8.6. Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish
(Muallif – yuridik fanlar doktori, professor G.Z.To‘laganova)
Hech kimga uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasi)
|
|
Jinoyat sodir etish vaqtida o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va o‘z harakatlarini boshqara olgan shaxs aqli raso deb topiladi.
Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli noraso holatda bo‘lgan, ya’ni surunkali ruhiy kasalligi, ruhiy holati vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoki boshqa tarzdagi ruhiy kasalligi sababli o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmagan yoki harakatlarini boshqara olmagan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.
(Jinoyat kodeksi 18-moddasi)
|
Milliy sud-huquq tizimini isloh etishning mantiqiy davomini anglatuvchi sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash masalalari jinoyat ishlari yurituvining sudga qadar bosqichlarida sud nazoratini kengaytirishni, xususan, tibbiy muassasaga joylashtirish kabi protsessual majburlov choralarini qo‘llashda tatbiq etilishini taqozo etdi.
Jumladan, 2012-yil 18-sentabrda Jinoyat-protsessual kodeksining
29- va 31-boblariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, sudga qadar ish yurituv bosqichida qo‘llanadigan choralar, ya’ni lavozimdan chetlashtirish va tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralari faqat sudyaning sanksiyasi asosida qo‘llash tartibi qonunan mustahkamlandi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 265 – 266-moddalari ushlab turish, qamoqda saqlash kabi jiddiy protsessual choralardan biri sanaladigan shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tartibini belgilaydi. Sud-tibbiyot yoxud sud-psixiatriya ekspertizasini o‘tkazishda statsionar kuzatuv zarurati bo‘lsa, prokuror, tergovchi shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi. Ushbu chiqarilgan qaror prokuror tomonidan o‘rganib chiqilib, sudga iltimosnoma kiritish yoki kiritmaslik masalasi hal qilinadi. Ushbu jarayonda prokuror shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.
Sudya shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida yoki shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirishni rad qilish haqida ajrim chiqaradi.
Har bir jinoyat sodir qilgan aqli raso shaxs o‘z qilmishining oqibatini tushungan holda qasddan harakat qiladi yoki ehtiyotsizlik natijasida jinoyat sodir etadi va jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu masalaga jinoyat huquqi fanida jiddiy ahamiyat beriladi. Jinoyat kodeksining 18-moddasida jinoyat sodir etish vaqtida o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va o‘z harakatlarini boshqara olgan shaxs aqli raso deb topiladi. Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli noraso holatda bo‘lgan, ya’ni surunkali ruhiy kasalligi, ruhiy holati vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoki boshqa tarzdagi ruhiy kasalligi sababli o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmagan yoki harakatlarini boshqara olmagan shaxs javobgarlikka tortilmaydi (Jinoyat kodeksi 18-moddasining 2-qismi). Demak, jinoyat protsessida jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxsning aqli rasoligi yoki norasoligi masalasi hal etilishi muhim, chunki u aqli noraso deb topilsa, jinoyat ishi alohida toifaga ajratiladi va Jinoyat-protsessual kodeksining 61-bobida ko‘rsatilgan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarni yuritish tartibida olib boriladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 265 – 269-, 569-moddalarida shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish asoslari, tartibi, muddatlari, bunday qaror va ajrimlar ustidan shikoyat qilish hamda bu toifadagi ishlarni to‘xtatib turish masalalari bayon etilgan. Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish va tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash shaxsni jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lgan keng ma’nodagi jinoyat-protsessual majburlov hisoblanadi, ya’ni bu choralar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasidagi shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqlarini cheklash bilan bog‘liq.
Jinoyat-protsessual kodeksining 265-moddasiga ko‘ra, jabrlanuvchilar va guvohlar tegishli sud ekspertizasini o‘tkazish uchun tibbiy muassasaga majburiy joylashtirilishi mumkin emas, zero ular gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 15-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligini fosh qilayotgan va ular bergan ko‘rsatuvlarning ishonchliligini tekshirishning boshqa imkoniyati bo‘lmagan hollar bundan mustasnoligi belgilangan. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi masala Jinoyat-protsessual kodeksining 31-bobida belgilangan tartibda, sudlanuvchini tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi masala esa Jinoyat-protsessual kodeksining 423-438-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal qilinadi.
Shuningdek, mazkur modda mazmuniga ko‘ra, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining tibbiy muassasada bo‘lgan vaqti qamoqda saqlash muddatiga qo‘shib hisoblanadi. Bu holat ham shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish chorasini qamoqda saqlash jinoyat-protsessual institutiga yanada yaqinlashtirib, choraning jiddiyligiga ishora qiladi.
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 265-moddasiga binoan, ayblanuvchi va sudlanuvchining ruhiy holati ustidan statsionar kuzatuv zarurati bo‘lganda, ular tegishli tibbiy muassasaga joylashtiriladi va bu holatda Jinoyat-protsessual kodeksining 236-moddasida ehtiyot choralarining maqsadlaridan birortasi ham ko‘zda tutilmaydi. Biroq shaxsga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan bo‘lsa, uni tibbiy muassasaga joylashtirilishi bir vaqtning o‘zida ehtiyot choralari ko‘zlaydigan maqsadlarga erishish uchun xizmat qilishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksi 265-moddasining to‘rtinchi qismida jabrlanuvchi va guvohlarni ekspertiza o‘tkazish uchun tibbiy muassasaga majburiy tarzda joylashtirish mumkin emasligi ta’kidlangan.
Shubhasiz, jabrlanuvchi va guvohlar majburiy tarzda tibbiy va ruhiy statsionarlarga joylashtirilmasliklari lozim. Lekin ular gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 15-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlaridagi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda aybli ekanligini ochib berayotgan va ko‘rsatuvlarning ishonchliligini tekshirishning boshqa imkoniyati bo‘lmagan hollarda tibbiy muassasaga joylashtirilishlari mumkinligi haqidagi qoidaga e’tiroz bildirish mushkul. Jinoyat-protsessual kodeksining 173-moddasi 5-bandidagi jabrlanuvchi, guvohning ruhiy va jismoniy holatini hamda ular ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarni idrok qilish, esda saqlash va so‘roq qilganda, ifodalab berish layoqatiga ega ekanliklarini, shuningdek jabrlanuvchining jinoyat protsessi chog‘ida o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini mustaqil himoya qila olish layoqatini aniqlashda ekspertiza o‘tkazishning shart ekanligi ham faqat jinoyat ishini muvaffaqiyatli hal etishga ko‘maklashadi.
Biroq, Jinoyat-protsessual kodeksining 173-moddasi 5-bandida ko‘rsatilgan holatlarda ekspertizani tayinlash va o‘tkazish jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning majburiyatiga kiradi. Jinoyat-protsessual kodeksining 55-moddasida jabrlanuvchining surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lish, haqqoniy ko‘rsatuvlar berish, haqiqatni aniqlashga, dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmaslik, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning talabi bo‘yicha dalillar taqdim qilish va ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etish kabi majburiyatlari belgilangan. Guvohning huquqiy maqomiga ham shunga o‘xshash majburiyat va javobgarlik choralari xosdir. (Jinoyat-protsessual kodeksining 66-moddasi).
Qonunda jabrlanuvchi yoki guvohning ekspertiza tekshiruvi yoxud guvohlantirish o‘tkazishdan bosh tortganligi uchun jinoyat-protsessual javobgarlik choralarini belgilash mumkin, lekin bu choralar ushbu subyektlarni jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lmasligi aniq. Bir vaqtning o‘zida xuddi shunday zarurat tug‘ilganida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi jamiyatdan ajratiladi. Demak, ularni tibbiy yoki ruhiy statsionarga joylashtirishda ehtiyot choralarini qo‘llashga xos bo‘lgan maqsadlar ko‘zlanadi. Ushbu fakt orqali tomonlarning tengligi prinsipi buziladi. Shunday jiddiy majburlov chorasini qo‘llashni gumon qilinuvchi va ayblanuvchining protsessual maqomi orqali asoslash ularning jinoyat sodir etishda aybdor deb topilmaganligini e’tiborga olganda ishonchsiz ko‘rinadi.
Albatta, gumon qilinuvchi va ayblanuvchi, shuningdek jabrlanuvchi va guvoh statsionar ekspert tekshiruvlariga ixtiyoriy tarzda rozilik bergan holatlar bundan mustasno. Ushbu holatda tibbiy yoki ruhiy statsionarga joylashtirish o‘zining majburlov xarakterini yo‘qotadi.
Shaxsning roziligisiz tibbiy yoki ruhiy statsionarga majburiy joylashtirish faqat hibsda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi lozim. Hibsda saqlanmayotgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini tibbiy yoki ruhiy statsionarga majburiy joylashtirish zarurati tug‘ilgan hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 243-moddasida nazarda tutilgan tartibda sudga murojaat qilinadi. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini tibbiy yoki ruhiy statsionarga majburiy joylashtirish amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksining 265 – 269-moddalarida ko‘zda tutilgan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Shaxs tibbiy muassasaga ko‘pi bilan bir oy muddatga joylashtirilishi mumkin. Alohida hollarda shifokorlarning statsionar ekspertiza o‘tkazish jarayonida olingan xulosasiga asosan bu muddat sudning ajrimi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin va muddatni yanada uzaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ekspertiza o‘tkazishni tayinlagan shaxs yoki ekspertlar tomonidan jiddiy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan hollarda sudya o‘zining xususiy ajrimi orqali protsessual ta’sir choralarini ko‘radi.
Do'stlaringiz bilan baham: |