8.7. Protsessual majburlov choralari, protsessual majburiyatlar va sud majlisida tartibni buzganlik uchun javobgarlik
(Muallif – yuridik fanlar doktori, professor G.Z.To‘laganova)
Jinoyat-protsessual kodeksi to‘rtinchi bo‘limining 32-bobi 271 – 274-moddalarida ko‘rsatilgan eng so‘nggi protsessual majburlov choralari – protsessual majburiyatlar va sud majlisida tartibni buzganlik uchun javobgarlikdir. Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik jinoyat protsessining har qanday bosqichida amal qilib, chora qo‘llangan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishga qadar jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Surishtiruv, dastlabki tergov va sudda protsessual majburiyatlarni hamda tartibni buzganlik uchun javobgarlik. Jinoyat protsessual huquqbuzarlik uchun javobgarlik qonunga rioya etmaslikda aybdor bo‘lgan shaxs xulqining uning o‘ziga nisbatan noqulay oqibatlarga olib keladigan rasmiy salbiy baholanishidir. Protsessual huquqbuzarlik uchun javobgarlik hamma vaqt faqat jarima xususiyatidagi sanksiyaning tatbiq etilishidir. Javobgarlik asosi – protsessual huquqbuzarlik deb ataladigan jamiyat uchun xavfli bo‘lgan hamda shuning uchun qonun bilan taqiqlangan qilmish (harakat yoki harakatsizlik)dir. Jinoyat protsessida javobgarlik qonunning ayb bilan bog‘liq buzilishi uchungina (qasddan yoki ehtiyotsizlik) yuzaga keladi. Protsessual huquqbuzarlik ko‘pincha jinoyat tarkibini (masalan, guvohning sud chaqiruviga ko‘ra kelishdan ataylab bosh tortgani) yoki intizomiy qilmish tarkibini tashkil etadi.
Sud majlisida tartibni buzgan, raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunmagan yoki sudni behurmat qilgan taqdirda tartibbuzar bunday harakatlarning takrorlanishi uni sud majlisi zalidan chiqarib yuborishga sabab bo‘lishi haqida, tartibbuzar esa, bundan tashqari, ma’muriy javobgarlikka tortilishi ham mumkinligi xususida ogohlantiriladi. Bu ogohlantirish ta’sir qilmasa, protsess ishtirokchisi sudning ajrimiga, boshqa shaxslar esa, raislik qiluvchining farmoyishiga muvofiq sud majlisi zalidan chiqarib yuboriladi. Ishni ko‘rish chiqarib yuborilgan shaxslarsiz davom ettiriladi. Sud majlisida tartibni buzganlik uchun javobgarlik esa faqat ishni sudda ko‘rish bosqichiga mansub bo‘lib, u asosan pul undirish, jarima solish, eng jiddiy hollarda esa ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Demak, ushbu ikki mustaqil protsessual majburlov chorasi bir-biridan tubdan farq qiladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 271-moddasiga ko‘ra jinoyat ishini yuritish chog‘ida Jinoyat kodeksining 230 – 241-moddalarida nazarda tutilgan odil sudlovga qarshi qaratilgan jinoyatni sodir etgan protsess ishtirokchilari Jinoyat-protsessual kodeksining umumiy qoidalariga binoan javobgarlikka tortiladilar.
Mazkur protsessual majburlov chorasi jinoyat protsessi ishtirokchilarining juda keng doirasiga nisbatan qo‘llanilishi mumkin:
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning guvohlantirishdan, ekspertizadan o‘tish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar taqdim etish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortganliklari uchun – jabrlanuvchi va guvohlar;
Surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning talabi bilan izlanayotgan ashyolarni berishdan bosh tortganlik uchun – uyida olib qo‘yish, tintuv o‘tkazilayotgan shaxslar, shuningdek mol-mulki xatlangan shaxslar (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning yaqin qarindoshlaridan tashqari);
Surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi qarorini bajarmaganlik yoki yetarli darajada bajarmaganlik uchun – aloqa muassasalarining xodimlari;
Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, tergov eksperimenti o‘tkazish, murdani eksgumatsiya qilish, olib qo‘yish va tintuv o‘tkazishga to‘sqinlik qilayotgan mansabdor shaxslar va fuqarolar;
Surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini oshkor qilganlik uchun, agar ular ma’lumotlarni oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan ogohlantirilgan bo‘lsalar – protsess ishtirokchilari;
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari – surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, mutaxassis, ekspert, tarjimon, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, xalq maslahatchilarining kelishiga to‘sqinlik qilganlik, jinoyatning sabablariga va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarga barham berish to‘g‘risidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning taqdimnomasi yoki sudning xususiy ajrimini bajarmaganlik yoxud talab darajasida bajarmaganlik uchun qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishlari mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksining 272-moddasiga ko‘ra sud majlisida tartibni buzgan, raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunmagan yoki sudni behurmat qilgan tartibbuzar bunday harakatlarning takrorlanishi uni sud majlisi zalidan chiqarib yuborishga sabab bo‘lishi, ma’muriy javobgarlikka tortilishi ham mumkinligi xususida ogohlantiriladi. Ogohlantirish kor qilmasa, protsess ishtirokchisi sud majlisi zalidan chiqarib yuboriladi va ishni ko‘rish chiqarib yuborilgan shaxslarsiz davom ettiriladi. Mazkur protsessual majburlov chorasi sud majlisi vaqtida tartibni buzgan prokuror yoki advokatga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin. Ular tartibni buzganligi uchun sud majlisi zalidan chiqarib yuborilmay, ishni eshitish keyinga qoldiriladi, bir shaxsni bir necha ayblovchi ayblayotgan yoki bir necha himoyachi himoya qilayotgan hollar bundan mustasno. Ayblovchi yoki himoyachining nomunosib xulq-atvori to‘g‘risida sud xususiy ajrim chiqarib, uni tegishliligiga qarab, yuqori turuvchi prokuror yoki advokatlar malaka komissiyasiga yuboradi. Sud zalidan sudlanuvchi chiqarib yuborilgan bo‘lsa, ishni ko‘rish davom ettiriladi, lekin hukm sudlanuvchi ishtirokida e’lon qilinishi yoki e’lon qilinganidan keyin unga darhol ma’lum qilinib, tilxat olinishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |