II. BOB. Zarafshon okrugining tabiiy geografik rayonlashtirilishi va xo’jalikdagi ahamiyati
2.1 Yuqori Zarafshonning umumgeografik tavsifi
Okrug Zarafshon daryosi havzasining yuqori qismiga to`g`ri keladi. Uning chegarasi shimolda Turkiston tizmasi, janubida Zarafshon, Hisor tizmalarining suvayirg`ichlaridan o’tadi. Turkiston tizmasining mutloq balandligi okrug g`arbida 3000 m dan sharqiga tomon ko’tarilib 5000-6000 m ga yetadi. Tizmaning janubiy yonbag`ri shimoliy yonbag`irga nisbatan qisqa va qiya bo’lib, kengligi 10-15 km. Yonbag`ir chuqur daralar hosil qiluvchi, uncha uzun bo’lmagan soylar bilan parchalangan. Turkiston tog` tizmasi silur davrining slaneslaridan va ularning qumtoshlar bilan aralashmasidan tashkil topgan.
Okrugning Zarafshon tizmasidan o’tgan chegarasi sharqda Mastchoh (ayrim adabiyotlarda Machcho) tog` tugunidan g`arbda to Yag`nob daryosining yuqori qismigacha boradi va shu yerdan chegara Hisor tizmasiga o’tadi. Uning mutloq balandligi deyarli 4000 va ayrim joylarda undan ham balanddir.
Okrug hududiga kirgan Zarafshon va Hisor tog` tizmalarining shimoliy yonbag`irlari asosan paleozoyning ohaktoshlaridan, slaneslaridan va qumtoshlaridan tashkil topgan.
Zarafshon tizmasi - Pomir-Ooy tog`lariga mansub tog` tizmasi. Zarafshon daryosidan janubda, Mastchoh (Ko`ksuv) tog` tugunidan boshlanib, Turkiston tizmasiga parallel holda sharqdan g`arbga 420 km ga (Jom cho`ligacha) cho`zilgan. Gersin burmalanishida hosil bo`lgan, keyinchalik yemirilgan va uchlamchi davrda qayta ko`tarilib hozirgi qiyofaga kelgan. Zamini asosan paleozoy ohaktoshlari, kristalli slanetslar va qisman granitlardan (g`arbida) tuzilgan. Zarafshon tizmasida qoya, tik jarlik va chuqur vodiylar ko`p. Ohaktoshli joylarida karst hodisalari uchraydi. Zarafshon tizmasining g`arbiy qismidagi Qirqtog` platosida (Ziyovuddin tog`lari yaqinida) O`rta Osiyoda eng chuqur, dunyodagi yirik karst g`orlaridan biri Kili (yoki Kiyev) g`ori (tubidagi ko`l bilan birga chuqurligi 950 m) joylashgan. Tizmaning sharqiy qismi Mastchoh va Yag`nob daryolari havzalarini, g`arbiy qismi Zarafshon va Qashqadaryo qavzalarini bir-biridan ajratib turadi. Sharqiy qismining o`rtacha balandligi 4000—4500 m.
2–rasm. Zarafshon tizmasining janubiy yon bag`irlar, Taxtaqoracha yaqinda, Qashqadaryo viloyati
Zarafshon tizmasida bir qancha bo`ylama depressiya (graben) va ko`ndalang vodiylar mavjud. Zarafshon daryosining irmoqlari — Fandaryo, Kishtutsoy, Mag`iyondaryo Zarafshon tizmasini ko`ndalang kesib o`tib, tizmani uch qismga bo`ladi. Fandaryogacha bo`lgan sharqiy kambar qismi Mastchoh tog`lari deb ataladi, unda qirrali cho`qqi ko`p. Shimoliy yonbag`ri qiya, janubiysi tik. Balandligi 4500—5000 m, eng baland joyi Tutak cho`qqisi, 5433 m. Baland qismida qor va muzlik ko`p. Sharkda Fandaryo va g`arbda Kishtutsoy oralig`ida Fan tog`lari joylashgan. Shimoliy yon bag`ri (Zarafshon vodiysi tomon) tik va qoyali bo`lib, janubiysi Hisor tog`lariga tutashib ketadi. Slanets va ohaktoshlaridan tuzilgan shim. yon bag`rida yoriq ko`p. Bu yoriklar tashqi kuchlar taʼsirida kengayib bormoqda; tog`larda ko`chkilar bo`lib turadi. Zarafshon tizmasining kichikroq muzliklar bilan qoplangan eng baland Chimtarg`a cho`qqisi (5489 m) shu qismida. Muzliklarning umumiy maydoni 307 km². Kishtutsoydan g`arbga tomon tog` pasayib, u yerda o`rtacha balandligi 2500 m bo`lgan platosimon tog`lar bor.
Okrugning markazini Zarafshon daryosining kenglik bo’ylab cho’zilgan vodiysi egallagan. Uning uzunligi sharqda Mastchoh (Machcho) tog` tugunidan g`arbda Zarafshon daryosining tog`lardan Samarqand botig`igacha chiqqan yerigacha 300 km ni tashkil etadi. Bu oraliqda Zarafshonga ko’plab irmoqlar kelib qo’shiladi. Zarafshon daryosining o’rtacha ko’p yillik suv sarfi Samarqand botig`iga kirish joyida 165 m3/sekund, o’rtacha oqim moduli esa 14,1 l/sek ni tashkil etadi. Daryo asosan muz –g`or suvlaridan to’yinadi.
Okrug iqlimi o’ziga hos. Uning tor, kenglik bo’ylab cho’zilgan, shimolidan va janubidan ham baland tog`lar bilan o’ralgan hududiga chetdan havo massalarining o’zgarmagan holda kirib kelishi ancha qiyin. Okrug hududida sovuq arktika va mo’tadil mintaqa havo massalari, shuningdek g`arbdan keladigan nam havo massalarining kuchli ta’siri sezilmaydi. Bunday hol qish faslining havo harorati rejimiga, vodiy tubida yozda havoning qizib ketishiga ma’lum darajada ta’sir ko’rsatadi, yog`in–sochin miqdorining kamayishiga olib keladi. Shuning uchun okrug hududi qo’shni okruglardan qurg`oqchilligi bilan ajralib turadi. Uning g`arbida 1000-1400 m mutloq balandliklarda yillik yog`in miqdori 320-360 mm ni tashkil etadi. Bu ko’rsatkich balandlikka ko’tarilgan sari ortib boradi, lekin okrugning sharqiga borgan sari bu qonuniyat buziladi va yillik yog`in miqdori kamayib, 160 -200 mm ni tashkil etadi.
Zarafshon tizmasi iqlimi kontinental. Tog` oldi qiyaliklari va yon bag`irlarining iklimi issiq va quruq, yuqoriga ko`tarilgan sari iqlimi salqinlashadi va yog`in ko`payadi. Yanvarning o`rtacha harorati pastroq qismida —0,5° dan 2° gacha, 2500— 3000 m balandlikda esa —6° dan —10° gacha. Iyulning o`rtacha harorati past joylarda 25—29°, baland qismida esa 15— 18°. Maksimum harorat 40—42°. Yillik yog`in miqdori 200—400 mm.
Okrug iqlimining bunday o’zgarishi uning tabiiy sharoitiga, balandlik mintaqalarining shakllanishiga ham o’z ta’sirini ko’rsatadi. Okrug hududida to’rtta balandlik mintaqasini ajratish mumkin. Bular tog`oldi cho’l–dasht va quruq dasht; o’rtacha balandlikdagi tog`larga mansub o’rmon-o’tloq–dasht; baland tog`lardagi dasht va o’tloq–dasht, doimiy qorliklar va muzliklar mintaqasi. Tog`oldi cho’l–dasht va quruq dashtlari mintaqasi 900-1400 m mutloq balandlikda joylashgan bo’lib, okrugning eng iliq va yog`in eng ko’p yog`adigan mintaqasidir. O’rmon-o’tloq–dasht mintaqasi 1400-2600 m va baland tog`lardagi o’tloq dashtlar 2600 -4000 m mutloq balandliklarda tarqalgan.
Tog` yonbag`irlari siyrak o`rmon (asosan archazor) bilan qoplangan. Tog`ning 800 m gacha bo`lgan va lyoss hamda lyossli qumloq jinslardan tuzilgan qismlarida oddiy va tipik bo`z tuproq, 800—1500 m balandlikda qo`ng`ir bo`z tuproq tarqalgan. 1500—2000 m balandlikda tog` o`rmon—dasht mintaqasidagi jigarrang va jigarrangqo`ng`ir tuproqlarda zarang, archa, yong`oq, bodom, qatrang`i, pista, do`lana, itburun, chiya o`sadi. 2500—3000 m balandliklar subalp mintaqasidan iborat, u yerlarda mushukquyruq, qo`ng`irbosh, oqso`xta, kovrak, betaga o`sadi. 3000 m dan baland qismidagi alp mintaqasida to`q qo`ng`ir va qo`ng`ir o`tloqi, o`tloqi tuproqlarda oqmomiq, to`ng`izsirt, suvrang , choyo`t, chalov, betaga, qiziltikan, paxtak o`sadi.
Zarafshon tizmasidagi o`rmon va butazorlarda o`rmon kalamushi, olmaxon uchraydi, alp mintaqasida esa qizil dumli sug`ur, qizil pishchuxa, kulrang sassiqko`zan, tibet burguti, kaptar, silovsin, tosh suvsari, jayra, yovvoyi echkilar yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |