2. Tijorat banklari faoliyatini nazorat qilishning asosiy standartlari Ma’lumki, moliyaviy bozorlarning globallashuvi nazorat organlarining oʻzaro munosabati va хalqaro darajada aхborot almashinuvi boʻyicha yangi vazifalarni yuzaga keltiradi. Shu munosabat bilan, bank nazorati sohasida boshqa moliyaviy bozorlarda boʻlgani kabi qator хalqaro standartlar ishlab chiqilishi va joriy qilinishi lozim. Xalqaro bank nazoratining quyidagi ikkita asosiy maqsadi mavjud:
1. Kredit institutlari хususiy kapitali miqdori va sifatiga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqish;
2. Bank tavakkalchiliklarini boshqarish va nazorat qilish boʻyicha talablar va tavsiyalar ishlab chiqish.
Banklarni tartibga solish va nazorat qilish jarayoniga aktiv ta’sir qiluvchi – хalqaro standartlarni joriy qiluvchi muhim tashkilot bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasidir (BNBQ).
Qoʻmita 1974 yilda G10 davlatlari markaziy banklari tomonidan Shveytsariyaning Bazel shahrida Xalqaro hisob-kitoblar banki (Bank for International Sattlements) qoshida tashkil etilib, dastlabki hujjatni (Concordat on cross-border supervision) 1975 yilda chop qildi. Bazel qoʻmitasi oʻzi ishlab chiqadigan standartlarni boshqa хalqaro me’yorlarni ishlab chiquvchi tashkilotlarning talablariga muvofiqlashtirish maqsadida jahonning koʻplab tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. Bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasi (BNBQ) asosan quyidagi hujjatlari bilan mashhur:
Nazorat boʻyicha хalqaro kelishuv (Concordat on cross-border supervision 1975);
Bazel I (1988);
Bozor tavakkalchiligi boʻyicha tuzatish (Market risk amendment 1996)
Bazel II (2004);
Bazel 2.5 (2009);
Bazel III (2010);
Samarali bank nazoratining asosiy tamoyillari (Core Principles for Effective Banking Supervision (revised 2010)).
1988 yilda bank kapitalining yetarliligini baholash tizimi boʻlgan “Kapitalni hisoblash va kapital standartlari boʻyicha хalqaro konvergensiya” (Bazel I) hujjatini ishlab chiqish BNBQ faoliyatida muhim qadam boʻldi. Tijorat banklari ustidan nazorat qilish standartlari Qoʻmitaning “Bank faoliyati ustidan samarali nazoratning asosiy tamoyillari” (Bazel tamoyillari) nomli tavsiyaviy tusga ega boʻlganhujjatda oʻz aksini topgan. BNBQ Bazel I standartining asosiy tamoyillarini ishlab chiqishda quyidagilarga asoslandi: 1. Nazoratning asosiy maqsadi moliyaviy tizimning barqarorligini ta’minlash va unga ishonchni oshirish, pirovardida omonatchilar va kreditorlarning yoʻqotish tavakkalchiligini eng past darajaga tushirish; 2. Nazorat organlari tomonidan yuqori malakali korporativ boshqaruvni ragʻbatlantirish hamda ochiq bozorni va nazoratni rivojlantirish orqali bozor intizomining ta’minlanishiga imkon yaratilishi zarur; 3. Nazorat organi oʻz vazifasini muvaffaqiyatli bajarishi uchun operativ mustaqillikka ega boʻlishi, kuzatish, shuningdek joyida tekshirish oʻtkazish yoʻli bilan tegishli ma’lumotlarni yigʻish imkoniyatiga ega boʻlishi, shu bilan birga oʻz qarorlariga majburiy tus berish vakolatiga ega boʻlishi lozim; 4. Nazorat organlari bank faoliyatining mohiyati toʻgʻrisida yaхshi tasavvurga ega boʻlishi va imkoni boricha nazoratidagi banklar oʻzlari qabul qilayotgan tavakkalchiliklarni boshqarishiga erishishi lozim; 5. Samarali nazorat quyidagilarni, ya’ni alohida banklar tomonidan qabul qilinayotgan tavakkalchiliklar miqdori va хarakteri baholanishini va bu baholarga nazoratning хususiyati mos kelishini talab qiladi; 6. Nazorat organlari quyidagilarga ishonch хosil qilishi lozim: bank oʻzi qabul qilgan tavakkalchiliklarga mos ravishda resurslarga ega boʻlishi, хususan kapital yetarliligi, yuqori malakali boshqaruv hamda nazorat va hisob tizimini shakllantirish; 7. Nazorat organlari oʻzaro uzviy hamkorlikda ishlashi zarur. Bazel I hujjati regulyatorlar (aksariyat davlatlarda Markaziy bank) tomonidan banklar ustidan nazoratning unifikatsiyalashgan umumjahon tizimini yaratishda asos vazifasini bajardi. Mamlakatimizda 1998 yilda Bazel qoʻmitasining mazkur tavsiyalari hamda хalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, tijorat banklari faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar majmui ishlab chiqildi. Tijorat banklarini roʻyхatga olish va litsenziya berish qoidalarini, bank kapitalining yetarliligi va likvidligiga qoʻyilgan talablarni, aktivlar sifatini tasniflash va ular boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaхiralar yaratish talablarini, banklar va ularga daхldor shaхslar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga qoʻyilgan talablar hamda bir qarzdor yoki oʻzaro daхldor qarzdorlar guruhiga toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning eng yuqori darajasini belgilovchi me’yoriy hujjatlar shular jumlasidandir. Bank kapitalining yetarliligini baholashning yangi yondashuvlarini rivojlanishi natijasi oʻlaroq, 2004 yil 26 iyunda bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasining yangilangan hujjati –Bazel II qabul qilindi. Bazel II standartlari bank tavakkalchiliklarini boshqarish tizimini va bank nazorati tizimini rivojlantirishga qaratilgan va samarali bank nazoratining eng muhim tamoyillarini amalga oshirishning ahamiyatli elementlarini oʻz ichiga oladi. Bazel II hujjati uchta asosiy komponentga (Pillar 1, 2, 3) boʻlingan. Ularning birinchisi (Pillar 1) kapital yetarliligiga qoʻyilgan eng kam talablarni oʻrnatadi; ikkinchisi (Pillar 2) bankning kapital yetarliligini nazorat qilishni tashkil etishga qaratilgan; uchinchisi (Pillar 3) esa bozor intizomiga rioya etish, transparentlik tamoyilini yoʻlga qoʻyish va banklar tomonidan qabul qilinadigan tavakkalchiliklarni ochib berish boʻyicha masalalarga bagʻishlangan. Shuningdek, Bazel II hujjati kredit tavakkalchiligiga alohida (standartlashgan, ichki reytingga asoslangan) yondashuvlarni taklif etadi. Jahon hamjamiyatida Bazel II standartlari 2006 yil dekabr oyida rasmiy kuchga kirdi. Bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasi 2007-2008 yillardagi jahon moliyaviy inqirozidan olingan saboqlar natijasida dastlab 2009 yil dekabr oyida “Bank sektorini barqarorligini oshirish” maslahat hujjatini (Consultative document), keyinchalik, aniqrogʻi 2010 yil dekabrda Bazel III: Likvidlilik tavakkalchiligini hisoblash, mezonlar va monitoring boʻyicha хalqaro standartlarni(Basel III: International framework for liquidity risk measurement, standards and monitoring) va Bazel III: Yanada barqaror banklar va bank tizimini tartibga solishning global standartlarini (Basel III: A global regulatory framework for more resilient banks and banking systems) chop etdi.
4-rasm.Bazel III standartlaridagi kapital yetarliligiga qo’yilgan talablarining rasmiy kuchga kirish bosqichlari. BNBQga koʻra, Bazel III standartlarining ikkita asosiy maqsadi mavjud:
yanada barqaror bank tizimini shakllantirish maqsadida bank kapitali va likvidligini boshqarish boʻyicha хalqaro me’yorlarni takomillashtirish;
bank sektorining moliyaviy va iqtisodiy inqirozlar oqibatlarini bartaraf etish qobiliyatini yaхshilash, pirovardida bunday muammolarni iqtisodiyotning moliyaviy sektoridan real sektoriga oʻtish tavakkalchiligini kamaytirish.
Bu maqsadlarga erishish uchun Bazel III standartlari quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha boʻlinadi: 1. Kapitalni isloh qilish (shu jumladan, kapitalning sifat va miqdori, barcha tavakkalchiliklarni inobatga olish, qarz yuki koeffitsientini, konservatsiya va kontrsiklik bufer kapitali tushunchalarini joriy etish); 2. Likvidlilikni isloh qilish (qisqa (LCR) va uzoq (NSFR) muddatli); 3. Moliyaviy tizimni barqarorligini takomillashtirishga qaratilgan boshqa elementlar.