9.3. Garov
Jinoyat protsessida garov samarali ehtiyot choralaridan biri sanalib, boshqa huquq sohalarida ham keng qo‘llanilib kelayotgan institut hisoblanadi. Jumladan, fuqaroviy huquqda garov shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini taminlashga mo‘ljallangan jiddiy vositalardan biridir. Shartnoma bajarilmagan taqdirda garov narsasi (deyarli barcha hollarda pul mablag‘i yoki qimmatlikka ega bo‘lgan muayyan mulk) talabgorning ixtiyoriga o‘tadi. Ko‘pincha shaxs birovdan, xususan, lombard (garovxona)dan pul qarz olganda yoki birovning mulkini ijaraga, vaqtincha foydalanishga olganda biror qimmatli buyumni garovga beradi. Qarz yoxud buyum kelishilgan muddatda qaytarilsa, garov narsasi ham egasiga qaytariladi, aks holda u kreditorning tasarrufiga o‘tadi (Fuqarolik kodeksining 264 – 289-moddalari).
Fuqaroviy huquqdagi bu ixtiyoriy garovdan farqli o‘laroq, jinoyat huquqida garov tariqasida shaxsni tutqunlikda ushlab turish – og‘ir jinoyatlardan biri hisoblanadi (Jinoyat kodeksining 245-moddasi). Keyingi yillarda bu xil jinoyatlar terrorchi-ekstremist jinoiy guruhlar tomonidan o‘zlarining g‘ayriqonuniy, insonparvarlikka zid talablarini qondirish, shu jumladan, yirik miqdorda mablag‘ olish, sheriklarini mahbuslikdan qonunsiz ozod etish, havo kemasidan foydalanish kabi qabih niyatlariga erishish uchun sodir etilmoqda.
Jinoyatchilikka qarshi kurash borasida garov mamlakatimizning ko‘p asrlik huquqiy o‘tmishida qanday mazmun kasb etgani va qanchalik keng qo‘llangani to‘g‘risida aniq ma’lumotlar saqlanmagan.
Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova, Estoniya kabi yangi mustaqil davlatlarning amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksilarida garov instituti ehtiyot choralari sirasiga kiritilgan. O‘zbekiston qonunchiligida garov instituti 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksidan o‘rin oldi. Garov surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan ayblanuvchi va sudlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 236-moddasida ko‘rsatilgan maqsadlarda qo‘llanadigan, iqtisodiy xarakterdagi ehtiyot chorasidir. Garov sifatida ayblanuvchi yoki sudlanuvchining o‘zi, ularning qarindoshlari yoki yuridik shaxslar sudning depozit hisob varag‘iga pul mablag‘i yoki qimmatbaho buyumlarni topshirishlari mumkin, shuningdek ko‘chmas mulk ham garov sifatida qabul qilinadi. Uning mazmuni shundaki, ayblanuvchi, sudlanuvchi garovga qo‘yilgan pul yoki boshqa qimmatbaho narsalarni qaytarib olish, ulardan ayrilib qolmaslik uchun tergov va sudda faol ishtirok etishga harakat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |