Boshqarish organlari klassifikatsiyasi
Reja:
1. Iqtisodiyot sohasini boshqarish
2. Davlat statistikasi
3. Tabiatni muhofaza qilish
4. Davlat mulkini boshqarish
Iqtisodiyot mamlakat taraqqiyotining asosi hisoblanadi. Respublikamiz mustaqilikka erishgan dastlabi kunlardanoq o`zining bozor munosabatlariga asoslangan taraqqiyot yo`lini tanlab oldi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 24 dekabrda qabul qilingan farmoni1ga ko`ra iqtisodiyotga bozor mexanizmi va uslublarini joriy qilishni davom ettirish, jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish talablariga muvofiq iqtisodiyot va statistika organlarining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirliga tugatilib, uning negizida O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi tashkil qilindi hamda mamlakatni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi hamda kompleks dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, quyidagi g`oyat muhim vazifalarni hal etishga qaratilgan chuqur o`ylangan va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni o`tkazish O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi zimmasiga yuklandi.
Iqtisodiyot vazirligi quyidagi muhim vazifalarni hal etishga qaratilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi:
makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotni mutanosib va dinamik rivojlantirishni ta'minlash;
ko`p ukladli va samarali faoliyat ko`rsatuvchi iqtisodiyotni shakllantirish, xususiy mulkchilikning yetakchi rolini ta'minlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish;
boy tabiiy va mineral - xom ashyo resurslaridan, yaratilgan ishlab chiqarish va ilmiy-texnik potensialdan samarali va oqilona foydalanishga yo`naltirilgan aniq maqsadli tarkibiy siyosatni amalga oshirish, eksport imkoniyatini rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotini jahon iqtisodiy tizimiga keng integratsiyalashni ta'minlash;
yangi ish o`rinlari yaratish, mehnat resurslarini ish bilan oqilona ta'minlash muammolarini hal etish, aholini aniq tarzda ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, aholi turmush darajasining barqaror, izchil o`sishini, ijtimoiy infratuzilmaning rivojlanishini ta'minlash;
mamlakat mintaqalari iqtisodiyotining mutanosib va kompleks rivojlanishini, ishlab chiqarish kuchlarining maqbul va samarali rivojlanishini hamda respublika hududlari bo`yicha joylashtirilishini ta'minlash.
Iqtisodiyot vazirligi o`ziga yuklangan vazifalarni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qisqa va o`rta muddatli prognozlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta'minlash hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksiga kiruvchi vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish yo`li bilan ro`yobga chiqaradi.
Quyidagilar Iqtisodiyot vazirligining asosiy vazifalari hisoblanadi:
jamiyatni rivojlantirish va demokratik qayta o`zgartirishlar maqsadi va ustuvorliklaridan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish va isloh qilishning, iqtisodiyotni boshqarishning bozor metodlari va mexanizmlarini joriy etishning puxta o`ylangan strategiyasi ishlab chiqilishini tashkil etish;
asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlarni, respublikaning, mintaqalarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi darajasini kompleks ravishda izchil tahlil qilish, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarning rivojlanish tendensiyalarini o`rganish, iqtisodiyotdagi mavjud nomutanosibliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo`llarini asoslash;
iqtisodiyotni rivojlantirishning ko`p variantli senariylarini, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning mintaqalar, tarmoqlar va iqtisodiyot sektorlari bo`yicha qisqa va o`rta muddatli prognozlari va dasturlarini ishlab chiqish;
muhim qiymat, moddiy va mehnat balanslarini ishlab chiqishni tashkil etish;
asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlarning pul-kredit agregatlari, davlat budjeti parametrlari, tashqi savdo, to`lov balanslari va tarmoqlararo balanslar bilan o`zaro bog`liqligini ta'minlovchi ta'sirchan mexanizmni shakllantirish;
budjet-soliq, pul-kredit, valuta va monopoliyaga qarshi siyosatning umumiy yo`nalishlari, tabiiy monopoliyalar mahsulotlari, tovarlari va xizmatlariga narxlar va tariflarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish, to`lov, moliya va moddiy balanslarni shakllantirish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish bo`yicha takliflar tayyorlashda qatnashish;
demografik prognozlarni, aholini aniq tarzda ijtimoiy muhofaza qilish, ichki iste'mol bozorini to`ldirish, odamlar farovonligini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
iqtisodiyotni tarkibiy qayta o`zgartirishlarning o`rta muddatli prognozlarini, tarmoqlarni rivojlantirish, zamonaviylashtirish va texnologiya bilan qayta jihozlash, ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish, ilg`or, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish dasturlarini ishlab chiqish;
tarkibiy siyosat maqsadlariga erishishni, mintaqalarni kompleks rivojlantirishni ta'minlovchi qisqa va o`rta muddatli investitsiya dasturlarini ishlab chiqish bo`yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning maqbul sur'atlari va nisbatlarini, mineral va xom ashyo resurslaridan oqilona foydalanishni, O`zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishni ta'minlovchi zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasini, telekommunikatsiyalar vositalarini rivojlantirish;
eksport potensialini rivojlantirishni rag`batlantirish, tashqi savdo va to`lov balanslarini maqbullashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti prognozlarini tayyorlash, respublikani jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalash strategiyasini ishlab chiqishda qatnashish;
respublika uchun muhim ahamiyatga ega bo`lgan investitsiya dasturlarini amalga oshirishga xalqaro moliya tuzilmalari, xorijiy moliya va sug`urta tashkilotlari hamda donor mamlakatlarni ishtirok etishga faol jalb etish maqsadida ular bilan hamkorlik ishlarini muvofiqlashtirish.
Iqtisodiyot vazirligiga Vazir rahbarlik qiladi. Vazirni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot vazirining bir nafar birinchi o`rinbosari va Bosh boshqarmalar boshliqlari hisoblanadigan uch nafar o`rinbosari bo`ladi. Vazirning birinchi o`rinbosari maqomiga ko`ra Vazirga, Vazir o`rinbosarlari Bosh boshqarmalar boshliqlari Vazirning birinchi o`rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Iqtisodiyot vazirligi o`z huzuridagi:
Samarali iqtisodiy siyosat markazi;
Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo`mitasi;
Tovar bozorlari kon'yunkturasini o`rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o`tkazish respublika markazi;
Vazirlik ma'muriy binosidan foydalanish boshqarmasi;
"O`zbekiston iqtisodiy axborotnomasi" jurnali tahririyati faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Iqtisodiyot bosh boshqarmalari, shuningdek respublika shaharlari va tumanlaridagi iqtisodiyot bo`limlari tegishli ravishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga hamda O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga qarashli bo`ladi.
Ularning faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish va muvofiqlashtirishni O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi amalga oshiradi.
Iqtisodiyot vazirligida 9 kishidan iborat Hay'at tuziladi, uning shaxsiy tarkibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Hay'at o`zining muntazam o`tkazib turiladigan majlislarida mamlakatni, tarmoqlarni va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim muammolarini, prognozlash metodologiyasini va uni tashkil etishni yaxshilash, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yish masalalarini ko`rib chiqadi. Hay'at qarorlari Iqtisodiyot vaziri buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |