Fuqaroviy da’voning predmeti – bu moddiy (mulkiy), jismoniy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida sudga taqdim etilgan moddiy-huquqiy talabdir.
Zararni undirish to‘g‘risidagi talab sudga qadar bosqich, shuningdek jinoyat protsessining boshqa bosqichlari bilan cheklanmaydi, balki sud hukmining fuqaroviy da’voga oid qismi ijro etilishi bilan yakunlanadi. Jismoniy zarar shaxsning hayotdan mahrum etilishida, unga tan jarohati yetkazilishida va sog‘lig‘iga zarar yetishida o‘z ifodasini topadi. Jinoyat tufayli fuqaroning, korxonaning, muassasaning yoki tashkilotning mulkiy holatlariga zarar yetishi moddiy zararni keltirib chiqaradi. Ammo, shu bilan birga, moddiy zarar jinoyat tufayli mulkning o‘ziga moddiy zarar yetmagan holatlarda ham, masalan, jismoniy shikast olgan jabrlanuvchi o‘z mehnat qobiliyatini qisman yo‘qotishi oqibatida maoshining ma’lum ulushidan mahrum bo‘lganida yoki uning qonuniy vakili uning davolanishi uchun dori-darmonga xarajat qilganida, protez sotib olganida, ko‘mish marosimlari va boshqa shu kabilarga sarflagan xarajatida ham mavjud bo‘lishi mumkin.
Jinoyat tufayli vafot etgan shaxsning mehnatga layoqatsiz oila a’zolari yoki voyaga yetmagan farzandlarini boqish uchun ketadigan xarajatlar ham fuqaroviy javobgardan undiriladi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, jinoyat tufayli yetkazilgan zarar moddiy va nomoddiy shakllarda o‘z ifodasini topadi. Bunda shuni tan olish kerakki, nomoddiy zarar oqibatlarini son (pul) ekvivalentida o‘lchash, belgilash va ularni qoplashda bir qator qiyinchiliklar uchraydi. Masalan, jinoiy qilmish tufayli (bezorilik, tuhmat, haqorat va h.k) insonga yetkaziladigan jismoniy va ma’naviy azoblarning miqdorini moddiy jihatdan qanday belgilash mumkin? Bevosita mulkiy zarar yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilganda, ya’ni o‘g‘rilik, bosqinchilik, firibgarlik kabi harakatlarda tajovuz obyekti mavjud bo‘lib, bunda yetkazilgan mulkiy zararni o‘lchash va baholash, demakki, qoplash mumkin bo‘ladi. Ushbu jinoiy harakatlar birinchi navbatda mulkka yo‘naltirilgan bo‘ladi, shuning uchun ham jinoyat tufayli yetkazilgan mulkiy zararning qiymatini belgilashda qiyinchilik tug‘ilmaydi.
Insonning hayoti va sog‘ligiga qarshi yo‘naltirilgan jinoyatlar jismoniy jihatdan zarar yetkazadi, shuning uchun ham ularni bevosita undirishning imkoniyati mavjud bo‘lmaydi. Ammo tan olish kerakki, jabrlanuvchining sarf qilgan moddiy xarajatlarini hisoblab, ularning ham miqdorini aniqlash mumkin bo‘ladi.
Jinoyat tufayli yetkazilgan zararning miqdori va xususiyatlarini belgilab berish sud, prokuror, tergovchi va surishtiruv organlarining vazifasi hisoblanadi. Sud tomonidan nafaqat yetkazilgan zararning miqdori va xususiyatlari belgilab beriladi, balki zararning to‘liq hajmda undirilishi uchun barcha choralar ko‘riladi.
Da’voning asosini yuridik faktlar tashkil etadi, fuqaroviy da’vogar esa ulardan o‘zining talablarini shakllantiradi, qonun fuqaroviy da’vogar va ayblanuvchi (fuqaroviy javobgar) o‘rtasida huquqiy munosabatlar yuzaga kelishini ular bilan bog‘laydi. Bunday faktlarga quyidagilar kiradi: jinoyat sodir bo‘lishi; fuqaroviy da’vogar tomonidan moddiy zararning mavjudligi; jinoyat va zarar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish.
Quyidagi muayyan protsessual asoslarning mavjudligi da’voni jinoyat ishi bilan birga ko‘rib chiqishning zarur sharti hisoblanadi: jinoyat ishining mavjudligi; jinoyat ishiga fuqaroviy da’vo taqdim etish; xuddi shu taraflar o‘rtasida, xuddi shu predmet va asoslar bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud qarorining yoki fuqaroviy da’vogarning da’vodan voz kechganligini qabul qilish yoki kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida sud ajrimining mavjud emasligi; fuqaroviy da’vogarning fuqaroviy protsessual muomala layoqatiga egaligi.
Fuqaroviy da’vo bo‘yicha ishni yuritish jinoyat protsessining bir qismi hisoblanadi. Shuning uchun jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun sabab va asoslarning mavjud emasligi jinoyat protsessida fuqaroviy da’voni ko‘rib chiqish va hal qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda Jinoyat-protsessual kodeksining 276-moddasi 2-qismida to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan: fuqaroviy da’vo jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan boshlab to sud tergovi boshlangunga qadar taqdim etiladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 277-moddasiga asosan, fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atilgan hollarda sodir etilgan qilmish oqibatida shaxsga mulkiy ziyon yetkazilgan deb hisoblasa, uni fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Qarorning yoki ajrimning nusxasi da’voni qo‘zg‘atgan shaxsga yoki uning vakiliga taqdim etiladi. Bunda fuqaroviy da’vogarga Jinoyat-protsessual kodeksining 57-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish rad qilingan shaxsga esa, qaror ustidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’voni ko‘rib chiqish va hal qilish bilan bog‘liq jarayonni ikki bosqichga ajratish zarur:
– sudga qadar ish yurituv davrida fuqaroviy da’voni taminlash;
– sud muhokamasida fuqaroviy da’voni hal etish.
Jinoyat-protsessual kodeksining 276 – 278-moddalari mazmunidan ko‘rinib turibdiki, fuqaroviy da’vo yuzasidan ish yuritish surishtiruvchi, tergovchining jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida o‘zini mulkiy zarar ko‘rgan deb hisoblovchi shaxsdan da’vo arizasini olish bilan boshlanadi. Mulkiy zarar ko‘rgan shaxs o‘z huquqlarini amalga oshirib, fuqaroviy da’voni qo‘zg‘atadi. Faqat ana shunday holatda fuqaroviy da’vo masalasida protsessual munosabatlar vujudga keladi. Surishtiruvchining, tergovchining shaxsni fuqaroviy da’vogar sifatida tan olib chiqargan qarori mazkur bosqichdan keyingi huquqiy munosabatlar uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Demak, sudga qadar bo‘lgan tergov jarayonida fuqaroviy da’voga xos asosiy holat jinoyat tufayli moddiy zarar ko‘rgan jabrlanuvchi yoki boshqa shaxs tomonidan da’vo qo‘zg‘atilgan vaqt hisoblanadi.
“Jabrlanuvchi” va “fuqaroviy da’vogar” tushunchalarining protsessual ahamiyatini taqqoslab aytish mumkinki, yuridik shaxs ishda faqat fuqaroviy da’vogar sifatida ishtirok etishi mumkin, jismoniy shaxs esa ham fuqaroviy da’vogar, ham jabrlanuvchi sifatida ishtirok etadi. Jabrlanuvchi moddiy (mulkiy), jismoniy yoki ma’naviy zararlarni undirish to‘g‘risida ariza taqdim etar ekan, fuqaroviy da’vogarga aylanadi va har ikkala subyektning huquqlariga ega bo‘ladi. Jinoyat-protsessual kodeksi 56-moddasiga ko‘ra, fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan shaxs, Jinoyat-protsessual kodeksining 57-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ayni vaqtda jabrlanuvchining barcha huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini bajaradi. Shunday qilib, u ikkita protsessual funksiyani bajaradi. Ammo shuni nazardan qochirmaslik lozimki, jabrlanuvchi va da’vogar ayblov tomonning vakillari hisoblanib, jinoyat protsessida o‘z manfaatlarini himoya qilsalar-da, ularni tenglashtirib bo‘lmaydi. Ularning har biri jinoyat protsessining mustaqil ishtirokchilari bo‘lib, o‘zlariga tegishli huquq va majburiyatlarga egadirlar, ammo bu ikki subyekt ba’zan bir shaxs sifatida ham ishda ishtirok etadi. Ko‘pincha bunday holat jinoyat protsessida jismoniy shaxslarning da’volari ko‘rib chiqilayotganida uchraydi. Shu sababli, jabrlanuvchi fuqaroviy da’vogarning aynan o‘zi emasmi, ularning bir-biridan asosiy farqi nimada degan yoki aksincha, sudlanuvchi bir vaqtda fuqaroviy javobgar sifatida ishga jalb qilinadimi degan haqli savol tug‘iladi? Masalan, shaxs Jinoyat kodeksining 267-moddasida ko‘rsatilgan transport vositasini olib qochish jinoyatini sodir etib, boshqa fuqaroga tegishli «Lasetti» rusumli avtotransport vositasini olib qochgan va olib qochish jarayonida boshqaruvni eplay olmay, avtotransport vositasini yo‘l chetidagi daraxtga urib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan. Sud jarayonida ushbu fuqaro sudlanuvchi hamda fuqaroviy javobgar sifatida ishga jalb qilingan. Avtotransport egasi bo‘lgan fuqaro esa o‘z navbatida jabrlanuvchi hamda fuqaroviy da’vogar sifatida qatnashgan.
Agar fuqaroviy da’voni taqdim etish bilan bog‘liq protsessual asos mavjud bo‘lmasa, jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritish boshlanmaydi. Agar jinoyat ishida da’vo taqdim etilmagan bo‘lsa, mulkiy ziyonni undirish masalasini boshqa ko‘rinishda hal qilishga ruxsat etiladi. Da’vo talablari og‘zaki tarzda ifodalanishi va jabrlanuvchini so‘roq qilish bayonnomasiga qayd etilishi yoki yozma shaklda bildirilishi va tergovchi tomonidan ish materiallariga tikib qo‘yilishi mumkin. Da’vo talablarining yozma shaklda bildirilishi va da’vo arizasi taqdim etilishi maqsadga muvofiq.
U faqat jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar bitta shaxs bo‘lmagan holatlarda, ya’ni da’vo voyaga yetmaganlarning, fuqaroviy protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda protsessual muomalaga layoqatsiz yoki layoqati cheklangan deb tan olingan shaxslarning, shuningdek biror sabab tufayli o‘zining huquqi va qonuniy manfaatlarini mustaqil himoya qila olmaydigan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish uchun ishlatilishi mumkin. Bunday shaxslarning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha da’vo ularning qonuniy vakili yoki prokuror tomonidan, davlat manfaatlarini himoya qilishda esa, prokuror tomonidan taqdim etilishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksining 279-moddasiga asosan, prokuror fuqaroviy da’voni qo‘zg‘atishi yoki qo‘zg‘atilgan fuqaroviy da’voni quvvatlashi yoxud basharti davlat yoki jamiyat manfaatlarini yoxud fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish taqozo etilsa, da’voga qarshi e’tiroz bildirishi shart.
Jinoyat ishini yuritishda fuqaroviy da’voni ko‘rib chiqishning yana bir protsessual asosi – Jinoyat-protsessual kodeksida fuqaroviy da’voning jinoyat ishi bilan birga ko‘rib chiqilishi talab etilmasligi bilan bog‘liq. Jinoyat tufayli zarar ko‘rgan shaxsning xohishiga ko‘ra da’vo fuqarolik sudi ish yuritish tartibida ham arz qilinishi mumkin. Ammo, agar da’vo fuqarolik sudiga berilgan va sud uni qondirishni rad qilgan bo‘lsa, da’vogar ushbu da’vo bilan ikkinchi marta arz qilish huquqidan mahrum bo‘ladi. Dispozitivlik tamoyiliga muvofiq da’vogar da’vodan voz kechishi mumkin. Javobgar da’voni tan olish huquqiga ega. Taraflar ishni kelishuv bitimi bilan tugatishlari mumkin. Agar fuqarolik ishida da’vogar o‘z da’vosidan voz kechsa yoki javobgar bilan kelishuv bitimi tuzsa va bu haqida qonuniy kuchga kirgan sud ajrimi mavjud bo‘lsa, u jinoyat protsessida yana da’vo bilan arz qilish huquqiga ega emas. Demak, da’vogarning da’vodan voz kechganligini qabul qilish yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida qonuniy kuchga kirgan sud ajrimi jinoyat protsessida fuqaroviy da’voni ko‘rib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaydigan holat bo‘lib xizmat qiladi. Bu da’voni qondirish to‘g‘risida qonuniy kuchga kirgan sud qaroriga ham taalluqlidir.
O‘z mohiyatiga ko‘ra, shaxsga yetkazilgan har qanday zarar undirilishi lozim. Jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararni undirish esa jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo ko‘rinishida amalga oshiriladi va u Jinoyat-protsessual kodeksining 33-bobida bevosita ko‘zda tutilgan.
Fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritishda zararni undirish asoslari, shart-sharoiti, hajmi va usuli fuqaroviy, mehnat va boshqa soha qonun hujjatlari qoidalariga muvofiq aniqlanadi. Boshqa soha qonun hujjatlarida belgilangan da’vo muddati jinoyat protsessidagi fuqaroviy da’voga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Da’vodan voz kechishning qabul qilinishi da’vo bo‘yicha ish yuritishni tugatishga asos bo‘ladi va jinoyat protsessida ham, fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida ham fuqaroviy da’vogarni o‘sha shaxsga xuddi shu asos bilan da’voni qayta qo‘zg‘atish huquqidan mahrum qiladi.
Ayblov hukmini chiqarishda, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash yoki sodir etgan qilmishning xususiyatiga va o‘zining ruhiy holatiga ko‘ra shaxs ijtimoiy xavfli bo‘lmagan hollarda bunday chorani qo‘llamaslik haqida ajrim chiqarishda sud asoslarning isbotlanishi va da’vo hajmini e’tiborga olib, uni to‘liq yoki qisman qanoatlantiradi yoxud uni qanoatlantirishni rad etadi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 283-moddasiga asosan, sud oqlov hukmini chiqarayotganida, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha ishni tugatish haqida ajrim chiqarayotganida fuqaroviy da’voni qondirishni quyidagi hollarda rad etadi, basharti:
1) jinoyat yoki ijtimoiy xavfli qilmish hodisasi yuz bermagan bo‘lsa;
2) sudlanuvchining yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash masalasi hal etilayotgan shaxsning sodir etilgan jinoyatga yoki ijtimoiy xavfli qilmishga daxli yo‘qligi aniqlangan bo‘lsa;
3) sudlanuvchining yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash masalasi hal etilayotgan shaxsning mulkiy ziyon keltirgan harakati zaruriy mudofaa chegarasidan chiqmagan holda sodir etilgan bo‘lsa.
Sudlanuvchi tomonidan sodir etilgan qilmish jinoyat deb topilmaganligi sababli u oqlangan taqdirda, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan asoslardan boshqa asoslarga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha ish yuritish tugatilganda sud da’voning isbotlanish darajasi va hajmini e’tiborga olib, uni to‘liq yoki qisman qanoatlantiradi yoki qanoatlantirishni rad etadi. Da’voning hajmi jinoyat tavsifiga va aybdorga jazo chorasi tayinlashga ta’sir etmasa, fuqaroviy da’voni qanoatlantirishda sud da’vo talabi chegarasidan chiqishga haqlidir. Biroq jinoyat protsessida qo‘zg‘atilgan fuqaroviy da’vo qanoatlantirilmagan taqdirda da’vogar shu shaxsga va xuddi shu asoslar bo‘yicha fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida da’vo qo‘zg‘atish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Fuqaroviy da’voni ko‘rib chiqishda o‘zaro kelishuv bitimi tuzilishi ham mumkin. Jinoyat-protsessual kodeksining 282-moddasida ta’kidlanganidek, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki fuqaroviy javobgarning da’voni tan olganligi, shuningdek fuqaroviy da’vogar, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud fuqaroviy javobgarning o‘zaro kelishganlik to‘g‘risidagi arizasi fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritishning tugatilishiga olib kelmaydi va surishtiruvchini, tergovchini fuqaroviy da’voga doir holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona tekshirish majburiyatidan, sudni esa fuqaroviy da’voni ko‘rish va hal qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 280-moddasida ko‘zda tutilgan surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida va sudda fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritish aynan Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda olib boriladi. Jinoyat protsessida fuqaroviy da’voni ko‘rib chiqish va hal etishda davlat boji undirilmaydi. Agar fuqaroviy da’vo bo‘yicha yuzaga keladigan protsessual munosabatlar Jinoyat-protsessual kodeksi bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, unda jinoyat protsessi prinsiplariga xilof bo‘lmagan fuqarolik protsessual qonun hujjatlarining qoidalari qo‘llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |