Gap bo’laklari bilan aloqaga kirishmaydigan “bo’laklar”
Kirish so’zlar va ularning uslubiyati
Gap orqali ma’lum axborot ifodalanishi bilan birga,so’zlovchining shu axborotga munosabati ham ifodalanadi.So’zlovchining munosabati gapning kesim shakli (mayl shakli,bog’lamalar va nol shakli) orqali hamda maxsus modal so’zlar yordamida ifodalanadi.
So’zlovchi gap orqali bayon qilayotgan axborotga qanday munosabatda ekanligiga qarab,modal so’zlardan muvofig’ini tanlaydi.
So’zlovchining o’zi bayon etayotgan fikriga ishonch,gumon,achinish kabi munosabatlarini ifodalovchi sintaktik birliklarga kirishlar deyiladi.Kirishlar so’z va birikma holatida bo’ladi. Kirishlar gapning boshqa bo’laklari bilan grammatik aloqaga kirishmaydi,shuning uchun u boshqa gap bo’laklaridan farq qiluvchi alohida ohang bilan talaffuz qilinadi va yozuvda vergul bilan ajratiladi.
So’zlovchining o’zi ifodalagan fikrga munosabat turlari quyidagilar:
1.Ishonch munosabati: albatta,shaksiz,shubhasiz
2.Gumon munosabati: balki,ehtimol,chamasi
3.Tasdiq munosabati: to’g’ri,darhaqiqat,haqiqatan
4.Achinish munosabati: afsuski,attang
5.Fikrga yakun yasash munosabati: xullas,demak
6. Fikrning kimga qarashli ekanligi: menimcha,uning ta’kidlashicha,fikri ojizimcha,aytishlaricha
7.Fikrning tartibi: birinchidan,ikkinchidan,avvalo,avvalambor
Kirishlar ham uslubiy xoslanish xususiyatiga ega. Shuning uchun so’zlovchi o’zi qo’llayotgan nutq uslubiga muvofiq keladiganini tanlab qo’llaydi. M: shaksiz,shubhasiz,darhaqiqat,demak,avvalambor,fikri ojizimcha kabi kirish so’zlar uslubiy xoslangan, ular kitobiy uslubga xos.Bu so’zlar o’z ichida ichki xoslanishga ega: shaksiz,fikri ojizimcha –badiiy uslubga xos; bayon qilinishicha – publisistik uslubga xos.
Kiritmalar va ularning uslubiy xossalari
Nutq jarayonida so’zlovchi muayyan tushuncha yoki fikrga bog’liq qo’shimcha ma’lumot bergisi keladi.Ana shu qo’shimcha ma’lumot ifodalovchi qism gapning asosiy qismidan to’xtam va pastroq ohang bilan talaffuz qilinadi. M: Biz (bu safar menga Maktuba ham hamroh bo’ldi) qishloqqa ertasiga kechqurun bordik.
Bu qo’shimcha ma’lumot ifodalovchi qism gapdan tushirib qoldirilsa ham,gapning asosiy ma’nosiga ziyon yetmaydi. Qo’shimcha ma’lumot beruvchi qism gapning asosiy qismlaridan past ohang bilan ajralib turadi.
Gapning asosiy ma’nosiga qo’shimcha axborot qo’shuvchi va alohida ohang bilan ajralib turuvchi qismga kiritmalar deyiladi.
Kiritmalar gapning,xususan, matnning umumiy mazmuniga aloqador bo’lsa-da, gapdagi biror bo’lak bilan hokim-tobelik aloqasiga kirmaydi,shuning uchun ular gapdagi boshqa bo’laklardan yozuvda vergul,tire, ba’zan qavslar bilan,talaffuzda esa kichik to’xtamlar bilan ajratiladi.
Kiritmalar barcha bo’laklar kabi sodda va murakkab bo’ladi. Sodda kiritmalar so’zlar va so’z-gaplar bilan,murakkab kiritmalar esa so’z birikmalari, kengaygan birikmalar va gaplar bilan ifodalanadi.
Kiritmalar,asosan,kitobiy uslubga xos.Kiritmalar fikrga qo’shimcha ma’lumot berganligi uchun,asosan,gap o’rtasida keladi va yozuvda doimo gapning boshqa qismlaridan qavs bilan ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |