Davlat statistikasi
O`zbekiston Respublikasida statistika sohasi 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Davlat statistika to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuni2 bilan tartibga solinadi. Qonunga binoan davlat statistikasining asosiy vazifalari bo`lib:
ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar hamda ularning natijalari to`g`risidagi statistika ma'lumotlarini yig`ish, qayta ishlash, to`plash, saqlash, umumlashtirish, tahlil etish va e'lon qilish;
xalqaro standartlarga mos keluvchi yagona statistika uslubiyatini ta'minlash;
davlat organlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, yuridik shaxslar, davlat muassasalari va xalqaro tashkilotlarni, shuningdek jamoatchilikni belgilangan tartibda statistika ma'lumotlari bilan ta'minlash;
statistika ishlarini tashkil etish uchun zarur bo`lgan iqtisodiy-statistika tasniflagichlar tizimini hamda korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish hisoblanadi.
Davlat statistikasi: ishonchlilik, xolislik, beg`arazlik; dolzarblik, qiyosiylik va barqarorlik; qulaylik, ochiq-oydinlik va oshkoralik; statistika hisobotini yig`ish, qayta ishlash va umumlashtirish tartibiga har qanday aralashishni istisno etuvchi statistika ishlarini tashkil etish tizimini yaratish kabi tamoyillarga asoslanadi.
Davlat statistikasi vakolatli organi hamda uning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi organlari davlat statistikasi organlari hisoblanadi.
Davlat statistikasi vakolatli organining rahbari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan uch yil muddatga tayinlanadi.
Davlat statistikasi organlari ma'lumotlar manbalarini, statistika usullarini, statistika ma'lumotlarining mazmuni, shakli, vaqti va tarqatilishini tanlashda mustaqildir. Davlat statistikasi organlarining faoliyatiga davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari aralashishiga yo`l qo`yilmaydi.
Davlat statistikasi organlarini moliyalashtirish hamda moddiy-texnika jihatidan ta'minlash Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq Davlat budjeti mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi. Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan statistika ishlariga haq to`lash buyurtmachi tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Davlat statistikasi organlarining ayrim bo`linmalari o`z faoliyatini shartnoma asosida amalga oshirishi mumkin.
Davlat statistikasi organlari Davlat statistika ishlari dasturini bajarishda davlat statistikasi organlariga yordam berishi shart bo`lgan boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar bilan statistika ishlarini o`zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Davlat statistikasi organlari o`zlarining vakolat doirasiga kiruvchi ayrim ishlarning boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar tomonidan bajarilishiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo`l qo`yadi.
Boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq umumdavlat statistika kuzatuvlarini, shuningdek davlat statistikasi vakolatli organi bilan kelishilgan shakllarda idoraviy statistika kuzatuvlarini o`tkazadi.
Idoraviy statistika kuzatuvlarining ma'lumotlari davlat statistikasi vakolatli organiga uning so`roviga binoan taqdim etiladi.
Davlat statistika organlari Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini, shuningdek to`planadigan ma'lumotlar hisobga olinishini va ko`rsatkichlar identifikatsiya qilinishini ta'minlaydigan statistika kuzatuvlari obyektlarining statistika registrlarini yuritadi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri axborot-ma'lumotnoma xususiyatidagi, vaqti-vaqti bilan yangilab turiladigan ma'lumotlarni o`z ichiga oluvchi avtomatlashtirilgan tizim bo`lib, korxonalar va tashkilotlar yagona tasniflash tizimi asosida davlat hisobiga olinishi va identifikatsiya qilinishini ta'minlaydi.
Yuridik shaxslar to`g`risidagi ma'lumotlar registrini va axborot bazalarini yaratadigan va yuritadigan davlat organlari hamda ularning tasarrufidagi tashkilotlar davlat statistikasi organlariga Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini shakllantirish hamda uning dolzarbligini ta'minlash uchun zarur bo`lgan axborotni bepul beradi.
Moliya, bojxona, soliq organlari, banklar hamda boshqa idoralar va xizmatlar, shuningdek yuridik shaxslar, ularning vakolatxonalari va filiallari, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat statistikasi organlariga davlat statistika hisobotlarini, idoraviy hisobga olish ma'lumotlarini hamda davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur bo`lgan boshqa ma'lumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova etiladigan tushuntirish-izohlarni bepul taqdim etadi.
Statistika ma'lumotlari ishonchli bo`lishi va ular davlat statistika kuzatuvlari dasturlariga muvofiq belgilangan hajmlarda, muddatlarda va shakllarda taqdim etilishi kerak.
Buxgalteriya hisobi, moliyaviy va boshqa hisobotlarni tartibga soluvchi, qonun hujjatlari bilan belgilangan normalar statistika hujjatlarini to`ldirish (statistika ko`rsatkichlarining hisob-kitobi) uchun asos bo`lib xizmat qiladi.
Statistika ma'lumotlaridan davlat manfaatlarini ko`zlab va ilmiy maqsadlarda, jamoatchilikni xabardor etish, bunday ma'lumotlardan foydalanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash uchun foydalaniladi.
Davlat statistikasi organlari yuridik shaxslardan, ularning vakolatxonalari va filiallaridan, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlardan olgan birlamchi statistika ma'lumotlari faqat jamlanma statistika ko`rsatkichlarini tayyorlashda statistika maqsadlarida ishlatiladi hamda jamlanma holatda va egasi mavhumlashtirilgan tarzda e'lon qilinadi.
Tarkibida davlat siri va tijorat sirlari bo`lgan statistika ma'lumotlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etiladi.
“Davlat statistikasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "O`zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to`g`risida" 2002 yil 24 dekabrdagi Farmoniga binoan respublika statistika organlari faoliyatini tashkiliy ta'minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi tashkil etildi.
Mazkur qo`mita statistika sohasida rivojlanishning milliy va mintaqaviy xususiyatlarini hisobga olgan holda ilmiy metodologiyaga, xalqaro standartlar va qoidalarga asoslangan yaxlit ilg`or statistika axboroti tizimini yaratishga va uning faoliyat ko`rsatishiga yo`naltirilgan yagona siyosatni amalga oshiruvchi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, xo`jalik yurituvchi subyektlar, fuqarolar va tashkilotlarning rasmiy statistika axborotlariga bo`lgan ehtiyojini qondiruvchi davlat hokimiyati ijro etuvchi organi hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar, shaharlardagi statistika organlari hamda O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasiga qarashli tashkilotlar O`zbekiston Respublikasi Davlat statisgika qo`mitasining yagona tizimini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |