Jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi ayblanuvchi (sudlanuvchi)ni ish, o‘qish, yashash joyida qolishga, shuningdek jamoat birlashmasida a’zolikni davom ettirishga majbur qilmaydi. Biroq uning boshqa ishga o‘tishi, o‘qish yoki yashash joyini o‘zgartirishi mazkur jamoat birlashmasi yoki jamoani kafil bo‘lish majburiyatidan voz kechishiga va bu to‘g‘risidagi qarorni (ajrimni) bekor qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda kafillikni kafillikdagi shaxs yashashga, ishga, o‘qishga o‘tgan yangi jamoat birlashmasining zimmasiga yuklash (agar u bunga rozi bo‘lsa) to‘g‘risida qaror (ajrim) chiqarish, yoinki boshqa ehtiyot chorasini tanlash zarur. Ehtiyot chorasi dastlabkisidan jiddiyroq bo‘lmasligi kerak, chunki faqat bir ishdan yoki o‘qishdan, yashash joyidan boshqasiga o‘tish ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning protsessual holatini yomonlashtirish uchun asos bo‘lolmaydi.
Kafillikning barcha ko‘rinishlarida, agar kafillikdagi shaxs o‘zi tomonidan berilgan va’dalarni bajarmasa, intizomni buzsa, spirtli ichimliklarni iste’mol qilsa, v.h. hollarda kafil undan voz kechish huquqiga egadir. Shu tariqa kafillikdan voz kechish uchun asoslar axloqiy tusda bo‘lishi mumkin. Kafillar ayblanuvchi uchun tanlangan ehtiyot chorasiga zid harakatlarni amalga oshirishini (yashirinishi, yangi jinoyat sodir etishi v.h.) kutib o‘tirishi shart emas. Kafillikdan voz kechish uchun ishonch yo‘qolishi va protsessual ma’noda tegishli bo‘lmagan xulq-atvor ehtimolining borligi kifoyadir. Surishtiruvchi, tergovchi va sud kafillikdan voz kechishning asosliligini nazorat qiladi. Ammo agar voz kechishning vajlari jiddiy bo‘lmasa, kafillik samarali bo‘lishi qiyin. Shuning uchun maqbul variant – agar bundan keyin kafillik imkoniyati obyektiv ravishda yo‘qolmagan bo‘lsa, kafilning ayblanuvchi bilan kelishuvini izlashdir. Kafillikni kafilning o‘zi emas, balki surishtiruvchi, tergovchi yoki sud bekor qiladi. Lekin kafil o‘z ixtiyori bilan va har qanday vajlar sababli kafillikdan voz kechishga haqqi bor. Kafil bo‘lish – fuqaroviy majburiyat emas. Kafillikdan voz kechish asoslarining jiddiyligiga qarab, tergovchi yoki sud kafillik o‘rniga boshqa ehtiyot chorasini tanlaydi.
Shubhasiz, barcha ehtiyot choralari kabi kafillik ham shaxsni muayyan xulq-atvorga majburlaydi. Kafillik nazoratga olish bilan bog‘liq chora sifatida ayblanuvchining ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatib, undan noxush oqibatlar kelib chiqishi tahdidi ostida ma’lum harakatlardan tiyilishni talab etadi. Bunday oqibatlar ikki xil bo‘lishi mumkin: sud tomonidan ayblanuvchining kafillari va qonuniy vakillariga tatbiq etiladigan mulkiy jazo va ba’zi bir ma’naviy talofatlar. Jumladan, surishtiruvchi yoki tergovchi, ayblanuvchi va kafil o‘rtasida uch tomonlama munosabat yuzaga keladi. Kafil ayblanuvchining tegishli xulq-atvorini ta’minlashga majbur, lekin u ayblanuvchini qonunga itoat etuvchi xulq-atvorga majbur etish uchun yuridik vakolatga ega emas. Ayblanuvchining nazarida kafil obro‘-e’tiborga ega, nufuzli shaxs. U bilan ayblanuvchi o‘rtasidagi munosabat huquqiy tusga ega, lekin faqat ishonchga asoslangan. Ayblanuvchi o‘zini kafillikka olgan shaxsga nisbatan mulkiy va ma’naviy tusdagi noxushliklar yuz berishini xohlamaydi va shu sababdan qonun va axloqqa zid xulq-atvordan o‘zini tiyadi. Ayblanuvchi o‘zini tuta olmasa, tergovchi bilan kafil o‘rtasidagi regulyativ huquqiy munosabat keskin tus oladi. Demak, ayblanuvchining nojo‘ya xulq-atvori mazkur huquqiy munosabatda yuridik fakt rolini o‘ynaydi va bu narsa mazkur ehtiyot choralarini qo‘llash yoki o‘zgartirish chog‘ida e’tiborga olinadi. Kafillik o‘rnatish to‘g‘risida qaror (ajrim) chiqarish lozim. Qaror asoslangan va kafil to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak. Qaror (ajrim) chiqarishdan oldin surishtiruvchi yoki tergovchi (sud) qonundan kelib chiqadigan harakatlarni amalga oshiradi. Kafil ishonchli bo‘lishi kerak. Kafilning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plab va tekshirib, tergovchi (sud) bunga qanoat hosil qilishi shart. Kafilning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tergovchi tezkor-qidiruv organlari yordamida ham to‘plashi mumkin. Jamoa kafilligidan foydalanish maqsadi bo‘lganda, kafillikni samarali amalga oshira olishi mumkinligini belgilash uchun tegishli jamoat birlashmasi yoxud jamoadagi mikromuhit to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash zarur.
Qonunni kafillik uchun ayblanuvchining o‘zidan ham rozilik olish zarurligi to‘g‘risida qoida bilan to‘ldirish kerak. Bunday roziliksiz kafillik samara bermaydi. Kafillikni amalga oshirish uchun har ikki taraf – ayblanuvchi va kafilning ixtiyoriy xohish bildirishi zarur. Shu bois ayblanuvchining kafil bilan o‘zaro munosabatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’tiborga olish lozim bo‘ladi.