Mavzu bo’yicha savol va topshiriqlar.
Taketori monogatari asaridagi ijobiy va salbiy obrazlarning farqli jihatlarini sanab bering.
Taketori monogatari asaridagi shartlar qoyish voqeasini jahon adabiyotidagi boshqa misollar bilan solishtiring
Ochikubo monogatari va Zolushka ertaklarining ohshash va farqli jihatlarini toping.
XEYAN DAVRIDA AYOLLAR OQIMI ADABIYOTI
Reja:
Murasaki Shikibuning Xeyan davri adabiyotida tutgan o’rni
Sey Shonagon hayoti va ijodi
Tayanch iboralar:
Murasaki Shikibu
Sey Shyonagon
Michitsuna-no xaxa
Idzumi Shikibu
Murasaki Shikibu hayoti haqida unchalik ko'p ma'lumot saqlanib qolmagan. Bor ma'lumotlar ham qahramonning o'zi tomonidan yozib qoldirilgan. Murasaki Shikibuning “Murasaki Shikibu qo'shiqlari jamlanmasi” (紫式部歌手-Murasaki Shikibu kasyu) va “Murasaki Shikibuning kundaligi” (紫式部日記-Murasaki Shikibu nikki) kabi asarlarida saroyda kechirgan umri haqida ma'lumotlar saqlanib qolgan. Shuningdek, o'sha davr ijodkorlari asarlarida ham Murasaki Shikibu haqidagi ma'lumotlar keltirib o'tilgan.
Murasaki Shikibuning haqiqiy ismi ma'lum emas. Xeyan davrida ijod qilgan boshqa shoir va yozuvchilarning ham haqiqiy ismi-sharifi haqidagi ma'lumotlar saqlanib qolmagan. U Murasaki taxallusi bilan “Genji haqidagi hikoya” si yozib bo'linganidan keyin yoki shu asarning bir qismi yozilib, asar qahramonlaridan biri yosh Murasaki xalq orasida mashhur bo'lgan paytdan boshlab xalqqa tanilgan. 104Chunki, u keyin yozilgan asarlarida Murasaki taxallusi bilan imzo chekkan. “Kun chiqishi haqidagi she'rlar” nomli to'plamidayoq u Murasaki taxallusini qo'llagan (“Eyga-monogatari”, XI asr oxiri yoki o'rtalarida). Shuningdek, bu asarning ba'zi o'rinlarida uning yoshlik yillarida qo'llagan To-sikibu tahallusini ham uchratishimiz mumkin. Bunda To - Fudzivara familiyasining birinchi harfi xitoy ieroglifi asosida o'qilgani; sikibu - otasining lavozimi. Xeyan davrida ayollarni o'g‘il bola jinsiga mansub bo'lgan yaqin qarindoshi lavozimi bilan chaqirishgan.
Yozuvchining tug‘ilgan yili haqidagi to'liq ma'lumotlar saqlanib qolmagan. Ko'p hollarda 978- yil deb taxmin qilishadi. Manbalarning ba'zilarida esa, 970 yoki 973- yillar degan ma'lumotlar ham saqlanib qolgan. Murasakining otasi Fudzivara Tametoki ismli shaxs bo'lganligi ma'lum. U Fudzivara shajarasining shimoliy shahobchasidan edi. Ammo, uning ota-bobolari unchalik ham yuqori martabalarga erishmaganlar. Ko'pchiligi provinsiyaga xizmat qilgan bo'lsada, birortasi to'rtinchi pog‘onadan yuqoriga ko'tarila olmagan.
Murasaki ajdodlaridan bir qanchasi yaxshigina shoir bo'lishgan. Shoiraning katta bobosi Fudzivara Kanesuke (877-933) tarix zarvaraqlaridan nomi o'chmaydigan 36 shoirdan biri bo'lgan. U o'zidan keyin turli davralarda aytilgan “55 she'r” va uydagi she'rlar to'plamini qoldirgan. Shuningdek, VI asr oxiri va VII asr boshlarida yashagan Yaponiya davlat va madaniyat arbobi Syotoku-Taysining 105avtobiografiyasini ham Fudzivara Kanesuke yozib qoldirgan. U Ki-no Tsurayuki, Osikoti Mitsune, Oe Tisato va X asr boshlarida yashab ijod qilgan bir qancha mashhur ijodkorlar bilan yaqin aloqada bo'lgan.
Shuningdek, Murasakining bobosi Fudzivara Masatada va amakisi Fudzivara Tameyorilar ham shoir bo'lishgan. Bobosi keyinchalik ham, Ki-no Curayuki va Iselar bilan do'stlik aloqalarini saqlab qolgan. Murasakining amakisi o'z davrining ilmli kishisi va yaxshigina olim ham bo'lgan. 106Oiladagi ushbu muhit Murasakining kelajakda yetuk ijodkor bo'lib yetishishiga imkon yaratgan.
Murasaki ajdodlari uzoq yillar davomida imperatorlar xizmatida bo'lishgan. Ammo ma'lum bir vaqt oralig‘ida imperatorlarning juda yoshligi va ular o'rnidan hukumatni saroydagi a'yonlar boshqarganliklari sababli ham, mamlakatda ijodga - she'riyatga bo'lgan qiziqish pasayib bordi. Hatto, saroyda azaldan mavjud bo'lgan qonun-qoidalar ham o'zgarib bordi. Murasakining otasi Fudzivara Tametoki davrida esa, siyosiy vaziyat bir oz yaxshilandi. U imperator Kadzan 107saroyida xizmat qiluvchi ko'zga ko'ringan olimlardan biri edi.
Shu tufayli ham, Murasaki hayotining yarmi she'riyatning mavqei tushib ketgan, badiiy ijod bilan shug‘ullanuvchilar soni kamaygan davrga to'g‘ri kelsa, yarmi she'riyatning rivojlangan davrida edi.
Murasakining yoshlik davri otasi eng yuqori martabalarga erishgan paytlarga to'g‘ri keladi. Chunki u shahzoda Kadzan e'tiboriga tushib qoladi. 984 yilda shahzoda imperator bo'lgandan keyin esa, Tametokiga yuqori martaba va unvonlarni beradi. Saroyda tez-tez mushoiralarni o'tkazib turadi. Chunki, Kadzan she'riyatni, san'atni, bog‘dorchilikni yoqtiradigan nozik tabiatli inson edi. 108
Ammo, ushbu hursandchilik davrlari uzoqqa cho'zilmadi. Oradan ikki yil o'tishi bilan Kadzan Fudzivara Mititaka 109ta'qibiga uchrab, o'z mavqeidan voz kechdi va sochini oldirib, ruhoniylik yo'lini tanladi. Bu davrda Kadzan chiqargan qonunlar va unvonlar bekor qilindi. Shunda Fudzivara Tametoki va uning oilasi uchun og‘ir davr boshlandi.
Murasakining yoshlik davrida ijod qilgan she'rlarida ko'proq ayriliq tasvirlangandi. Chunki yosh qizaloq oilasidagi og‘ir ahvolni o'z ko'zlari bilan ko'rib turgandi. U she'rlaridan birida bir kuni baxtli bolaligini uchratib qolgani haqida yozadi. Ular shunchalik yaqinlashishganki, u xuddi eng yahshi ko'rgan o'rtog‘idek bo'lib qolgandi. Lekin kuni kelib o'rtog‘i Murasakini tashlab ketgandi. Bu oy bilan raqobat qilib kim o'zarga ketib qolishdek edi. Shundan beri yosh shoira qalbini ayriliq azobi qiynaydi.
996- yil kuzida Fudzivara Tametoki qizi Murasakini olib Etidzenga ketadi. Bu Murasaki hayotidagi dastlabki sayohat edi. Potaxtdan Etidzengacha uzoq va mashaqqatli yo'lni bosib o'tish talab qilinardi. Orada tog‘lar, daryolar va tepaliklarni kechib o'tish kerak edi. Ular taxminan to'rt kun yo'lda bo'lishdi. Yosh Murasaki uchun esa tabiatdagi har bir narsa qiziqarli va jozibali tuyulardi. Yosh shoira estaliklarida ushbu safar taassurotlari aks ettirilgan bir qancha she'rlar o'z ifodasini topgan.
998- yil Murasaki safardan yolg‘iz qaytib keladi va otasining shajarasidan bo'lgan Fudzivara Nobutakaga turmushga chiqadi. Fudzivara Nobutaka 45 yoshlar chamaliq kishi bo'lib, bu paytga qadar uning bir nechta xotinlari va yetarlicha bolalari bor edi. U Tikudzenlarga xizmat qilardi.
Ma'lumotlarga qaraganda, Nobutaka Murasakini yoqtirib qoladi va Murasakilar oilasi safarga ketishidan oldin uning otasidan qo'lini so'raydi. Oila a'zolari “yo'q”, deya javob qaytarishadi va yoppasiga poytaxtdan ko'chib ketishadi. Nima bo'lgan taqdirda ham, Nobutaka o'z ahdi
dan qaytmaydi va Murasakiga xatlar yozib turadi. Yosh shoira ham xatlarni javobsiz qoldirmaydi va nihoyat, unga tegishga rozilik bildiradi. Murasaki turmushga chiqganda 25 yoshda edi va bu Murasaki yashagan davr uchun turmush qurish uchun juda kech edi.
To'satdan Nobutaka dastlab, Yamasironing, keyin Usaning boshqaruvchisi etib tayinlanadi va Murasakini qizalog‘i bilan poytaxtda qoldirib o'zi shu hududlarga ketishga majbur bo'ladi. Bu paytda ular faqat she'riy yozishmalar bilan aloqa qilib turardilar. 1000 yilda Nobutaka yaxshi xizmat qilib saroyga qaytdi va hurmat-ehtirom bilan kutib olindi. Ammo, uning umri qisqa ekan. Nobutaka 49 yoshida vafot etdi. Uyida uni eslatib turuvchi ikkita kitob javoni bor edi. Nobutakaning vafotidan keyin ushbu kitoblarni hech kim varoqlab ham ko'rmagandi. Murasaki sekin-asta ularni o'qiy boshladi va shu bilan anchagina ovunib qoldi. Chunki, turmush o'rtog‘ining vafoti unga juda yomon ta'sir qilib, tushkunlikka tushib qolgandi. Sekin-asta Murasaki Nobutakaning boshqa bolalariga maktub yozib, ular bilan yozishmalar qilib turdi.
Oradan bir oz vaqt o'tgandan keyin Murasakining eshigi oldiga uning qo'lini so'rab keluvchilar paydo bo'ldi. Lekin Murasaki ularni rad etdi va o'zini qizi tarbiyasiga bag‘ishladi.
1005 yil oxirlarida Nobutakaning vafotidan so'ng Murasaki saroy xizmatchisi bo'lib Syosi110 hizmatiga kirdi.
O'shanda saroylarda xizmat qiluvchi ayollar aristokratlarning o'rta tabaqasiga mansub bo'lishgan. Ularni nyobolar111 deb atashgan. Nyobolar o'z xonimlari (o'zlari bo'ysunadigan ayollar) turadigan saroyda ajratilgan mahsus xonalarda, alohida pardalar tortilgan holda yashashgan. Ular bekalari buyurgan har qanday yumushni bajarishgan, kelgan mehmonlarni kutib olishgan, xatlarni qabul qilib, ularga javob yozishgan, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishgan. Ularning har biri o'z xizmatchilariga ega bo'lishgan.
Shu paytda Syosi xizmatiga Murasaki bilan bir qatorda Idzumi Sikibu, Akadzome Emon kabi mashhur shoiralar qabul qilindilar. Chunki o'shanda Mitinaga112 asosiy e'tiborni mushoira oqshomlariga qaratgandi. 1002-1006 yillar oralig‘ida o'tkazilgan bunday kechalar soni yigirmatacha edi. Saroyda tez-tez har xil tadbirlar va kechalar uyushtirilardi. Ularda qo'shiq kuylanar, she'r o'qilar, mamlakat bo'ylab yig‘ilgan kolligrafiya san'ati namunalarining ko'rgazmalari uyushtirilar, imperatritsaga bag‘ishlab she'riy asarlar bitilib, omma oldida e'lon qilinardi.
Mitinaga Murasakining otasini oldindan bilar, uni shoir sifatida e'zozlar va tez-tez saroyga taklif qilib turardi. Shuningdek, Murasakining xitoy tilini yaxshi bilishi Mitinagani qiziqtirib qo'ygandi. U Murasakini Syosining xitoy tili va ijodiyoti bo'yicha o'ng qo'li qilishga va'da bergandi. Ammo shu paytda Murasakining “Gendzi haqidagi hikoya”113si mashhur bo'lib, saroydagi mavqei kundan-kunga ortib bordi.
Shu tariqa, 1005 yil 12 oyning 26 kunida Murasaki Syosining maxsus saroy xizmatchisi etib tayinlandi.
Murasaki o'z bekasini yuvuntirar, kiyintirar, xatlariga javob berar va mehmonlarini qabul qilib, ularning fikrlarini Syosiga yetkazardi. Xullas, u Syosining o'ng qo'liga aylangandi. Xitoy yoki boshqa tillardagi she'rlarni o'qib berish va tahlil qilish ham Murasakining vazifasi edi. Kunlardan bir kun u Syosi bilan “Yuefuning yangi qo'shiqlari” nomi bilan mashhur ikkita kitobni o'qiy boshladi. Ular bu ishni hech kim bo'lmagan taqdirda amalga oshirishardi va boshqalardan sir tutishardi.
Demak, Murasaki hayotini o'rganib shunday xulosaga kelishimiz mumkin: u yoshligidan juda iqtidorli, qat'iyatli va uzoqni ko'zlab ish qiladigan shaxs bo'lgan. Uning iqtidorliligini yoshligidanoq she'r yoza boshlagani, oilasi boshiga og‘ir kunlar tushgan vaqtda “Ayriliq” nomli she'rlarini o'ylab topganligi, safar chog‘ida esa, ko'rgan har bir tabiat ne'matlariga atab ijod qilganligidan bilib olishimiz mumkin. Qat'iyatliligi esa hayoti davomida nimaga ahd qilsa, shuni oxiriga yetkazmay qo'ymasligidan yaqqol ko'rinadi. Uzoqni ko'zlab ish qilishiga bir nechta dalillarni ko'rsatishimiz mumkin. Dastlab, u uzoqni ko'zlab 45 yoshda bo'lsa ham, uni sevadigan va hayoti davomida hech narsaga zoriqtirmaydigan, baxtli qiladigan kishiga turmushga chiqdi. Turmush o'rtog‘ining vafotidan so'ng uzoqni ko'zlab va o'zini ovutish maqsadida xitoy tilini o'rgandi. Ikkita kitob javonini to'ldirib turgan kitoblarni o'qib chiqdi. Kuni kelib shu bilimlari unga asqotib qolishini bilgandi. Sovchilikka kelganlarga qizining taqdirini o'ylab rad javobini berdi va kelajagini mushohada qilgan holda, saroyga qaytib, o'z mavqeiga ega bo'ldi.
Sey Shonagon hayoti haqida ma’lumot kam, aksariyat hollarda uning hayoti va ijodi bilan bog‘liq ma’lumotlar taxmin va farazlarga tayanib tuziladi. U Kiyovara ziyoli oilasidan kelib chiqqan.
Uning otasi Motosuke (908-990) va katta bobosi Fukayabu taniqli yapon shoirlaridan bo’lishgan. Shunga qaramay ular mayda, kamdaromad mansablarini egallaganlar. 981 yilda 16 yoshida Sey Shonagon unchalik yuqori bo’lmagan
amaldor Tatibana Norimitsuga turmushga chiqadi.
Ularning turmushi uzoqqa cho’zilmadi, ammo ularning bir o’g‘il farzandi bor edi. Afsonalarda Sey Shonagon turmush o’rtog‘I yaxshi shoir bo’lmaganligi sababli ajrashgani to’g‘risida farazlar mavjud. Keyinchalik u Fujivara Muneyo ismli shaxsga turmushga chiqadi, ularning bir qiz farzandi bo’ladi. Aytishlaricha, bu qizaloq Koma bo’lgan,ya’ni, kelajakdagi taniqli shoira. Sey Shonagon uchinchi marotaba ham turmush qurgani haqida ma’lumotlar bor. 933 yil 27 yoshlik Sey Shonagon Ichize imperatorining ayoli yosh Teyshining saroy mulozimi bo’lib ishlay boshlaydi. Hoqon ayoli Teyshi keyinchalik “Bosh tomondagi nomalar” kitobining bosh qahramonlaridan biriga aylanadi. Sey Shonagon uchun og‘ir damlar Teyshi otasining o’limidan so’ng boshlanadi. Teyshi otasining akasi hisoblanmish Fujivara Michinaga o’z qizini ikkinchi hoqon qizi etib tainlaydi. 1000 yili tug‘ruq vaqtida dastlabki hoqon qizi vafot etgach, Sey Shonagon lavozimini tark etadi. Aytishlaricha, aynan o’sha vaqtlarda uning ikkinchi turmushi bo’lgan. Baxayr vaqtda yozilishi boshlangan “Makurano soshi” asari 1001 va 1010 yillar oralig‘ida tugatilgan deb hisoblanadi. Kitobda yozilishicha, u mazkur asarni o’zi uchun yaratgan biroq nogahon tashrif buyurganlardan biri qo’lyozmani o’zi bilan olib ketib, shu tariqa “nomalar” tarqalib ketishiga sabab bo’lgan. Hoqon qizining o’limidan so’ng adiba hayotining tavsilotlari to’g‘risida hech qanday ma’lumot yo’q. Aytishlaricha, Sey Shonagon qariligini nochorlikda o’tkazgan garchi bu afsonaga o’xshasa ham. Turmush o’rtog‘ining o’limidan so’ng u buddizmda rohibalar sochlarini qiriqtirganlari kabi sochlarini kestirib tashlaydi. Uning qabri bir nechta provinsiyalarda ko’rsatiladi ammo aniq ko’milgan joy haqida to’liq ma’lumot mavjud emas.
Ijod yo’li. Sey Shonagon o’zining “Makurano soshi” asari bilan tanilgan. Ushbu kitob saroy ahlini qiziqtirgan barcha narsani qo’lyozma nusxalarini, ovozalarni, she’rlarni, esse va hikoyalarni o’z ichiga qamrab oladi. “Nomalar”ni saroyda bo’lgan vaqtidan boshlab hoqon qizining vafotidan so’ng tugatganligi haqida taxminlar bor. Kitob xronologik (ya’ni voqealarning ketma-ket joylashgan) joylashmagan 320 alohida bo’limdan iborat. Dastlabki “noma”si 1000-yil bilan belgilanadi. Shuning uchun ham voqealar rivojlanishining rejasi muallifning g‘oyalariga qanchalar muvofiq kelishini anglash imkoni yo’q. “Makurano soshi” asari yapon adabiyotining yuksak komediyasiga yaqinlashishning dastlabki ko’rinishlaridan biridir. Mazkur kitob o’sha davr kundalik hayot tarsi haqida ma’lumot beruvchi ishonchli manbaalardan biri bo’lib, u hazil-mutoyibaga to’la, olam haqida chiroyli taasurotlar haqida so’zlovchi adabiyotning nodir namunasidir. ushbu shaxsiy xotiralar (qaydnomalar) adibaning saroydagi o’n yillik umrini qamrab olib, muallifni murakkab, aqlli, sabrsiz, o’ta ziyrak, g‘ayratli, dono, nozik tabiatli, ba’zida odamlarni o’zining ham ijtimoiy kelib chiqishi ham aqliy salohiyati bilan solishtirib, past nazar bilan qaraydigan hamda ularga nisbatan besabr va qattiqqo’l bo’ladigan, barcha narsadan boxabar ayol sifatida kas ettiradi. Mazkur ishining tarjimasi bilan Vera Markova shug‘ullangan. To’liq bo’lmagan nashr – “Tanlangan betlar” ham uchraydi.
“Makurano soshi” – asarning mualliflik nomlanishi emasdir. Mazkur nom Sey Shonagon yaratgan ijodiy asari uchun vaqt o’tib olimlar tomonidan eng maqbul va mos variant sifatida berilgan. Bosh tomondagi nomalar deb, o’sha vaqtlarda shaxsiy xotiralar qayd etilgan daftar tushunilgan. To’shak bosh tarafida tortma o’rnatilar hamda unda shaxsiy yozishmalar, xatlar yoki daftarlar saqlanar edi. Sey Shonagonning xotiralariga tayanadigan bo’lsak, u hoqon qizidan sovg‘a sifatida bir bog‘lam qog‘ozni qabul qilgan, ularni daftar ko’rinishiga keltirib, yoza boshlagan. Unga
nafaqat fikr, hayolarning hamda hissiyotlarning qog‘ozga quyilib kelib aks etishi balki, mazkur jarayonning o’zi huzur bag‘ishlar edi. Haqiqiy yaponcha yondashuv, shunday emasmi?
“Makurano soshi”ni an’anaviy xronologik tuzilishdan holi bir o’zgacha kundalik deb tushunish mumkin. “Nomalar”ni an’anaga ko’ra “zuyxitsu” (ma’nosi – “mo’yqalam ortidan”) janriga kiritishadi. Zuyxitsu – yapon nasrining janri bo’lib, unda muallif hayoliga kelgan barcha narsani yozib boradi, shu bilan birga hayollari va xotiralarining ijtimoiy ahamiyati, adabiy til normalariga rioya qilinib bayon etilayotgani yoki etilmayotgani haqida hech ham o’ylanmaydi. Quyidagi jumla asarda keltirilgan: “Mening nomalarim begona ko’zlar uchun atalgan emas, aynan shuning uchun men istaganimni, hattoki yoqimsiz va g‘alati narsalar haqida yozaman.”
Do'stlaringiz bilan baham: |