Ushlab turilganlarga himoyachi, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashish uchun ruxsat berish tartibi. Ushlab turilgan shaxs, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 46 – 48-moddalarining birinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga ko‘ra, ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo‘lish hamda uchrashuvlar soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish huquqiga ega. Himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga bo‘lgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi. Ushlab turilgan shaxsga tanlangan yoki tayinlangan himoyachi bilan birinchi xoli uchrashuvga birinchi so‘roqqacha ruxsat beriladi. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanayotgan ushlab turilgan shaxsning himoyachi bilan uchrashuviga Jinoyat-protsessual kodeksining 226-moddasini birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar inobatga olingan holda ruxsat beriladi. Qayd qilingan moddaning qismlarida nazarda tutilgan muddatlar birmuncha qisqa muddatlar bilan chegaralanganligi sababli bunday uchrashuvning davomiyligi surishtiruvchi, tergovchi va prokuror tomonidan ikki soatga qadar cheklanishi mumkin.
Ushlab turilgan shaxsga qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvga ushlab turilgan shaxslar saqlanadigan joyning ma’muriyati ushlab turish to‘g‘risidagi materiallar qaysi tergovchi yoki surishtiruvchining ish yurituvida bo‘lsa, faqat o‘sha tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsati asosida ijozat beradi, himoyachi bilan uchrashuv bundan mustasno.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi qamoqda saqlanayotgan muassasa ma’muriyati himoyachidan u o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashishi uchun surishtiruv, tergov organi yoki sud tomonidan yana boshqa maxsus ruxsatnoma berilishini talab qilishga haqli emas. Himoyachiga o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashishga, o‘zining yoki himoyasi ostidagi shaxsning talabiga ko‘ra, jinoyat protsessining har qanday bosqichida darhol, gumon qilinuvchi bilan esa, Jinoyat-protsessual kodeksi 48-moddasining birinchi qismida belgilangan qoidalarga muvofiq ruxsat berilishi shart.
Ushlab turilganni ozod qilish, unga ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyonni undirish asoslari va tartibi. Shaxsning qonunga zid ravishda yoki zaruriyatsiz ushlangani aniqlanganda va ushlab turish zaruriyati qolmaganda, uni zudlik bilan ozod qilish choralari ko‘rilishi lozim. Jinoyat-protsessual kodeksining 234-moddasining birinchi qismi 1-, 2-, 3-bandlarida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lganda, ushlab turilgan shaxsni ozod qilish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror yoxud sud ajrim chiqaradi. Ushbu qaror yoki ajrim ijro uchun kelib tushishi bilan ushlab turilganlar saqlanadigan joyning boshlig‘i tomonidan darhol ta’minlanadi.
Ushlab turilgan shaxs jinoyat sodir etganligi haqidagi gumon turli holatlarga ko‘ra tasdiqlanmasa, masalan, jabrlanuvchi va jinoyat shohidlari ushlangan shaxsni jinoyat sodir etgan shaxs sifatida ko‘rsatishda xatoga yo‘l qo‘ysalar, gumon qilinuvchi sodir etilgan qilmishga aloqador yoki daxli bo‘lmasa, surishtiruvchi yoki tergovchi jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxsni darhol ozod qilishi shart.
Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining ushlab turilgan shaxsni ozod qilish haqidagi qarori yoxud sudning uni ushlab turish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi ajrimi qonunda belgilangan muddat ichida (yetmish ikki soat ichida) ushlab turilganlar saqlanadigan joyga kelib tushmasa, ushlab turilganlar saqlanadigan joyning boshlig‘i bu shaxsni ozod qiladi va uning ozod qilinganligi to‘g‘risida prokurorga, tergovchiga yoki surishtiruvchiga bildirish xati yuboradi.
Zarur hollarda ushlab turilganlar saqlanadigan joyning ma’muriyati ozod qilingan shaxslarning yashash joyiga yetib borishga yordam beradi va ularning ushlab turilganlar saqlanadigan joyda bo‘lgan vaqti haqida ma’lumotnoma beradi. Ushlab turilgan shaxsning ozod qilinishi unga nisbatan qamoqqa olishdan boshqa ehtiyot choralari (munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat, shaxsiy kafillik v.h.) qo‘llanishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bunday hollarda shaxsga qonunda belgilangan muddatlar ichida ayblov e’lon qilingunga yoki ish harakatdan tugatilgunga qadar, u gumon qilinuvchi protsessual maqomida qoladi.
Shaxsga qonunsiz ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyon, basharti keyinchalik unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan yoki O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra ish tugatilgan bo‘lsa, to‘liq hajmda qoplanadi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-, 302-, 304-, 307-, 309-, 310-, 311-moddalari.
Yuqoridagi asoslarga ko‘ra, oqlov hukmi chiqarilganda yoki ish harakatdan tugatilganda oqlov hukmida, qarorda esa tergovchi, prokuror reabilitatsiya etilgan shaxsning o‘ziga yetkazilgan mulkiy ziyonni undirib olish huquqini e’tirof etishlari lozim. Shuningdek, reabilitatsiya etilgan shaxsga mulkiy ziyonni qoplash, ma’naviy ziyonni bartaraf qilish va boshqa huquqlarini tiklash tartibi tushuntiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |