8.3. Ushlab turish
(Muallif – yuridik fanlar doktori, professor B.X.Po‘latov)
Ushlab turish maqsadi, asoslari, ushlab turish huquqiga ega bo‘lgan va unda immunitet huquqidan foydalanuvchi shaxslar. O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimi islohotining eng muhim vazifasi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, avvalo, shaxsiy daxlsizlik huquqlari ta’minlanishi hisoblanadi.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 25-moddasi)
|
|
Hech kim asossiz qamalishi, ushlanishi va quvg‘in qilinishi mumkin emas.
(Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 9-moddasi)
|
Ushlab turilganlar huquqlarining kafolatlari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-, 7-, 10-, 11-moddalarida o‘z ifodasini topgan. Bundan tashqari 1966-yil 19-dekabrda qabul qilingan “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Paktning 6-, 9-, 14-moddalari, 1984-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi Konvensiya”ning 2 – 16-moddalari, 1955-yil 30-avgustda qabul qilingan “Mahbuslar bilan muomala qilishning standart qoidalari”, 1990-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Mahbuslar bilan muomala qilishning asosiy prinsiplari”, 1988-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Qanday shaklda bo‘lmasin, hibsga yoki qamoqqa olingan barcha shaxslarni himoya qilish prinsiplari” turkumi, 1982-yil 18-dekabrda qabul qilingan “Mahbuslar yoki hibsga olingan shaxslarni qiynoq hamda jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatini kamsituvchi turlaridan himoya qilish”da sog‘liqni saqlash xodimlarining, ayniqsa shifokorlarning o‘rniga taalluqli tibbiyot etikasi prinsiplari va boshqa xalqaro hujjatlarda ushlab turilgan shaxslarning huquq va erkinliklariga oid qoidalar keng bayon etilgan.
Ushlab turilgan bironta shaxsga nisbatan qiynoqqa solish, zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash hamda insonga nisbatan boshqacha shafqatsiz yoki uning qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatda bo‘lish, shuningdek qonunga xilof boshqa choralar qo‘llash mumkin emas. Ushlab turilgan gumon qilinuvchiga jismoniy yoki ruhiy xarakterdagi tazyiqlar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushlab turilgan shaxsning huquqiy holatidan foydalanib, uni jinoyat sodir etganlikda iqror bo‘lishga, o‘zini yoki boshqa shaxslarni fosh etish to‘g‘risidagi ko‘rsatuvlarni berishga majburlash taqiqlanadi.
Jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxsni ushlab turish jinoyat sudlov vazifalarini hal etishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ko‘pincha kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda qo‘llanadigan, shaxsni qisqa muddat jamiyatdan ajratilgan holda saqlab turishdan iborat bo‘lgan preventiv protsessual majburlov choralaridan biridir.
Ushlab turish quyidagi maqsadlarda qo‘llanadi: jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsning jinoiy faoliyatini oldini olish; dastlabki tergov va suddan bo‘yin tovlashning oldini olish; ushbu shaxsning haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qiladigan urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik, ya’ni jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan dalillarni yashirish yoki yo‘q qilib yuborishning oldini olish; ushlangan shaxsning sodir etilgan jinoyatga aloqadorligini aniqlash.
Ushlab turish jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan avval ham amalga oshirilishi mumkin. Bu holda ushlab turish nafaqat militsiya yoki boshqa surishtiruv organi xodimi, balki muomalaga layoqatli har qanday shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Ular ushbu harakatni amalga oshirish davomida yoki undan keyin darhol huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish yoxud ushlab turishdan oldin shu joyda bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organi xodimiga murojaat qilib, uning yordamidan foydalanishi lozim.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan keyin ushlab turishga faqat tergovchi, surishtiruvchi, prokurorning qaroriga muvofiq yo‘l qo‘yiladi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzida protsessual majburlov chorasi qo‘llaganida bu haqda 24 soatdan kechiktirmasdan uning oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoki o‘qish joyiga ma’lum qilishi shart. Ushlab turilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi bo‘lsa, yuqorida ko‘rsatilgan muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar berilishi shart. Ushlab turish asoslarining ro‘yxati qonunda qat’iy belgilangan bo‘lib, uni kengaytirilgan tarzda talqin etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lgan hollarda, uning surishtiruv va dastlabki tergov organlaridan qochishga urinishi yoki doimiy yashaydigan joyining yo‘qligi yoxud aniqlanmaganligi ushbu shaxsni gumon qilinuvchi tariqasida ushlab turishga asos bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |