Tashqi iqtisodiy aloqalar
O`zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy aloqalar 2000 yil 26 mayda qabul qilingan «Tashqi iqtisodiy faoliyat to`g`risida»gi qonun7 bilan tartibga solinadi Qonunga binoan tashqi iqtisodiy faoliyat deganda - O`zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslarining xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan o`zaro foydali iqtisodiy aloqalarni o`rnatish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyati tushuniladi.
O`zbekiston Respublikasida ro`yxatga olingan yuridik shaxslar, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining hududida doimiy yashash joyiga ega bo`lgan va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatga olingan jismoniy shaxslar tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug`ullanishga haqlidir.
O`zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati:
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining erkinligi va iqtisodiy mustaqilligi;
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining tengligi;
savdo-iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirishda kamsitishlarga yo`l qo`yilmasligi;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdan o`zaro manfaatdorlik;
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinishi tamoyillariga asoslanadi.
Oldi-sotdi yoki ayirboshlash obyekti hisoblangan tovarlar (ishlar, xizmatlar), har qanday mol-mulk, shu jumladan, qimmatli qog`ozlar, valutalar va valuta qimmatliklari, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlariga, transport vositalariga, intellektual mulk obyektlariga nisbatan tashqi iqtisodiy faoliyat amalga oshirilishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy yo`nalishlari bo`lib: xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik; tashqi savdo faoliyati; chet el inestitsiyalarini jalb qilish; O`zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyat davlat tomonidan:
tashqi iqtisodiy faoliyatning qonunchilik negizini shakllantirish va takomillashtirish;
valuta bilan tartibga solish;
soliq bilan tartibga solish;
tarif va notarif tartibga solish;
O`zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga rioya etilishi uchun himoya, kompensatsiya va dempingga qarshi choralarni qo`llash;
tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilash, shu jumladan, miqdoriy cheklovlar o`rnatish hamda tovarlarning ayrim turlari eksport va import qilinishi ustidan davlat monopoliyasini o`rnatish;
qurol-yarog`lar, harbiy texnika, ikki xil maqsadda ishlatilishi mumkin bo`lgan tovarlar va texnologiyalarga nisbatan eksport nazoratini o`rnatish;
olib kiriladigan va olib chiqiladigan tovarlarni sertifikatlash;
texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya, ekologiya standartlari va talablarini belgilash;
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari uchun preferensiya va imtiyozlar berish orqali davlat tomonidan tartibga solinadi.
O`zbekiston Respublikasining "Tashqi iqtisodiy faoliyat to`g`risida" gi Qonuniga muvofiq hamda tashqi iqtisodiy aloqalarni yanala rivojlantirish va chuqurlashtirish, tashqi savdoni erkinlashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishda xo`jalik yurituvchi subyektlarning mustaqilligini oshirish, marketing tizimini takomillashtirish va mamlakat tovarlarini xalqaro bozorlarga keng ko`lamda kiritish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 21 oktabr 2002 yildagi «Tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida boshqaruv tizimini yanada erkinlashtirish va takomillashtirish to`g`risida»gi Farmoniga binoan O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligiga aylantirildi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvi vakolatli organi hisoblanadi hamda o`z faoliyatida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
Agentlik o`z faoliyatida O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O`zbekiston Respublikasi qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O`zbekiston Respublikasining boshqa normativ hujjatlariga, O`zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalariga, shuningdek mazkur organ Nizomiga amal qiladi.
O`zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlari tashqi iqtisodiy aloqalar rivojlanishiga ta'sir ko`rsatuvchi takliflar, qarorlarni hamda normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ularni oldindan Agentlik bilan kelishib oladilar.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi tizimiga Qoraqalpog`iston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar Tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmalari, ixtisoslashtirilgan xo`jalik hisobidagi tashkilotlar, xorijiy davlatlardagi Agentlikka qarashli tashkilotlar bo`lgan savdo va iqtisodiy vakolatxonalar kiradi.
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tashqi iqtisodiy faoliyat soxasida yagona davlat siyosati o`tkazilishini ta'minlash va uni rivojlantirish strategiyasini shakllantirishda qatnashish,
milliy iqtisodiyotning raqobatbordoshliligini rivojlantirish va oshirish hamda uni jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalash bo`yicha shart-sharoitlar yaratish va chora-tadbirlarni amalga oshirish;
respublikaning eksport saloxiyotini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda ko`maklashish;
mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tovarlarining tashqi bozorlarga kirib borishi uchun qulay shart-sharoitlarni ta'minlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini ta'minlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish bo`yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro iqtisodiyot va moliya institutlari, boshqa xalqaro xuquq subyektlari bilan savdo-iqtisodiy va moliyaviy hamkorligini rivojlantirishni ta'minlash;
O`zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy xavfsizligini va iqtisodiy manfaatlari, O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari va manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash;
tashqi iqtisodiy faoliyat soxasida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tadbirlarini tashkil etish.
Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yuklanadigan va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan. keyinchalik O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan rais boshchilik qiladi.
Raisning lavozimga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi tomonidan tayinlanadigan to`rt nafar o`rinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi o`rinbosari bo`ladi. Ular o`rtasidagi vazifalar Rais tomonidan taqsimlanadi.
Rais Qoraqalpog`iston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, viloyatlar va Toshkent shaxar Tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmalari, boshqa o`ziga qarashli muassasalar va tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qiladi, uni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.
Rais Agentlikka yuklangan vazifalarning bajarilishi va Agentlikning o`z funksiyalarini amalga oshirishi uchun shaxsan javob beradi, Agentlik faoliyati ayrim yo`nalishlarining yuritilishi uchun Rais o`rinbosarlarining hamda Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo`linmalari rahbarlarining mas'uliyati darajasini belgilaydi.
Agentlikda Rais (hay'at raisi), Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti boshlig`i (kelishuv bo`yicha), Rais o`rinbosarlari - lavozimiga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi - lavozimiga ko`ra, Agentlik, Agentlikka qarashli tashkilotlar boshqa rahbar xodimlaridan iborat tarkibda hay'at tashkil etiladi. Hay'at majlislariga zarur hollarda respublika huquqni muhofaza qilish, moliya organlari va boshqa vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning o`z vakolatlari doirasida O`zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy aloqalarini boshqarishda qatnashuvchi vakillari taklif qilinishi mumkin.
Hay'at a'zolari soni va uning shaxsiy tarkibi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi taqdimnomasiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi hay'ati o`zining muntazam ravishda o`tkaziladigan majlislarida:
Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo`linmalari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, viloyatlar va Toshkent shaxar Tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmalari, o`ziga qarashli kompaniyalar, firmalar, markazlar va tashkilotlar, savdo vakolatxonalari, O`zbekiston Respublikasi elchixonalari xuzuridagi iqtisodiy maslahatchilar faoliyati;
Agentlik apparati bo`linmalari rahbarlarini, Qoraqalpog`iston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi va uning o`rinbosarini, o`ziga qarashli tashkiltlar rahbarlari va ularning o`rinbosarlarini, shuningdek O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari huzuridagi iqtisodiy maslahatchilarni tayinlash;
Hukumat topshiriqlarini bajarish va Agentlik faoliyati prognozlari bilan bog`liq hamda Agentlik vakolatiga tegishli boshqa masalalarni ko`rib chiqadi.
Hay'at uning majlisida a'zolarining yarmidan ko`pi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Ko`rib chiqilayotgan masalalar bo`yicha qarorlar oddiy ko`pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo`lib qolganda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Agentlik belgilangan tartibda Agentlik tizimining, shu jumladan o`ziga qarashli tashkilotlarning safarbarlik tayyorgarligi bo`yicha tadbirlarni amalga oshiradi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar Tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmalari o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy siyosati doirasida hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi rahbarligida amalga oshiradi.
Agentlikka qarashli tashkilotlar va bo`linmalar to`g`risidagi ustavlar va nizomlar O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Agentlikka qarashli tashkilotlarning aksiyadorlik jamiyatlarida, uyushmalarda, qo`shma korxonalarda, konsernlarda va tadbirkorlik (tijorat)ning boshqa shakllarida qatnashishi, shu jumladan yuqorida ko`rsatab o`tilgan subyektlarii ta'sis etishi. shuningdek qo`shimcha daromad manbai olish maqsadida faoliyatning boshqa turlarida qatnashishi Agentlik bilan kelishib olinadi.
Agentlik o`ziga qarashli tashkilotlarning majburiyatlari bo`yicha mulkiy javob bermaydi, bu tashkilotlar esa Agentlikning majburiyatlari bo`yicha javob bermaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |