Sudlanuvchi, prokuror va advokatdan tashqari boshqa sud majlisi zalida tartibni buzgan shaxslar raislik qiluvchining chiqargan ajrimiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Sud muhokamasi vaqtida yoki ish apellyatsiya, kassatsiya yoxud nazorat tartibida ko‘rib chiqilayotganida muayyan protsess ishtirokchisining odil sudlovga qarshi jinoyat sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishiga asoslar aniqlangan bo‘lsa, sud bu protsess ishtirokchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 274-moddasida pul undirish va jarima solish to‘g‘risidagi masalani sud tomonidan hal qilish tartibi ko‘rsatib o‘tilgan. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-protsessual qonunchiligi bo‘yicha jarima solish tarzidagi protsessual majburlov chorasining faqat sudda tartibni buzgan shaxslarga nisbatan qo‘llash mumkinligi nazarda tutiladi va boshqa bironta moddada jarima jazosi qayd etilmagan.
Boshqa mamlakatlarda jarima tariqasidagi jazo jinoyat protsessining turli bosqichlarida qo‘llanadi. Masalan: gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining munosib xulq-atvorini ta’minlay olmagan shaxsiy kafil (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining 103-moddasi 4-qismi, Belarus Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 121-moddasi 2-qismi, Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 145-moddasi 5-qismi, Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 106-moddasi 4-qismi, Tojikiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 87-moddasi ikkinchi qismi); voyaga yetmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining munosib xulq-atvorini ta’minlay olmagan ularni kuzatuv ostiga olgan shaxs (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining 105-moddasi 3-qismi, Ukraina Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 164-moddasi, ikkinchi qismi, 436-moddasi uchinchi qismi); jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining 111-moddasi 2-qismi, Ukraina Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 70-moddasi uchinchi qismi, Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 160-moddasi, Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 120-moddasi, Tojikiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasi ikkinchi qismi) kabi ishtirokchilardan o‘z protsessual majburiyatlarini bajarmaganligi uchun pul jarimasi undiriladi. Ya’ni, MDH davlatlarining ko‘pchiligida jarima tarzidagi chora sud muhokamasidan tashqari protsessning boshqa bosqichlarida ham keng qo‘llaniladi.
Deyarli barcha MDH davlatlari qonunchiligidagi ekspert, mutaxassis, guvoh, tarjimonning majburiyatlari, shuningdek shaxsiy kafillik to‘g‘risidagi moddalarda mazkur ishtirokchilarga yuklatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, ularga nisbatan pul jarimasi qo‘llanishi hamda jarimaning minimal va ba’zi davlatlarda maksimal miqdorlari ham belgilab qo‘yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |