9.7. Harbiy xizmatchining xulq-atvori
ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 254-moddasida nazarda tutilgan harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi ehtiyot chorasi – hozirgi zamon talablariga javob beruvchi samarali chora bo‘lib, jinoyat sodir etgan askarning o‘z jamoasida qolishiga imkon beradi va profilaktik ahamiyatga ega. Huquqiy mohiyati jihatidan bu ehtiyot chorasi kafillikning o‘ziga xos turi bo‘lib, ayblanuvchi, sudlanuvchi munosib xulq-atvorda bo‘lishini harbiy qism qo‘mondonligi harbiy nizomlarda belgilangan choralar vositasida ta’minlaydi. Qo‘mondonlik kuzatuvi o‘z mazmuniga ko‘ra biror lavozimni egallamagan oddiy harbiy xizmatchiga qo‘llanishi mumkin. U muddatli harbiy garnizonda xizmatni o‘tayotgan yoxud harbiy o‘quv yig‘iniga chaqirilgan harbiy xizmat o‘tashga majbur shaxs bo‘lishi ko‘zda tutiladi va bunday shaxs ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan bo‘lishi lozim. Aniqrog‘i, kattami-kichikmi, harbiy qo‘mondonlarga va gumon qilingan shaxsga bu chora qo‘llanishi mumkin emas.
Qo‘mondonlik kuzatuvi ayblanayotgan harbiy xizmatchi kelgusida sodir etishi ehtimol qilingan jinoiy faoliyatining oldini olish, surishtiruv yoki tergovga to‘sqinlik qilmasligini taminlash maqsadida tergovchining qarori yoki sudning ajrimi asosida qo‘llanadi.
|
Buning uchun ayblanuvchining kuzatuvni amalga oshiruvchi qo‘mondonidan rozilik olish talab qilinmaydi. Aksincha, ba’zi mamlakatlarda ushbu ehtiyot chorasini qo‘llanishi uchun ayblanuvchi, hatto gumon qilingan shaxsdan rozilik olish shart deb hisoblanadi (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining 104-moddasi). Bunday shartni nazarda tutish uchun ehtiyoj yo‘q. Ba’zi bir mamlakatlarda ayblanuvchini harbiy qo‘mondonlik kuzatuviga berish uchun prokurordan ruxsat olinishi talab qilinadi (Moldova Jinoyat-protsessual kodeksining 183-moddasi). Bunga ham zaruriyat yo‘q. Chunki ayblanuvchining huquq va erkinliklari harbiy nizomlarda ko‘rsatilgan hajmda saqlanib qoladi. Ayni vaqtda shuni ta’kidlash joizki, qo‘mondonlik kuzatuvi qo‘llangan shaxs, tegishli harbiy nizomlarda ko‘rsatilganidek, qurol va o‘q-dori olib yurishi, yakka tartibda harbiy qism hududidan tashqarida bo‘lishi, mas’uliyat bilan bog‘liq qorovullik va navbatchilik vazifalarini bajarishi taqiqlanadi. Bu talab ba’zi mamlakatlarning qonunlarida qisman aks ettirilgan (masalan, Moldova Jinoyat-protsessual kodeksining
183-moddasi). Bundan tashqari, ayblanuvchi o‘q otish, harbiy texnika ishlatish bilan bog‘liq mashg‘ulotlarda ishtirok etish, harbiy qism hududidan qisqa muddatga chiqish, qisqa muddatli ta’tillar olish kabi huquqlardan ham mahrum bo‘ladi.
Agar harbiy xizmatchi og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblanayotgan bo‘lsa, uni qismning maxsus tartibli xonasiga joylashtirilib, doimiy nazorat o‘rnatiladi. Qo‘mondonlik kuzatuvi ostidagi harbiy xizmatchini tergov, prokuratura, sud idoralariga qurollangan soqchilar olib boradi va olib keladi. Agar harbiy xizmatchining sog‘lig‘iga shikast yetkazilgan bo‘lsa, navbatchi uni darhol meditsina shifokoriga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va shifokorning yozma xulosasi bilan qism komandiriga xabar beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |