Tergov harakatlarini amalga oshirish jarayonida protsessual xatoliklarga yo‘l qo‘yilganmi?
2-kazus
Ashurov sodir qilgan jinoyati uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan. Prokuror ayblanuvchi Ashurovga nisbatan lavozimdan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma bilan sudga murojaat qilib, sud bu borada prokurorni iltimosnomasini qanoatlantirdi va lavozimdan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrim Ashurov ishlaydigan tashkilotga yuborildi. Lekin tashkilot rahbari Ashurovni juda qimmatli xodim ekanligini va uning vazifasini bajarishga muqobil kadr yo‘qligini vaj keltirib ajrimni ijro etishni rad etdi.
Vaziyatga huquqiy baho bering. Tashkilot rahbarining vaji o‘rinlimi?
MUSTAQIL ISH UCHUN TOPSHIRIQLAR
1. Jinoyat protsessida protsessual majburlov choralarini qo‘llash asoslari va shartlari. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
2. Xorijiy davlatlarda protsessual majburlov choralari tizimi. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
3. Ushlab turish asoslari, tartibi va xususiyatlari. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
IX BOB. EHTIYOT CHORALARI
(Muallif –yuridik fanlar doktori, professor G.Z.To‘laganova)
Annotatsiya: talabalar tomonidan mazkur mavzu doirasidagi jinoyat protsessida ehtiyot choralarini qo‘llashning sabab va asoslari, ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan shaxslar, ehtiyot choralari va ularning turlari, protsessual asoslari va tartibini, ehtiyot choralarini qo‘llashga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslarning protsessual faoliyati yuzasidan zaruriy bilim olish imkonini beradi.
9.1. Ehtiyot choralari va ularning turlari,
ularni qo‘llash, o‘zgartirish va bekor qilish
Ehtiyot chorasi - bu ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish; uning bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish; uning ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga xalal beradigan urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik; hukmning ijro etilishini taminlash maqsadida qo‘llaniladigan protsessual majburlov chorasi turidir.
Ehtiyot choralarining quyidagi turlari mavjud: munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat, shaxsiy kafillik jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi, garov, qamoqqa olish va uy qamog‘i, voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish; harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan ayblanuvchi, sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot choralaridan qaysi turini tanlashda Jinoyat-protsessual kodeksining 236-moddasida nazarda tutilgan asoslardan tashqari quyidagi holatlar ham e’tiborga olinadi: qo‘yilgan aybning (sodir etilgan jinoyatning og‘irligi; ayblanuvchining shaxsi; ayblanuvchi shug‘ullanadigan mashg‘ulot (faoliyat) turi; ayblanuvchining yoshi (masalan, voyaga yetmaganligi yoki keksayganligi); sog‘lig‘i; oilaviy ahvoli (uylanganligi, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari yoki nafaqa yoshidagi ota-onalari yoxud boshqa boqimandalari mavjudligi) va boshqa holatlar. Boshqa holatlarga quyidagilar kiradi: mehnatga layoqatliligi; yashash va ish joyining mavjudligi; davlat mukofotlari, faxriy unvonlari borligi; sudlanganlik holati, ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni o‘tagan muddati, ozodlikka chiqqan vaqti; ayblanuvchini jamiyat a’zosi sifatida tavsiflovchi ma’lumotlar (yashash, ish joylaridan olingan ma’lumotnomalar v.h.); tarjimai holida ko‘rsatilgan ba’zi holatlar (masalan, terroristik to‘dalarga qarshi kurashda, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etganligi) v.h.
Ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori va sudning ajrimi mazkur choralarni qo‘llash, bekor qilish va o‘zgartirishning huquqiy asosi hisoblanadi.
Uy qamog‘i va qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasi prokuror, shuningdek prokurorning roziligi bilan tergovchi tomonidan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Bu haqda mazkur ehtiyot chorasini tanlash to‘g‘risida ajrim chiqargan sud albatta xabardor etilishi lozim.
Prokuror yoki surishtiruvchi, tergovchining qarorida ehtiyot chorasini qo‘llash yuzasidan chiqarilgan sud qarorining qonuniyligi va asosliligi muhokama qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ehtiyot chorasini qo‘llash, bekor qilish, o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrimda: shaxsning qanday jinoyatni sodir etishda ayblanayotganligi; ehtiyot chorasi qanday qonuniy asoslarga tayanib qo‘llanganligi yoxud tegishli dalillar keltirish yo‘li bilan bu asoslar yo‘qligi yoki o‘zgargani; ehtiyot chorasini tanlashga ta’sir qiluvchi, qonun bilan belgilangan holatlarni hisobga olib, ehtiyot choralarini qo‘llash, bekor qilish yoki o‘zgartirish zaruratini izohlovchi sabablar ko‘rsatiladi. Qaror yoki ajrim kimga nisbatan chiqarilgan bo‘lsa, shu shaxsga darhol e’lon qilinadi, mazkur shaxs qaror bilan tanishib chiqqanligini o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi. Ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim og‘ir kasallikka chalingan yoxud tergov va suddan qochib ketgan shaxslarga nisbatan ular tuzalishi yoki ushlanishi bilan darhol e’lon qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |