9.5. Shaxsiy kafillik
Kafillik ishonchga loyiq shaxslardan ayblanuvchi, sudlanuvchini munosib xulq-atvorda bo‘lishi va tergov hamda sud chaqirganda hozir bo‘lishi haqida majburiyatdir. Kafillikning ehtiyot chorasi sifatidagi afzalligi shundan iboratki, ayblanuvchi (sudlanuvchi) erkinlikda qoladi, o‘z mehnat faoliyatini davom ettiradi, odatdagi yashash sharoitlari va oiladan ajralmaydi.
Qonun kafillikning ikki turini nazarda tutadi: shaxsiy kafillik; jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi. Ba’zi mamlakatlar Jinoyat-protsessual kodekslarida kafillar kamida ikki kishidan iborat (Ukraina – 152, Qozog‘iston – 145, Qirg‘iziston – 106-modda), hatto 2–5 nafar (Moldova – 179-modda) bo‘lishini talab qiladi.
Ayblanuvchi (sudlanuvchi)ga faqat o‘zini tegishlicha tutishga majbur etadigan axloqiy omillar ta’sir qiladi. Kafillikka berilgan shaxsning tegishli xulq-atvori uchun kafillar mas’uldir, uning o‘ziga esa amaldagi qonun hech qanday majburiyat yuklamaydi. Munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat olishdagidek, kafillikka berilgan shaxsning zimmasiga ham quyidagi majburiyatlarni yuklashni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 252-moddasiga kiritish maqsadga muvofiq: tergov va suddan yashirinmaslik; haqiqatni aniqlashga xalaqit bermaslik; jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanmaslik; hukm ijrosiga to‘sqinlik qilmaslik. Ayblanuvchi bundan tashqari surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqirig‘iga ko‘ra kelish va yashash joyining o‘zgargani to‘g‘risida ma’lum qilish majburiyatlarini zimmasiga olishi kerak.
Shaxs ana shu majburiyatlardan birini bo‘lsa-da, buzgan taqdirda unga nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qo‘llanishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirilishi lozim. Bunday ogohlantirish uning tegishli xulq-atvorini ta’minlaydi.
Ta’kidlash joizki, ayblanuvchi (sudlanuvchi) zimmasiga olgan majburiyatlarning birortasi ham uning huquqini jiddiy tarzda cheklamaydi. Tegishli xulq-atvor deganda shaxsning protsessual majburiyatlarini buzmaslik tarzidagi xulq-atvori tushuniladi. Umumiy axloqiy me’yorlarni buzish ehtiyot chorasini yanada jiddiyrog‘i bilan o‘zgartirishga olib kelmasligi kerak.
Ko‘pgina davlatlarning protsessual qonunchiligida kafillik faqat ayblanuvchining chaqirganda hozir bo‘lishini taminlash bilan cheklanadi. Kafillik maqsadini bunday tor doirada tushunish esa mazkur ehtiyot chorasining samaradorligini pasaytirishga olib keladi.
Qonun kafillik ehtiyot chorasi sifatida tanlanganda ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning ish yoki o‘qish joyidagi ma’muriyat xabardor qilinishini nazarda tutmaydi. Kafillikka berilgan shaxsning yashash joyidagi ma’muriyati va pasport stolini xabardor qilish uchun ham asos yo‘q, chunki qonun unga yashash joyidan tashqariga chiqishni taqiqlamaydi. Ayblanuvchi (sudlanuvchi) surishtiruvchi, tergovchi yoki sudni vaqtinchalik ko‘chish yoki yashash joyini o‘zgartirgani haqida xabardor qilishi kifoya.
Do'stlaringiz bilan baham: |