1–rasm. Zarafshon daryosining Ayniy qishlog`i yaqinida ko’rinishi.
Zarafshonda to’linsuv davri aprel–sentyabr oylarida kuzatiladi. Bu davrda daryo yillik oqimining 80–85% qismi oqib o’tadi. Daryo oqimining qolgan qismi kuzgi–qishgi (oktyabr–mart) kamsuvli davrga to’g`ri keladi. Yozda, aniqrog`i, iyul–avgust oylarida daryoda suv eng ko’p bo’ladi. Zarafshonning eng yirik birinchi tartibli irmoqlari Mastchohdaryo, Fandaryo, Kishtutdaryo va Mag`iyondaryolardir.
Mastchohdaryo Zarafshonning boshlanishi bo’lib, Fandaryoning quyilishigacha uning uzunligi 200 km, havza maydoni 4650 km2 ga teng. U Turkiston, Zarafshon va Oloy tizmalarining qo’shilish joyi hisoblangan Ko’ksuv (Mastchoh) tog` tugunining o’rtasida joylashgan yirik Zarafshon muzligidan, 2775 m balandlikdan boshlanadi. Mastchohdaryo havzasi O’rta Osiyoning eng baland joylashgan daryo havzalaridan biridir. Uning o’rtacha balandligi 3350 m ga teng.
Havza maydonining o’rtacha balandligiga ko’ra, Mastchohdaryo tog` muzliklaridan eng ko’p suv oladigan daryolardan biri hisoblanadi. Muzlik suvlari bu daryo yillik oqimining 22 % ini tashkil etadi. Mastchohdaryoning o’rtacha ko’p yillik suv sarfi 79,5 m3/sek yoki yiliga 2507 mln m3 ga teng.
Fandaryo Yag`nobdaryo bilan Iskandardaryoning qo’shilishidan hosil bo’ladi. Fandaryoga Mastchohdaryo bilan qo’shilgunga qadar unga faqat bittagina yirik irmoq Pasruddaryo kelib quyiladi. Bu daryo Zarafshon tizmasidagi Qaznoq muzligidan boshlanadi. Fandaryoning uzunligi 24,5 km, havzasining maydoni 3230 km.kv. ga teng.
Yag`nobdaryo Iskandardaryoga nisbatan ancha sersuv bo’lib, uning bosh irmog`i, Hisor va Zarafshon tizmalari qo’shilgan joydagi kichkina muzlikdan boshlanadi. Daryo Zarafshon va Hisor tog` tizmalari oralig`ida, Mastchohdaryoga deyarli parallel holatda, ya’ni sharqdan g`arbga tomon oqadi. Uning uzunligi 120 km.
Iskandardaryoning uzunligi 20 km, havzasining maydoni 760 km.kv. Daryo baland tog`lar orasidagi botiqda joylashgan xushmanzarali qulama ko’l – Iskandarko’ldan boshlanadi. Iskandarko’lga quyiladigan irmoqlarning eng yiriklari Saritog` va Hazormech daryolaridir. Ulardan kattarog`i Saritog` bo’lib, u Zarafshon va Hisor tizmalaridagi muzliklardan boshlanadi. Hazormech daryosi esa Hisor tizmasining shimoliy yonbag`irlaridagi osilma muzliklar va qorliklardan to’yinadigan bir qancha mayda soylarning qo’shilishidan hosil bo’ladi.
Kishtutdaryo Zarafshonning Fandaryodan keyingi eng yirik chap irmoqlardan biridir. U Hisor tizmasining janubiy yonbag`irlaridan suv to’playdigan Daryourech, Vorux va Artuch daryolarining qo’shilishidan hosil bo’ladi.
Mag`iyondaryo Zarafshon daryosining oxirgi eng yirik irmog`i bo’lib, uzunligi 67 kmga teng. Mag`iyondaryo Hisor tog` tizmasining shimoliy yonbag`irlaridan oqib tushadigan bir qancha soylarning qo’shilishidan hosil bo’ladi. Bu irmoqlardan eng uzuni Daraikalon nomi bilan Hisor tizmasidagi kichik muzliklardan boshlanadi. G`izanapoyon qishlog`idan o’tgach, Mag`iyondaryoga uning yirik o’ng irmog`I bo’lgan Shink daryosi kelib quyiladi.
Mastchohdaryo va Fandaryoning qo’shilishi joyidan Mag`iyondaryoning qo’shilish joyigacha bo’lgan oraliqda Zarafshonga o’ngdan Xushnat, Iskandarsoy, Vishkentsoy, Langarsoy, Kishtutdak, Vishitsoy, Jexitsoy, Qizxonasoy, Kattasoy, Ostonasoy, Uchko’lsoy,Oybodom va Shingoya soylari, chapdan asa Zirofatsoy, Madmsoy, Vashansoy, Rovatsoy va Sovursoylar quyiladi. Lekin, ularning ko’pchiligi kichik va kam suvli bo’lganligi uchun, Zarafshonga yetib kela olmaydi. Shu tufayli kamsuvli davrlarda , aksariyat hollarda, ularning o’zani quruq bo’ladi. Zarafshon daryosi Tojikiston hududiga qarashli yuqori oqimida Turkiston va Zarafshon tog` tizmalari oralig`ida yonbag`irlari baland va tik ko’tarilgan, ko’pchilik joylarida dara va tangilardan iborattor vodiyda juda tez oqadi. Daryo vodiysi yirik irmoqlar kelib qo’shiladigan joylardagina biroz kengayadi.
Zarafshon havzasining O’zbekistondagi qismidagi tabiiy gidrografik tarmoqlar Zarafshon daryosi, uning o’rta va quyi oqimidagi tarmoqlari hamda Turkiston va Zarafshon tizmalarining g`arbiy tarmoqlari yonbag`irlaridan Zarafshon vohasi tomon oqib tushadigan kichik daryo va soylardan iborat.
Zarafshon daryosi Ravotxo’ja to’g`oni yaqinida Tojikiston hududidan oqib chiqib, O’zbekiston hududiga kirib keladi. Mamlakatimiz hududida daryo Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlaridan oqib o’tadi. Samarqand shahri yaqinida, uning shimoli–sharqidagi Cho’ponota tepaligi yonida, Zarafshon ikki tarmoqqa – Oqdaryo (o’ng, uzunligi 131 km) Qoradaryo (chap, uzunligi 127 km) ga ajraladi. Ushbu ikki tarmoq Miyonko’l orolini hosil qilib, Navoiy viloyatining Xatirchi tumani markazi – Yangirabot shaharchasi yaqinida birlashadi va yana Zarafshon nogmi bilan oqadi. Zarafshon suvining 70–75% qismi uning Qoradaryo tarmog`idan oqadi. Bu oraliqda atrofidagi tog`lardan daryoga juda ko’plab soylar oqib tushadi. Bu soylar suvining ozligi va sug`orishga olinishi natijasida ular Zarafshon daryosi va uning tarmoqlarigacha yetib kelmay qurib qoladi. Navoiy shahri yaqinida, Boyqut va Toshrabot qishloqlari oralig`ida, daryo vodiysi ancha torayadi. So’ng janubi–harbiy yo’nalishda oqib, Qizilqum cho’lining sharqiy chegaralariga kirib boradi. Bu yerda daryo Buxoro, so’ng Qorako’l vohalaridan oqib o’tadi. Ana shu oraliqda, ya’ni Qorako’l shahrigacha daryo Qorako’ldapryo deb ataladi. Qorako’l shahridan 3 km yuqorida qurilgan to’g`on – suv taqsimlagichda Zarafshon suvi kanallarga bo’lib boriladi. To’g`ondan quyida daryo o’zani yana ikki tarmoqqa ajraladi: chapdagisi (kattarog`i) Toyqir, o’ngdagisi esa Sarbozor deb ataladi. Har ikki tarmoqning yuqori qismi sug`orish kanali sifatida xizmat qiladi. Sug`orishdan ortgan va ekin maydonlaridan chiqqan qaytarma suvlar Toyqir o’zani orqali Dengizko’lga quyiladi. Zarafshonning Sarbozor tarmog`i ham Qorako’l vohasida ancha masofada oqib o’tadi. Lekin, quyi oqimida uning o’zani ko’pincha quruq bo’ladi. Qisqa qilib aytganda, hozirgi kunda Zarafshon Amudaryoga yetib bormaydi.
Atrof-tevaragidan o’ziga 15 tacha muzliklarni qo’shib oluvchi Zarafshon muzligi 24 km. davomida 5960 m.dan 2775 m.gacha pasayib kelgan — naqadar tik nishab tushuvchi muzlik. Shuning uchun ham uning ulkan tanasi vodiy bo’ylab sutkasiga 40-45 sm. mudom pastga tomon siljib turadi. Bu ko’z ilg`amas harakat naqadar sust ko’rinsa-da, muzliklarning ancha ildami hisoblanadi. Chunki O’rta Osiyo tog` muzliklarining o’rtacha sutkalik harakati 5-10 sm xolos. Xuddi shu harakat muzliklarning erishini ta’minlovchi dastlabki sabablardan biridir. Bundan tashqari, muzlik ustini vodiyning har ikkala yon-bag`ridan uvalanib,y emirilib, qulab, yuvilib, urilib hamda shamol ta’sirida uchib tushgan mayda chang zarrachalaridan tortib, to ulkanligi uydek xarsanglargacha egallab oladi. Morenalar muzlik bilan birgalikda quyi tomon harakatlana boshlaydi. Fasllar almashgan sari ustma-ust yoqqan qor va yangi qor ustiga qo’ngan yangi morenalarni ko’rish mumkin. Bu jarayon shu tarzda davom etib, morenalar muzlikning badaniga tobora singib boraveradi. Nihoyat, erish chegarasiga etgach, suvga aylana boshlayotgan muz biz o’ylagandek tarnovdagi sumalak kabi tiniq emas, balki o’sha loyqa oqimga aylanadi. Zarafshon suvida Amudaryo va Sirdaryoga nisbatan fosfor miqdori 1,5-2 marotaba ko’p uchraydi. Bu, albatta, har qanday unumdorligi past dalaning ham joniga oro kirgizadi, hosildor qiladi. Darhaqiqat, daryo ancha yoyilib va sekinlashib oqadigan Bulung`ur, Jomboy, Oqdaryo, Chelak, Ishtixon, Kattaqo’rg`on tumani hududlarining tuprog`i tevarak-atrofdagilardan farqli o’laroq, qora kulrang tuslidir.
Garchand daryo suvi hozir o’sha biz nazarda tutayotgan hududlarni qamrab ololmasa ham, qadimda Zarafshon bugungisidan bir necha o’n, balki yuz bora sersuvroq bo’lgan, degan xulosani beradi.
Zarafshonning delta qismida tadqiqot olib borgan arxeologlar (akademik A.Muhammadjonov rahbarligida) besh ming yil muqaddam u o’z suvini Amudaryoga quygan, degan xulosaga keldilar. Besh ming yil muqaddam emas, besh yuz yil muqaddam yashab o’tgan samarqandlik tarixchi olim Hofizu Obro’ ham, Ko’hak suvi sernam yillari to Jayhunga qadar yetar edi, deya dalolat beradi. Ba’zi bir qiyosiy taqqoslashlar yakuni ham qadimda Zarafshonning nihoyatda muazzam daryo bo’lganligi tasdig`idir.
Eramizning boshlarida yashab, ijod qilgan yunon olimi Kvint Kurtsiy Ruf shunday yozadi: “So’g`diyonaning katta qismidan mahalliy aholi «Politimet» deb ataydigan daryo oqib o’tadi. U avval tor o’zandan oqadi, so’ngra tor g`orga oqib tushadi va yer ostida ko’zdan g`oyib bo’ladi. Biroq daryoning sharillagan tovushi eshitilib turadi, yer usti doim zax». Yana bir yunonistonlik olim Strabon ham Zarafshonni shunday ta’riflaydi.
Kvint Kurtsiy Ruf tasvirlayotgan manzara Zarafshonning yuqori mansabiga xos bo’lib, daryo oqib kirib ketayotgan g`or aslida muz g`oridir. Demak, daryo muzlikdan ajralib chiqqach, quyiroqda bo’lishi ehtimolga yaqin. Bunday holatlar ko’p uchraydi. Qalin morenalar erimasdan ko’prik misol daryo o’zanini qoplab yotaveradi. Binobarin, ikki ming yil muqaddam muzlik chegarasi biz tasavvur qilgan hududdan juda ham quyida yotgan va tabiiyki, shunga yarasha ko’p suv bergan.
Suvning mo’lligidan va bahor paytlari yoyilib oqishidan shunchalar keng to’qay paydo bo’lganki, Samarqand atrofida 10 ming qo’shini bo’lgan Spitamen Aleksandr Makedonskiy askarlariga qaqshatqich zarba berib, daryo bo’yidagi o’sha changalzorga kirib ko’zdan g`oyib bo’lgan.
Ming yil muqaddam yashab o’tgan tarixchi olim Narshaxiy Zarafshonni Rudizar, gohida Haromkom deb atagan va Boykandga oqib borishini ta’kidlagan. Boykand esa to’qay va kattako’lga tutashadi. Bu ko’lni Bargin, Farix, Qorako’l deb ataydilar, deb yozadi Narshaxiy.
Jayxoniy (X asr) esa bu ko’lni Somchan deb ataydi. Buxoro suvining ortiqchasi o’sha joyga yig`iladi. Unda suv jonivorlari yashaydi. Xurosonning hamma joyidan qush va baliqlarning barchasini jamlasa ham unga teng kela olmaydi. Demak, Ulug`bek ham qish fasllarida ov qilish uchun bekorga Qorako’lni tanlamagan, shunga asoslanib, atigi besh yuz yil muqaddam ham Zarafshon juda sersuv bo’lgan ekan, deyishimiz mumkin. Ammo Varaxshadek shahristonlar eramizning boshlariga kelib huvillab qolgan. Shunday muhtasham qasrlardan iborat ko’rkam shaharni tashlab chiqishga odamlarni suvsizlik, Zarafshon suvining yetib bora olmay qolganligi, o’zanini birmuncha to’g`riga tomon o’zgartirishi ham sababchi bo’ldi. Darhaqiqat, Amu yoki Sirdaryo kabi Zarafshonning ham o’z oqimini tez-tez o’zgartirib, «tentirash» odati bor edi. Arxeologlar V.A.Shishkin, N.A.Leonov, A.Muhammadjonovlar Zarafshonning quyi oqimida kuzatishlar olib borib, daryoning o’zani Yerning isish va sovish davrlarida nisbatan sekin yoki tezroq aylanishi tufayli qutb yoki ekvator tomon siljib turishini aniqladilar. Olimlarning kuzatishlari eramizning boshlarida yangi isish davri yuz berganligini, natijada muzliklar ko’proq erib qisqarib borganligini, jarayon hamon davom etayotgan bo’lishi mumkinligini ko’rsatadi.
Ikkinchidan esa, Zarafshon daryosiga qadimda Qashqadaryo o’z suvini quygan, ya’ni Qashqadaryo Zarafshonning eng yirik va oxirgi chap irmog`i bo’lgan. Tarixiy geologik davrlarda, hatto Sangzor daryosi ham o’z suvini o’ng tomondan Zarafshonga quyganligi to’g`risida paleogeografik ma’lumotlar mavjud. Shunday bir holatda Zarafshon, albatta, hozirgi ahvoliga qaraganda, bemisl sersuv daryo edi, deya olamiz. Daryo o’zanida suvning kamaya borish davri eramizdan oldingi I-II asrlarga to’g`ri keladi, desak yanglishmaymiz, chunki o’lkamizdagi eng ko’hna gidrotexnik inshootlardan biri Darg`om kanali aynan Zarafshon suvining bir qismini vodiyning chap sohilidagi yangi ochilgan yerlarni sug`orishga olib ketsa, xuddi shu nuqtada keyinroq paydo bo’lgan Tuyatortar kanali daryoning o’ng sohili bo’ylab paydo bo’lgan sug`orma dehqonchilik uchun sarf bo’la boshladi. Hozirgi vaqtda Eski Anhor kanali orqali Qashqadaryo vohasi, Panjakent tumani (Tojikiston ) ham bir qancha maydonlarni Zarafshon suvi bilan sug`orishadi. Bularning barchasi daryo suvining me’yoriy jihatdan kamayishiga katta ta’sir o’tkazadi.
Uzoq o’tmishda Zarafshon Amudaryoning eng yirik o’ng irmoqlaridan biri bo’lgan. Biroq, Zarafshon vohasida qadimdan sug`orma dehqonchilikning bunyodga kelishi hamda uning tobora rivojlanib borishi va shu maqsadda daryo suvidan keng miqyosda foydalanish natijasida u allaqachon Amudaryodan ajralib qolgan. Shu tufayli hozirgi kunda Zarafshon mustaqil gidrografik obyekt hisoblanadi.
Ma’lumki bir daryo havzasida inson qo’li bilan bunyod etilgan suv omborlari, kanallar, ariqlar, kollektor–zovurlar va muzlardan to’yinadigan ko’llar birgalikda antropogen gidrografik tarmoqlarni hosil qiladi.
Zarafshon daryosi suvidan juda qadimdan inson manfaatlari yo’lida, asosan sug`orma dehqonchilikda, keng foydalanib kelinmoqda. Akademiklar Ya.G`.G`ulomov va A.Muhammadjonovlarning ma’lumotiga ko’ra, miloddan avvalgi ikki minginchi yillardan boshlab, shu kunlarga qadar, Zarafshon daryosi va uning irmoqlaridan yuzlab katta–kichik kanallar hamda ariqlar qazib chiqarilgan.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Zarafshon vohasida miloddan avvalgi II ming yillik va I ming yillik boshlarida yashagan o’troq aholi Zarafshondan ariqlar orqali suv chiqarilib, dehqonchilik qilingan. Yangi eraning I–IV asrlarida Zarafshondan suv oladigan Darg`om, Qalqonota, Shahrud, Romitan kabi yirik kanallar, Sangi–Saloh, Katta Beglik, Damdaryo kabi ariqlar qazilgan.
Zarafshon daryosi qadimgi Varaqsar (hozirgi Ravotxo’ja) qishlog`i yaqinida qurilgan to’g`ondan uchta ariq chiqarilgan (arablar kelishidan oldin). Eng shimoldagi Darg`om arig`i, qolgan ikkitasi temuriylar davrida Abbos va Qoraunas deb atalgan, keyinchalik ular Yangiariq va Qozonariq nomlarini olgan. Bu ariqlardan Samarqandning shimoli va janubidagi yerlar sug`oriladi. Samarqand shahridan sharqdagi yerlarga suv keltiruvchi Mirzaariq, Tuyatortar kanallarining V–VI asrlarda qazilgani haqida ma’lumotlar bor. Qadimgi ariqlardan bo’lgan Narpay (Nahrpoy) Sug`diyonaning eng yirik irrigatsiya inshooti hisoblangan. Tabiiyki, o’sha davrlarda Samarqand shahri ham Zarafshondan suv ichgan.
Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi Shofirkon (Shopurkom), Xarkanrud (hozirgi Qalqonrud), Xitraf yoki Govxitraf (hozirgi Vobkentdaryo), Buxoro shahrini suv bilan ta’minlovchi Rudizar (hozirgi Shohrud) kanallari ham qadimgi suv inshootlaridandir. Ular haqidagi ma’lumotlar Narshaxiy, Istaxriy, Muqaddasiy asarlarida keltiriladi.
Shu davrlarda Zarafshon havzasining o’rta oqimidagi daryolar va soylar toshqin suvlarini to’plab, ulardan ekinlarni sug`orishda foydalanish maqsadida suv omborlari ham qurilgan. Shulardan biri hozirgi Nurobod tumani hududidan topilgan “G`ishtband” dir. U Zarafshon tog` tizmalarining g`arbiy etaklaridan oqib chiqadigan Omondaryoda Qoraxoniylar hukmronligi davrida qurilgan.
Yangi yerlarni o’zlashtirish va, ayni paytda, sug`oriladigan yerlarda suv taqchilligiga barham berish maqsadida bahorgi toshqin suvlarini to’plashga imkon beradigan, o’z davriga nisbatan yirik suv omborlari ham qurilgan. Ulardan biri XVI asrda Nurota tumanining Oqchob qishlog`i yaqinida, Beglarsoy daryosida qurilgan Abdullaxonbandi suv omboridir.
Hozirgi kunda Zarafshon havzasining o’rta va quyi oqimlarida Qoratepa, Kattaqo’rg`on, To’sinsoy, To’dako’l, Quyimozor, Oqdaryo, Sobirsoy, Jizzax, Qorasuv va Qorovultepa kabi suv omborlari faoliyat ko’rsatadi. Ularning ko’pchiligi daryolar va soylarning o’zanlarida qurilgan bo’lib, o’zandagi suv omborlari tipiga tegishli bo’lsa, Kattaqo’rg`on, To’dako’l, Quyimozor suv omborlari esa to’ldirilgan suv omborlari tipiga mansubdir.
Zarafshon vohasidagi suv omborlari orasida suv sig`imi hamda suv yuzasi maydonining kattaligi bo’yicha Kattaqo’rg`on, To’dako’l va Quyimozorsuv omborlari ajralib turadi.
Zarafshondan chiqarilgan qadimgi kanallar suvi hamda o’tgan asrda qazilgan O’ng qirg`oq kanali, Yangi Darg`om, Miyonko’l –Xatirchi, Markaziy Miyonko’l kabi yangi kanallar chiqarilgan. Zarafshonning quyi oqimidagi ekinzorlarga esa Amu –Buxoro va Amu –Qorako’l mashina kanallari orqali Amudaryo suvi keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |