X BOB. JINOYAT NATIJASIDA
YETKAZILGAN MULKIY ZIYONNI QOPLASH
(muallif –yuridik fanlar nomzodi T.N.Tillayev)
Annotatsiya: Talabalar tomonidan mazkur mavzuning o‘rganilishi jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo va jinoyat natijasida yetkazilgan zarar tushunchasi va turlari, uni qoplashning protsessual tartibi va shartlari, fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atishning huquqiy oqibatlari, mulkiy ziyon subyektlari va predmeti to‘g‘risida zaruriy bilim va ko‘nikmalar shakllantirishga xizmat qiladi.
10.1. Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo tushunchasi va predmeti
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jinoyat protsessida shaxs huquqlarini har tomonlama e’tirof etish va himoya qilishga qaratilgan, inson huquqlarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etishga asoslangan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Konstitutsiyaning 53-moddasiga binoan xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkdan mahrum etilishi mumkinligi huquqiy tartibga solingan. Yuqoridagi konstitutsiyaviy qoida jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan jinoiy jazolar tizimidan mol-mulkni musodara qilish chiqarilganida ham namoyon bo‘ldi30.
Shu bilan birga, sodir etilgan jinoyat nafaqat qonun bilan qo‘riqlanadigan munosabatlarga, shu jumladan, inson manfaatlariga ham ma’lum darajada zarar yetkazadi. Zarar moddiy, jismoniy yoki ma’naviy shakllarda namoyon bo‘ladi. Umume’tirof etilgan prinsiplarga asosan yetkazilgan zarar qoplanishi yoki bartaraf etilishi lozim. Bu vazifa fuqarolik huquqidagi zarar instituti, jinoyat protsessida jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplash instituti orqali amalga oshiriladi. Jinoyat-protsessual kodeksining beshinchi bo‘limida tartibga solingan jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararni qoplash mexanizmida fuqaroviy da’vo instituti muhim o‘rin egallaydi. Jinoyat-protsessual kodeksining 275-moddasida qayd etilganidek, jinoyat protsessida jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash, shuningdek jabrlanuvchini dafn etish yoki uning statsionarda davolanish xarajatlarini hamda sug‘urta tariqasida unga to‘langan pul, nafaqa yoki pensiya pulini undirish to‘g‘risidagi fuqaroviy da’volar ko‘riladi.
Moddiy zararni undirishning eng oddiy va samarali usuli restitutsiya hisoblanadi. “Restitutsiya” so‘zi lotin tilidan (Restitutio) tarjima qilinganda, “tiklash”, “avvalgi, dastlabki holatga qaytish” degan ma’nolarni anglatadi. Mazkur atamadan asosan fuqarolik va xalqaro huquqda keng foydalaniladi, ammo u jinoyat-protsessual munosabatlarda ham qo‘llanilishi mumkin. Restitutsiya jinoyat protsessida jinoyatdan moddiy zarar ko‘rgan jabrlanuvchining jinoyat sodir bo‘lguniga qadar mavjud bo‘lgan mulkiy holatining qayta tiklanishini ifodalaydi. Masalan, shaxs Jinoyat kodeksining 169-moddasida qayd etilgan o‘g‘irlik jinoyatini sodir etib, boshqa fuqaroning uyidan qimmatbaho taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketganligi va ushbu jinoyatning ochilishi natijasida qimmatbaho taqinchoqlar qonuniy egasiga qaytarilganligi restitutsiyaga yaqqol misol bo‘la oladi.
Lekin, o‘g‘irlangan buyum o‘z egasiga qaytarilishining imkoni bo‘lmagan taqdirda, qoidaga ko‘ra, moddiy zararni undirish fuqaroviy da’voni qo‘zg‘atish shaklida amalga oshiriladi. Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo tushunchasini ta’riflashda jinoyat tufayli yetkazilgan mulkiy ziyon va jismoniy zararni undirish – buning uchun maxsus vakolat berilgan mansabdor shaxslar va organlarning rasmiy faoliyati ekanligi hisobga olinishi lozim. Yetkazilgan mulkiy ziyon va jismoniy zararni fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan undirish faoliyati bunday da’vo taqdim etish va qabul qilish, shaxsni fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish, taqdim etilgan da’vodagi talablarni asoslash, ularni taminlash bo‘yicha zarur choralar qabul qilish va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu faoliyat fuqaroviy da’vogarlar, fuqaroviy javobgarlar va ularning vakillarining jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov va sud muhokamalarida faol ishtirokini talab qiladi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’voning mohiyatini belgilab olish uchun, avval “da’vo” tushunchasining mohiyatini anglab olish zarur bo‘ladi. “Da’vo” asli arabcha so‘z bo‘lib, o‘z haq-huquqini himoya etish haqida sud orqali yoki boshqa yo‘llar bilan qo‘yilgan talab tushuniladi. Shuningdek, zamonaviy huquqda da’vo (lot. “actio” – da’vo, “actionare” – sud muhofazasini izlash) barcha sud ish yurituvlari uchun xos bo‘lgan turdosh tushuncha hisoblanadi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo – bevosita jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida moddiy, jismoniy yoki ma’naviy zarar ko‘rgan shaxsning, uning qonuniy vakili yoxud uning manfaatlari asosida prokurorning aybdorga yoki moddiy javobgar shaxsga nisbatan yetkazilgan moddiy va jismoniy zararni qoplash uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan boshlab to sud muhokamasi jarayoni tugaguniga qadar bildiriladigan va jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan hal qilinishi lozim bo‘lgan talabidir.
Demak, jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo jinoyatdan jabr ko‘rgan shaxslarning subyektiv fuqarolik huquqlarini muhofaza qilishning eng keng tarqalgan va asosiy usullaridan biri hisoblanadi. Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo ma’naviy zararni undirish uchun ham taqdim etilishi mumkinligi e’tiborga loyiqdir. Bu masala O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2000-yil 28-apreldagi 7–sonli “Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 9-bandida tushuntirishlar bilan bayon etib berilgan.
Jinoyat protsessidagi fuqaroviy da’vo ikki jihat, ya’ni moddiy va protsessual huquqiy tabiatga ega. Uning moddiy tabiati – keng ma’noda fuqaroviylik hisoblansa, protsessual tabiati – jinoyat-protsessualdir. Uning moddiy tabiati da’vogar va javobgar o‘rtasida vujudga kelgan munozarali moddiy-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarga ega moddiy huquq sohasi bilan belgilanadi. Bunda da’vogar javobgarga nisbatan talabini protsessual shaklda, moddiy-huquqiy talab sifatida amalga oshiradi. Jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vo esa jinoyat protsessida qo‘zg‘atilib, hal etilganligi bois, tabiiyki, uning protsessual tabiati faqat jinoyat-protsessual holatni ifodalaydi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo o‘z mohiyatiga ko‘ra undirish to‘g‘risidagi da’vo hisoblanadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, fuqaroviy da’vo mohiyatiga ko‘ra fuqaroviy da’vogarning moddiy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi talabi bo‘lib, u javobgarga emas, balki sudga yo‘naltirilgan bo‘ladi, shu sababli da’vo ishini javobgarga nisbatan emas, balki javobgarga qarshi qo‘zg‘atish to‘g‘risida va undan yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risida bo‘ladi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo boshqa da’volar singari ikkita element – predmet va asosga ega. Ular ish bo‘yicha isbot qilinishi kerak bo‘lgan faktlar doirasini belgilash va bu bilan tergov organlari hamda sudning muvaffaqiyatli faoliyatini taminlash, da’vo bo‘yicha qonuniy va asoslangan qaror chiqarishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |