. Eshik oldiga yetganimda esimga tushdi – odatda, qo’shnilar kosani bo’sh qaytarmaydi. Ayniqsa, Nazira opa shunaqa mazali shokoladlar solib beradiki, bizga bunaqasini Yangi yilda Qorbobo olib keladi faqat. Shu o’yda izimga qaytdim, eshik qo’ng’irog’ini qayta bosdim. Qadam tovushlari eshitildi, lekin ne ajabki, eshik ochilmadi. Usti ko’rpadek qavilgan eshik tuynukchasini ikki qo’lim bilan panalab ichkariga qaradim. Bir qadamlar narida Nazira opa turibdi. Qo’lida paxta gulli kosamiz. Negadir, kosadan bo’g’irsoqni oladi – yu, og’ziga soladi. «Mazali» degandek boshlarini sarak – sarak qilishlari g’alati. Naq beshta bo’g’risoqni shunday maqtanchoqlik bilan yedi, bu yoqda men yig’lagudek ahvoldaman. Keyin tuynukka yaqinlashib tashqariga boqdi – yu, birdan cho’chib ketdi. Zumda ichkariga kirib chiqib, eshikni ochdi. Kosa to’la yaltiroq qog’ozlarni ko’rib, yig’im bosildi. «Uzr, men sizligingizni bilmabman» deyishiga ham quloq tutmay ikki zinadan bir sakrab uyga kirib ketdim.
Yaqinda Nazira opa qiz farzand asrab oldi. Ikki yashar, shiringina, huddi turmush o’rtog’i Akbar akaning o’zi. Shirin qizcha «Bo’g’irsoq amaki, salom!» deganida o’zimni kulgidan to’xtata olmadim. O’shanda Nazira opa eshikni qo’ng’irog’ini erim chalyapti deya, bolalarcha erkalik qilganlari esimga tushdi… Qo’shnilarim beg’ubor muhabbat egasi bo’lganlari uchun ham sinovlarni birga yengib kelishayotgan ekan – da.
OPA – SINGIL
Oilada katta farzand bo’lishing o’ziga yarasha mas’uliyati bor. Kichkinalar sizga qarab ish tutishadi. Ularga ko’z – quloq bo’lish vazifangiz. Maktabda yaxshi o’qish, ota – ona istagan kasbni tanlash ham ko’pincha bosh farzanddan talab etiladi. Ustiga – ustak, sirlashay, dilimni yoray desam, singlim yo’q, Hatto, bolaligimda bozorga borsak, «Kattaroq o’lchamli ko’ylak beravering, izida singlisi yo’q, birpasda kichrayib qolsa kim kiyadi bu ko’ylakni», deb nuqul o’zimga yoqmagan, ustimda ho’lpillab turadigan narsalar olishga majbur bo’lardim.
Onam otamning ikkinchi turmushi ekanligini turmushga chiqishim arafasida bildim. To’g’risi, boshqacha bo’lib ketdim. Biroz cho’chidim ham. Men doim ideal deya sanaydigan otam vaqtida oilasini asrab qolmagan ekan, degan o’y o’tdi hayolimdan.
Qizimning bo’yi bo’yimga yaqinlashib qolganida esa opam borligidan xabar topdim. Otam bir kun yonlariga olib, to’ng’ich qizi haqida ko’zlari chaqnab gapirdi, uni sog’inishini aytdi.
-Sen ham opang bilan tanishib, u bilan yaqin bo’lishingni istayman, - dedi.
Onam doim kuchli bo’lishimni ta’kidlaganlari uchunmi, ularga ko’nglimni bo’shata olmasdim. Opaning qo’lloviga, mehriga ehtiyojim bor paytda bu xabardan harakatga tushib qoldim. Boshqa shaharda yashaydigan jigarimni izlashga tushdim. Topgach hadik va hayajon bilan dadam hamrohligida ularnikiga yo’l oldim. Meni hamma onamga o’xshatardi, qarangki, opamning o’zi ekanman. Eng qizig’i, biz bir – birimizdan bexabar bir kasbni tanlagan ekanmiz. Uch kun ularnikida mehmon bo’lib, qiziqishlarmiz, hatto, farzandlarimiz ham o’xshashligidan hayron qoldim. Opamga dardlarimni doston qilmagan bo’lsam – da, shu uchrashuvdan keyin oilaviy muammolarim o’z – o’zidan yechimini topdi…
Do'stlaringiz bilan baham: |