Gender statistikasi
O`zbekiston gender statistikasi sayti
Gender statistikasi bu - ayollar va erkaklarning gender nuqtai nazaridan farqini aniqlash va buni tizimli ravishda o`rganib borish uchun, ayol va erkaklarning muhim ahamiyatga ega bo`lgan barcha yo`nalishlardagi haqiqiy o`rnini holisona aks ettiruvchi statistika hisoblanadi.
Gender statistikasi inson to`g`risida ma`lumotlar yig`iladigan barcha statistik mavzularga daxldor bo`lib, quyidagilarni o`z ichiga olgan bo`ladi: (1) jinsiy tarkibi bo`yicha ma`lumotlar, (2) gender masalalarini (gender ko`rsatkichlarini) aks ettiruvchi statistika, hamda (3) statistikaning barcha sohalariga gender yondashuvini joriy qilish.
Gender statistikasi tushunchasining tayanch nuqtasi bo`lib, ikki tushuncha ya`ni, “jins” va “gender” tushunchalari o`rtasidagi farq nazarda tutiladi. Ayrim hollarda ushbu toifalar (jins – erkak, ayol; va gender – maskulin, femin) bir xil mazmundagi tushunchalar sifatida aks ettiriladi. Lekin bu unday emas:
Jins – ayollar va erkaklarning o`zgartirib bo`lmaydigan nisbiy biologik farqlarini ifodalovchi termindir. Jins oldindan to`la belgilangan, universal va vaqt o`tishi bilan o`zgarmaydi.
Gender, yoki ijtimoiy jins – ayollar va erkaklar o`rtasidagi o`zgaruvchan ijtimoiy-madaniy farqlarni, rollarni, axloq andozalarini, “tabiiy” (“tug`ma”) bo`lmagan, ya`ni jamoat tasavvuridagi me`yorlar va an`analar asnosida ular tomonidan o`zlashtirilgan sifat va boshqa ta`riflarni ifodalovchi termindir. Ayollar va erkaklarga hos bo`lgan tushunchalar to`g`risidagi ayol va erkaklarning tasavvuri, turli sohalarda vaqt o`tishi bilan o`zgarishi mumkin (o`zgarmoqda ham).
Gender tenglik – erkaklar va ayollar ijtimoiy sohada teng tarzda ahamiyatga, teng huquq va mas`uliyatga, xamda teng sharoitlarga (manba va imkoniyatlarga teng tarzda erishish) ega bo`lsalar va ulardan qonunda belgilangan tarzda rasmiy tenglik (“hujjat asosidagi tenglik”) asosida foydalana olsalargina, tenglik o`z aksini topadi.
Gender statistikasi nima uchun kerak?
Gender statistikasi ko`p maqsadlar uchun hizmat qiladi, lekin birinchi navbatda, u ayol va erkaklarning turli holatlari va sharoitlariga taalluqli bo`lgan yashirin muammolarini aniqlash uchun kerakdir. Shunga ko`ra gender statistikasi muvaffaqiyatli rejalashtirish, manzillilikni kuchaytirish, samarali monitoring yuritish va rivojlanish dasturlarining ta`sirini baholash uchun zarurdir. Shuni inbobatga olgan holda, gender statistikasi – adolat va tenglikni ilgari surish, shuningdek aholining barcha guruhlari hayoti darajasini yaxshilash uchun xizmat qiladigan vositadir. Shu tariqa, gender statistikasi barqaror va har tomonlama rivojlanish va iqtisodiy o`sishga o`z hissasini qo`shadi.
O`zbekistonda gender statistikasining holati
O`zbekistonda mustaqillik yillarida gender tenglikka erishish choralarini ro`yobga chiqarish yo`lida juda katta ishlar amalga oshirildi. Oilaning ijtimoiy muhofazasi, onalik va bolalik masalalariga ma`sul bo`lgan Bosh vazir o`rinbosari rahbarligida 1991 yilda Xotin-qizlar qo`mitasiga asos solinganligi bilan institutsional rivojlanishda sezilarli o`sishga erishildi. Xotin-qizlar qo`mitasi barcha hududlarda va jabhalarda vakolatli bo`lgan takomillashgan tizimga ega. Qo`mita raislari orasida viloyat darajasidagi 14 ta xokim o`rinbosarlari, shuningdek munitsipal va tuman darajasidagi ma`muriyat rahbarlarining 219 ta o`rinbosarlari faoliyat ko`rsatishadi.
Xotin-qizlar qo`mitasi, hamda Tashqi ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to`g`risidagi Konventsiya, Pekin harakati dasturining bajarilishi, Mingyillik rivojlanish maqsadlari bilan yuklatilgan xalqaro majburiyatlar bo`yicha hisobotlarda Davlat statistika qo`mitasi bilan uzviy hamkorlikda ish olib boradi.
O`zbekistonda gender statistikasi bo`yicha ma`lumotlarni yig`ish bir qator manbalarga asoslangan holda amalga oshiriladi. Jinsiy guruhlar, aholini ro`yxatga olish va statistik kuzatuvlar bo`yicha mavjud ma`muriy hisobotlarga qo`shimcha ravishda, ko`p ko`rsatkichli klaster kuzatuvi (MICS), hamda DHS, LSS va uy xo`jaliklari kuzatuvi asosida shakllangan ma`lumotlar mavjud.
Mazkur ishlar jamiyatni demokratlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirish bilan shart qilingan, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining yangi jihatlarini holisona aks ettirishga yo`naltirilgan, milliy statistika sohalarini rivojlantirishning bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |