Ushbu ehtiyot chorasini tanlashning majburiy sharti - ayblanuvchini ota-onasi (vasiy, homiylari), shuningdek bolalar muassasasining ma’muriyati kuzatuv bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga real imkoniyati borligini aniqlashdan iborat.
|
Jumladan, bolalar muassasasida tarbiyalanayotgan o‘smir tomonidan jinoyat sodir etilishi faktining o‘zi qandaydir darajada bu muassasa ma’muriyatini o‘z ixtiyoridagi tarbiyalanuvchilarni qayta tarbiyalash va tuzatish bo‘yicha majburiyatlarini yetarlicha bajarmayotganidan dalolat beradi.
Voyaga yetmaganni kuzatuv ostiga olish bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilish imkoniyati haqidagi masalani bolalar muassasasini ilmiy-tarbiyaviy kengashi, tarbiyalanuvchilar yig‘ilishi muhokama qilishi va tegishli qaror qabul qilishi shart. Bunday tartib jinoyat sodir etgan o‘smirning munosib xulq-atvorini taminlash bo‘yicha ma’muriyat, tarbiyachilar, pedagoglarning javobgarligini oshiradi. Bu o‘z navbatida nafaqat ayblanuvchiga, balki bolalar muassasasida tarbiyalanayotgan, ma’naviyati endi shakllanayotgan boshqa voyaga yetmaganlarga ijobiy tarbiyaviy ta’sir o‘tkazishi shubhasiz.
Jinoyat-protsessual kodeksining 556-moddasiga binoan, voyaga yetmaganni qarovga topshirish tariqasidagi ehtiyot chorasi faqat 18 yoshga to‘lmagan ayblanuvchilarga nisbatan tayinlanishi mumkin. Qarovga olingan shaxs voyaga yetishi bilan uni ota-onalar va boshqa qonuniy vakillari bilan bo‘lgan huquqiy munosabatlari o‘zgaradi. Chunki bu holda u to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘ladi. Demak, ayblanuvchi 18 yoshga to‘lganda unga nisbatan tanlangan qarovga topshirish chorasi boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirilishi kerak. Agar bu holatda ehtiyot chorasi o‘zgartirilmagan bo‘lsa, ayblanuvchi tomonidan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, uning ota-onasi, vasiylari, homiylari o‘z-o‘zidan javobgarlikdan ozod bo‘ladi.
Qonunda voyaga yetmagan kuzatuv ostiga topshirilishi mumkin bo‘lgan muassasalar ro‘yxati to‘liq ko‘rsatilgan. Qonun faqat ayblanuvchi tarbiyalanayotgan bolalar muassasalari (maktab internatlar, bolalar uyi, qabul qilish, topshirish muassasalari, maxsus tarbiya va davolash muassasalari, tarbiya mehnat koloniyalari)ni nazarda tutadi.
Ta’kidlash kerakki, qabul qilish-taqsimlash muassasalari va tarbiya mehnat koloniyalari, ma’muriyati voyaga yetmagan ayblanuvchini qarovga olishi mumkin bo‘lgan bolalar muassasalari qatoriga kirmasligi kerak. Chunki qonunda (Jinoyat-protsessual kodeksining 557-moddasi) voyaga yetmagan o‘zi tarbiyalanayotgan bolalar muassasasi ma’muriyatiga qarovga olish uchun topshirilishi mumkin, deb bevosita ko‘rsatib qo‘yilgan.
Umuman olganda, mazkur ehtiyot chorasining qo‘llanilishi bunday tartib jinoyat sodir etgan tarbiyalanuvchisining munosib xulq-atvorini taminlash bo‘yicha ma’muriyat, tarbiyachilar, pedagoglarning javobgarligini oshiradi. Bu o‘z navbatida nafaqat ayblanuvchiga, balki bolalar muassasasida tarbiyalanayotgan, ma’naviyati endi shakllanayotgan boshqa voyaga yetmaganlarga ijobiy tarbiyaviy ta’sir o‘tkazishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |