Shaxsiy kafillik ishonchga sazovor bo‘lgan shaxslarning o‘z zimmalariga ayblanuvchi, sudlanuvchi munosib xulq-atvorda bo‘lishiga kafil ekanliklari haqida yozma majburiyat olishidir.
Kafillikni amalga oshirish uchun har ikki taraf – ayblanuvchi, sudlanuvchi va kafilning ixtiyoriy xohish bildirishi zarur. Ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari yoki sudga o‘zlarini kim shaxsiy kafilikka olishi mumkinligini ma’lum qilishlari yoxud kafillarning o‘zi jinoiy javobgarlikka tortilayotgan shaxslar erkinlikda qoldirilsa, ularning munosib xulq-atvoriga kafil bo‘lish istagi to‘g‘risida yuqoridagi organlar va sudga murojaat qilishlari mumkin.
Ayblanuvchi, sudlanuvchini ularning qarindoshlari, do‘stlari yoki yaqin tanishlari kafillikka olishi mumkin. Kafillarning soni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan belgilanadi. Alohida hollarda yuksak ishonchga sazovor bo‘lgan bitta shaxs ham kafil bo‘lishi mumkin.
Ishonchga sazovor shaxs deganda jamiyatda muayyan mavqega, obro‘-e’tiborga, ayblanuvchi, sudlanuvchining xulq-atvoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatish uchun yetarli imkoniyatlarga ega bo‘lgan shaxslar tushuniladi.
|
Kafil ayblanuvchining risoladagidek xulq-atvorini taminlashga majbur, lekin u ayblanuvchini qonunga itoat etuvchi xulq-atvorga majbur etish uchun yuridik vakolatga ega emas. Kafil bilan ayblanuvchi o‘rtasidagi munosabat huquqiy tusga ega, lekin faqat ishonchga asoslangan. Ayblanuvchi o‘zini kafillikka olgan shaxsga nisbatan mulkiy va ma’naviy tusdagi noxushliklar yuz berishini xohlamaydi va shu sababdan risolaga zid xulq-atvordan o‘zini tiyadi.
Ayblanuvchi, sudlanuvchini shaxsiy kafillikka berish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi yoki sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi. Kafillar ushbu ehtiyot chorasi qo‘llanilishiga sabab bo‘lgan ayblovning mohiyati, ayblanuvchiga qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo, kafillarning javobgarligi haqida ogohlantirilganligi ushbu bayonnomada qayd qilinib, u ehtiyot chorasini qo‘llayotgan mansabdor shaxs, ayblanuvchi, sudlanuvchi va kafillar tomonidan imzolanadi. Bundan tashqari, har bir kafillikka oluvchidan kafillik to‘g‘risida tilxat olinadi.
Kafillar ularni javobgarlikka tortish uchun sabab bo‘ladigan asoslar kelib chiqqunga qadar o‘z zimmalariga olgan majburiyatlaridan voz kechishlari mumkin. Kafillikni kafilning o‘zi emas, balki surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud bekor qiladi, lekin kafil o‘z ixtiyori bilan va har qanday vajlar sababli kafillikdan voz kechishga haqli. Kafillikdan voz kechish uchun ayblanuvchi, sudlanuvchiga nisbatan ishonchning yo‘qolishi va nomunosib xulq-atvorda bo‘lish ehtimolining mavjudligi kifoya. Kafil bo‘lish – fuqaroviy majburiyat emas. Kafillikdan voz kechish asoslarining jiddiyligiga qarab, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud kafillik o‘rniga boshqa ehtiyot chorasini tanlaydi.
Kafillar ayblanuvchi, sudlanuvchining xulq-atvorini kuzatishga imkoni bo‘lmaganligini bahona qilishga haqli emaslar, ular bartaraf etib bo‘lmaydigan vaziyatning ta’sirini isbotlab beradigan hollar bundan mustasno.
Kafil o‘z zimmasiga olgan yozma majburiyatlarini bajarmasligi oqibatida ayblanuvchi, sudlanuvchi oldi olinishi uchun shaxsiy kafillik qo‘llanilgan harakatlarni sodir etgan taqdirda, u O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 208-moddasiga binoan javobgarlikka tortilishi mumkin (kafilga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solinadi).
Shu tariqa, ayblanuvchini ruhan majburlash ochiqdan ochiq yoki bilvosita kafillik va nazoratga olish bilan bog‘liq barcha ehtiyot choralarini qo‘llash chog‘ida, hatto ehtiyot chorasi tanlanmay, ayblanuvchidan majburiyatlar olish va noo‘rin xulq-atvor oqibatlari to‘g‘risida maxsus ogohlantirish hollarida ham yuz beradi.
Qonun kafillik ehtiyot chorasi sifatida tanlanganda ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning ish yoki o‘qish joyidagi ma’muriyat xabardor qilinishini nazarda tutmaydi. Kafillikka berilgan shaxsning yashash joyidagi ma’muriyati va pasport stolini xabardor qilish uchun ham asos yo‘q, chunki qonun unga yashash joyidan tashqariga chiqishni taqiqlamaydi. Ayblanuvchi (sudlanuvchi) tergovchi yoki sudni vaqtinchalik ko‘chish yoki yashash joyini o‘zgartirgani haqida xabardor qilishi kifoya.
Jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi ayblanuvchi (sudlanuvchi)ni ish, o‘qish, yashash joyida qolishga, shuningdek jamoat birlashmasida a’zolikni davom ettirishga majbur qilmaydi. Biroq, uning boshqa ishga o‘tishi, o‘qish yoki yashash joyini o‘zgartirishi mazkur jamoat birlashmasi yoki jamoani kafil bo‘lish majburiyatidan voz kechishiga va bu to‘g‘risidagi qarorni (ajrimni) bekor qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda kafillikni kafillikdagi shaxs yashashga, ishga, o‘qishga o‘tgan yangi jamoat birlashmasining zimmasiga yuklash (agar u bunga rozi bo‘lsa) to‘g‘risida qaror (ajrim) chiqarish, yoinki boshqa ehtiyot chorasini tanlash zarur. Ehtiyot chorasi dastlabkisidan jiddiyroq bo‘lmasligi kerak, chunki faqat bir ishdan yoki o‘qishdan, yashash joyidan boshqasiga o‘tish ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning protsessual holatini yomonlashtirish uchun asos bo‘la olmaydi.
Kafillik o‘rnatish to‘g‘risida qaror (ajrim) chiqarish lozim. Qaror asoslangan va kafil to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak. Qaror (ajrim) chiqarishdan oldin tergovchi (sud) qonundan kelib chiqadigan harakatlarni amalga oshiradi. Kafil ishonchli bo‘lishi kerak. Kafilning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plab va tekshirib, surishtiruvchi yoki tergovchi (sud) bunga qanoat hosil qilishi shart. Kafilning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni surishtiruvchi yoki tergovchi tezkor-qidiruv organlari yordamida ham to‘plashi mumkin. Jamoa kafilligidan foydalanish maqsadi bo‘lganda, kafillikni samarali amalga oshira olishi mumkinligini belgilash uchun tegishli jamoat birlashmasi yoxud jamoadagi mikromuhit to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash zarur.
Kafillik to‘g‘risida tilxat olish uchun surishtiruvchi, tergovchi yoki sud kafillikka olayotgan shaxsni chaqiradi. Jamoat birlashmasi yoki jamoaning vakili tergovchi yoki sudga ushbu birlashma yoxud jamoa ayblanuvchining tegishli xulq-atvori va uning chaqirish bo‘yicha hozir bo‘lishiga kafil bo‘lishi to‘g‘risida yozma majburiyat berishi shart. Kafil yoki uning vakili, shuningdek ayblanuvchi mazkur ehtiyot chorasining tanlangani to‘g‘risidagi qaror (ajrim) bilan tanishib, imzo chekishlari kerak. Ularning har biriga, agar ular iltimos qilsa, ushbu hujjatdan nusxa topshirilishi lozim bo‘ladi. Keyin surishtiruvchi yoki tergovchi (sud) yana bir karra kafillikka berilayotgan bilan kafil o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar xususiyatini aniqlaydi va kafilni ishning mohiyatidan (ayblovning og‘irligi, ehtimoliy jazo v.h.) xabardor qiladi.
Shuning uchun har bir ayblanuvchidan, unga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanganidan qat’i nazar sud va tergovdan yashirinmaslik, haqiqatni aniqlashga, hukmni ijro etishga to‘sqinlik qilmaslik, jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanmaslik, chaqirilganda hozir bo‘lish va yashash joyini o‘zgartirgani holda ma’lum qilish to‘g‘risida yozma majburiyat olinadi.
Bunda ayblanuvchi ko‘rsatilgan majburiyatlarni o‘z zimmasiga olganligi ko‘rsatilgan bayonnoma tuzilishi va unga bu majburiyatlarni bajarmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi tushuntirilishi kerak bo‘ladi. Bayonnoma tuzilayotganda kafillar hozir bo‘lishi va uni imzolashlari lozim. Ehtiyot chorasini sud tanlaganda tegishli holatlar sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
Kafillikni ehtiyot choralaridan chiqarib tashlash haqida ba’zi amaliyot xodimlarining taklifiga qo‘shilish uchun arzigulik asos yo‘q. Ushbu nom bilan birlashtirilgan ehtiyot choralari jinoyat sudlov ishlarini demokratlashtirish, majburlash doirasini toraytirish, ijtimoiy hayotning axloqiy negizlarini takomillashtirish, davlat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlarda ishonchga suyanish bilan chambarchas bog‘langan. U shaxs va davlatning qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi.
Ayblanuvchi kafillik shartlarini buzayotganiga ishonch hosil qilsa, kafil uni tergov organiga yoki sudga olib kela olmaydi. Chunki ayblanuvchi faqat yangi jinoyat sodir etgan hollarda ushlanishi va huquqni muhofaza qilish organiga olib kelinishi mumkin. Kafil biror shaxsni ushlash uchun boshqa fuqarolar qanday huquqli bo‘lsa, ana shunday huquqqa ega. Ayblanuvchining tegishlicha bo‘lmagan nojo‘ya xulq-atvori haqida kafil mazkur ehtiyot chorasini tanlagan organga xabar qilishga haqli, ammo u kafillikka olinganni ushlashi va majburiy keltirishi uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar yo‘q.
Birlashma yoki jamoaning iltimosi tergovchi (sud) uchun majburiy emas, kafillikka berish to‘g‘risidagi iltimos rad qilinishi mumkin. Shuningdek, shaxs uchun kafil bo‘lishni xohlamagan, birlashma yoki jamoaga kafillikni zo‘rlab o‘tkazish mumkin emas. Birlashma yoki jamoa faqat o‘z a’zolari uchun kafil bo‘lishi mumkin, o‘zi bilmaydigan va xulq-atvorini nazorat qilmaydigan shaxs uchun kafil bo‘la olmaydi.
Jamoat kafilligining xarakterli xususiyati – ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning tegishlicha bo‘lmagan xulq-atvori uchun kafilning huquqiy javobgarligi mavjud emasligidir. Biroq bu narsa uni samarasiz qilmaydi. Shaxs uchun jamoaning ishonchi shaxsiy kafillikdan ko‘ra ancha qimmatlidir. Jamoaga pand bermaslik, uning ishonchini oqlash xohishi kafillikka beriluvchining tegishlicha xulq-atvorining jiddiy omili bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |