9.6. Voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish
Inson huquqlari tizimida bola huquqlari alohida o‘rin tutadi, zotan, bunday holat bir necha omillar bilan tavsiflanadi, jumladan, bir tomondan, bolalar kattalar ega bo‘lgan va foydalanadigan huquqlarning hammasidan ham foydalana olmaydilar, ikkinchi tomondan esa, aynan ularning hali voyaga yetmaganliklari bois davlat va jamiyat tomonidan alohida g‘amxo‘rona munosabat ko‘rsatilishi va ayrim imtiyozlar berilishi talab etiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksida voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish tartibi alohida 60-bobda ko‘rsatilgan bo‘lib, hozirgi zamon rivojlangan chet mamlakatlarning jinoyat qonunchiligiga mos keladi.
Voyaga yetmaganlar deb, davlat Konstitutsiyasida va boshqa qonunlarida ko‘rsatilgan fuqarolarning burch, huquq va majburiyatlarini bajarish uchun belgilangan yoshga to‘lmagan shaxslar nazarda tutiladi.
|
Voyaga yetmaganlarni jinoyatlari haqidagi ishlarni ko‘rishda ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni sinchkovlik bilan har tomonlama to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi, qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini hamda sudlanuvchining shaxsini e’tiborga olgan holda aniqlangan haqiqiy holatlar va dalillar majmuasiga to‘g‘ri baho berilishi, odillik va insonparvarlik tamoyillariga amal qilgan holda qonunda ko‘rsatilgan imtiyozlardan to‘la foydalanishga imkon yaratilishi lozim. Ushbu chora o‘z mohiyatiga ko‘ra kafillikka o‘xshaydi. Masalan, voyaga yetmaganning nomunosib xulq-atvori uchun uning ota-onasi vasiy va homiy, shaxsiy kafil singari mas’uldir.
Voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirishda ota-onasi, vasiylar, homiylar yoki bolalar muassasasi ma’muriyatidan voyaga yetmagan ayblanuvchini surishtiruvchi, tergovchi, prokuror huzuriga va sudga o‘z vaqtida kelishi, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasida nazarda tutilgan barcha majburiyatlarni bajarishini taminlashi haqida yozma ravishda tilxat olinadi. Bunday majburiyatni o‘z zimmasiga olayotgan shaxslar voyaga yetmagan ayblanuvchiga e’lon qilingan ayblovning mohiyati hamda ayblanuvchini tergov organlari yoki sudga o‘z vaqtida kelmasligi hollarida javobgarligi haqida ogohlantiriladi.
Kuzatuv ostiga berish chorasi faqat ota-onalar, vasiylar, homiylar roziligi bilan qo‘llanishi mumkin, aks holda voyaga yetmaganlarni qayta tarbiyalash haqida gapirish qiyin bo‘lar edi. Qonunda ota-onalar (vasiylar, homiylar) tomonidan kuzatuv ostiga olish bo‘yicha majburiyat olishni rad etish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, bunday hol yuz berishi mumkin. Tergovchi va sud tomonidan kuzatuv ostiga berish chorasi tanlanayotganida yuqoridagi holatlar hamda ushbu shaxslar o‘z vazifalarini qay darajada bajarishlari, voyaga yetmagan shaxsga to‘g‘ri tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata olishlari aniqlanishi kerak. Aks holda, voyaga yetmagan ayblanuvchini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 556-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarga kuzatuv ostiga olish uchun topshirish samara bermaydi.
Voyaga yetmaganning munosib xulq-atvorini va uni chaqiruvga binoan kelishini taminlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan bolalar muassasasi ma’muriyatining javobgarligi haqidagi yozma tilxat ushbu muassasa rahbari yoki u tomonidan vakolat berilgan ma’muriyatning boshqa vakilidan olinadi. Bolalar muassasasining o‘z zimmasiga olgan majburiyatni buzganligi uchun javobgarligi qonunda hal qilinmay qolgan. Bu esa o‘z navbatida, kuzatuvga olish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan bolalar muassasasining ma’muriyati javobgar bo‘lmaydi, degan xulosa chiqarishga olib keladi.
Ma’muriyatning kuzatuvga olish bo‘yicha majburiyatni bajarmagan shaxslarga nisbatan surishtiruv yoki tergov organi taqdimnomasiga yoxud sudning xususiy ajrimiga muvofiq intizomiy yoki jamoat ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin. Yopiq bolalar muassasasida tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan tomonidan jinoyat sodir etilishi, uzluksiz tarbiya jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar u bilan yetarli darajada individual tartibda shug‘ullanilmaganligidan dalolat beradi. Bu ko‘rsatilgan muassasa ma’muriyatini voyaga yetmaganga nisbatan uni munosib xulq-atvorda bo‘lishini ta’minlaydigan yanada samaraliroq ta’sir etish vositalarini qidirishga undashi lozim. Bunday ta’sir choralarini ma’muriyat kuzatuvi ostiga olishi uchun berilgan voyaga yetmagan ayblanuvchiga nisbatan qo‘llash kerak.
Agar voyaga yetmagan o‘z ota-onasi (vasiylari, homiylari) nazoratidan chetda bo‘lsa yoki ular uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi yoki uzoq xizmat safari) kuzatuvga ostiga olish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun imkoniyati bo‘lmasa, bunday ehtiyot chorasini tanlash nafaqat samarasiz, balki zararli hamdir. Shuningdek, agar voyaga yetmaganni kuzatuvga olgan shaxs keyinchalik o‘z burchlarini bajarolmaydigan holatda bo‘lsa, uni boshqa shaxsning kuzatuviga berish kerak bo‘ladi.
Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarning sabablaridan asosiysi oilaviy tarbiyaning yetishmasligidir. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, qayerda oilaviy nizolar va nikohni bekor qilishlar ko‘p bo‘lsa, o‘sha joyda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi yuqoridir. Ularning fikricha, bunday hodisa bilan jinoyatchilik o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanish bor.
Darhaqiqat, spirtli ichimlik iste’mol qilish, buzuq xulq-atvor, qo‘pollik, tekinxo‘rlik, o‘z farzandlarini jinoiy faoliyatga jalb qilish kabilar uchraydi. Tabiiyki, bunday hollarda voyaga yetmaganni ota-onasi (vasiylari, homiylari)ga kuzatuv ostiga olish uchun topshirish chorasini qo‘llash mumkin emas. Ushbu masala bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun dastlabki tergov organlari ota-ona (vasiy, homiy)ning shaxsini, ularning ma’naviy qiyofasini, tarbiyaga bo‘lgan munosabatini va ko‘rsatilgan shaxslar ayblanuvchining munosib xulq-atvorini va chaqiruv bo‘yicha kelishini taminlashlari haqida xulosa chiqarishga imkon yaratadigan boshqa holatlarni aniqlashlari shart.
Ota-ona, vasiy, homiy, jamoat tashkiloti yoki jamoa dastlabki tergov mobaynidayoq ayblanuvchini to‘g‘ri yo‘lga solish va qayta tarbiyalash maqsadida u bilan tarbiyaviy ishlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Ushbu ehtiyot chorasi voyaga yetmagan ayblanuvchi maktab, korxona, birlashma, jamoa bilan aloqasini yo‘qotmagan hamda sodir etgan jinoyati va uning shaxsini tavsiflovchi xususiyatlari qamoqqa olishni istisno qiladigan hollarda o‘zini oqlaydi.
Qonunda voyaga yetmagan ayblanuvchi ota-onalardan aynan qaysi biriga, bolalar muassasasi ma’muriyatidagi qaysi toifa yoki lavozimdagi shaxslarga kuzatuv ostiga olish uchun topshirilishi lozimligi ko‘rsatilmagan. Fikrimcha, ayblanuvchini kuzatuv ostiga olish bo‘yicha majburiyatlar ota-onaning biriga yoki ikkisiga ham, bolalar muassasasi ma’muriyatidagi tarbiyachi shaxslardan biriga topshirilishi mumkin.
Qonunda voyaga yetmagan ayblanuvchi farzandlikka oluvchiga kuzatuv ostiga olish uchun topshirilishi mumkin, deb maxsus ko‘rsatishga hojat yo‘q. Farzandlikka oluvchi o‘zining huquqiy holatiga ko‘ra ota-onalarga to‘liq tenglashtiriladi.
Voyaga yetmaganlarni boshqa yaqin qarindoshlariga ham o‘z zimmasiga ayblanuvchini munosib xulq-atvorda bo‘lishini hamda tergov organlari va sudning chaqiruviga binoan kelishlarini taminlash bo‘yicha majburiyatlarni olish huquqini berish lozim. Masalan, ish holatlarini hisobga olgan holda voyaga yetmagan ayblanuvchini kuzatuv ostiga olish uchun uning voyaga etgan akasi, opasi, bobosi, buvisiga topshirilishi mumkin. Ushbu ehtiyot chorasini tanlanishi voyaga yetmagan ayblanuvchi maktab, korxona, birlashma jamoasi bilan aloqasini yo‘qotgan bo‘lsa-da, sodir etgan jinoyati va uning shaxsini tavsiflovchi xususiyatlari qamoqqa olishni istisno qiladigan hollarda ham o‘zini oqlaydi.
Shubhasiz, voyaga yetmaganlarni ehtiyot chorasi sifatida tarbiya-mehnat koloniyalari ma’muriyati kuzatuvi ostiga topshirib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 556-moddasida voyaga yetmagan jazoni o‘tayotgan muassasa haqida emas, balki u tarbiyalanayotgan bolalar muassasasi haqida gap ketadi. Tarbiya-mehnat koloniyalari esa sud tomonidan ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan va hukm kuchga kirgan voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |