9.4. Munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat
Ayblanuvchi (sudlanuvchi)dan munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat olish ehtiyot choralarining eng yengili hisoblanadi, lekin uni qo‘llashda ham jiddiy munosabat zarur.
Munosib xulq-atvorda bo‘lish ko‘proq ruhiy majburlovga xos bo‘lib, tilxat olingan vaqtda ayblanuvchi o‘ziga nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantiriladi.
JPK 250-moddasining birinchi qismiga muvofiq munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ayblanuvchining yoki sudlanuvchining surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga tergov va suddan yashirinmaslik, jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilmaslik, jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanmaslik, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruvi bilan etib kelish haqida bergan yozma majburiyatidan iboratdir.
Bunday ehtiyot chorasi qo‘llangan shaxslar barcha konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar majmuasidan foydalanadilar. Bu chora bilan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan boshqa cheklovchi choralar (kadrlar bo‘limini, uchastka nozirini jalb qilish v.b.) qonunda nazarda tutilmagan bo‘lib, ular fuqaroning shaxsiy erkinligini jiddiy va sezilarli ravishda cheklaydi.
Tergovchi va prokuror jinoyatni tekshirish jarayonida hodisaning ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlarini o‘rganadi. Ehtiyot chorasi to‘g‘risidagi masalani hal qilishda u qo‘llanadigan shaxsning kelgusidagi xulq-atvorini ham baholashga to‘g‘ri keladi. Shaxsning xulq-atvorini baholashga boshlang‘ich ma’lumotlar bilan birga ish bo‘yicha to‘plangan jinoyatning og‘irligini, ayblanuvchining shaxsi, uning ayb shakli kabilarni xarakterlovchi dalillar ham xizmat qiladi. Ehtiyot chorasini tanlash masalasini to‘g‘ri va asosli hal qilish uchun ishning barcha faktik holatlariga baho berish hamda shaxsning ehtiyot chorasi qo‘llashni taqozo etuvchi ehtimoliy xulq-atvori to‘g‘risida to‘plangan ma’lumotlar asosida xulosa qilish lozim.
Jinoiy javobgarlikka tortiladigan shaxsning xulq-atvorini oldindan mutlaqo aniq ko‘ra bilish qiyin. Shuning uchun ehtiyot chorasi haqidagi masalani hal qilishda shaxsning ehtimoliy xulq-atvori aniqlanadi. Biroq bunday xulq-atvor haqidagi xulosa taxminlarga emas, balki shaxs tergovdan va suddan yashirinishi, haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilishi, jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishi, hukmning ijrosidan bo‘yin tovlashi ehtimol ekani to‘g‘risida darak beruvchi obyektiv ma’lumotlarga asoslanishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
250-moddasi, Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi
105-moddasida tilxat faqat ayblanuvchi va sudlanuvchidan olinishi nazarda tutilgan, gumon qilingan shaxs haqida hech bir ma’lumot yo‘q. Demak, mamlakatimizda mazkur ehtiyot chorasi gumon qilinuvchiga nisbatan qo‘llanmaydi. Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining 102-moddasi, Armaniston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 144-moddasi, Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 144-moddasi, Belarus Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 120-moddasi, Estoniya Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
96-moddasi, Tojikiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
86-moddalariga ko‘ra mazkur chora gumon qilinuvchiga nisbatan ham qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
250-moddasida ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini buzgan taqdirda, unga nisbatan jiddiy ehtiyot chorasi qo‘llanishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirilishi ta’kidlangan.
Ehtiyot chorasini qo‘llash zarurati to‘g‘risidagi masalani hal qilishda, shuningdek qaysidir chorani tanlashda tergovchi, prokuror, sud Jinoyat-protsessual kodeksining 238-moddasida ko‘rsatilgan holatlarni e’tiborga olishi lozim. Bunday holatlarni hisobga olish va baholash ehtiyot chorasini qo‘llash zarurati va asoslari mavjudligi to‘g‘risidagi masalani to‘g‘ri hal qilishga, shuningdek ulardan ayblanuvchining, sudlanuvchining nomunosib xulq-atvorining oldini olishga yordam beradi.
Munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat asosan ijtimoiy o‘ta xavfli bo‘lmagan shaxslarga nisbatan, ya’ni uning erkinlikda qolishi jinoyat sudlov ishlarini normal yuritishga jiddiy xavf tug‘dirmaydigan holatlarda qo‘llaniladi.
Ushbu ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchining tergov va suddan yashirinmasligi va munosib xulq-atvorda bo‘lishini taminlashi mumkin, ammo uni kelajakda dastlabki tergov yoki suddan bo‘yin tovlaydigan, yana jinoyatlar sodir qiladigan yoki ish bo‘yicha tergov va sudda ishtirok etuvchi shaxslarga nisbatan g‘ayrihuquqiy ta’sir o‘tkazadigan ayblanuvchiga va sudlanuvchiga nisbatan qo‘llash man etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 250-moddasida tilxat beruvchi shaxs o‘z zimmasiga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning ijozatisiz ushbu aholi punktidan chiqib ketmaslik va shu aholi punkti doirasida istiqomat joyini o‘zgartirsa, bu haqda ularni xabardor qilish majburiyatini olishi ta’kidlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |