Tadqiqot metodlari: Tadqiqot mavzusiga oid falsafiy psixologik-pedagogik metodik adabiyotlar va ta’lim mazmunini yorituvchi me’yoriy xujjatlarni oʻrganish, tahlil qilish. Shaxsga yoʻnaltirilgan pedagogik-texnologiyalar, mashgʻulotlar, ekskursiyalar pedagogik tajriba-sinov, ilgʻor pedagogik tajriba oʻrganish va umumlashtirish.
Tadqiqotning nazariy ahamiyati: Maktabgacha ta’lim muasassalarida pedagogik jarayonni rejalashtirishning nazariy asoslari ochib beriladi, tayyorlov guruhi bolalari axloqiy tarbiyalashning pedagogik mohiyati yoritiladi.
Tadqiqotning amaliy ahamiyati: Bitiruv ishida yoritilgan nazariy va amaliy gʻoyalardan, Maktabgacha ta’lim muasassalarida pedagogik jarayonni rejalashtirish togʻri rejalashtirish orqali tarbiyalash tadbirlarni oʻtkazish jarayonida samarali foydalanish mumkin.
Bitiruv ishi mazmuni uning rejasida koʻrsatilgan tuzilishga ega. U toʻliq ikki bob, toʻrt boʻlimdan iborat boʻlib, unda kirish, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar roʻyxatidan iborat. Bitiruv ishining kirish qismida ilmiy tadqiqot ishimizning dolzarbligi asoslangan, maqsad va vazifalari belgilab chiqilgan, tadqiqot obyekti, predmeti, ilmiy farazi, nazariy va amaliy ahamiyati bayon qilingan.
Bitiruv ishining xulosa qismida mavzuning hozirgi ijtimoiy hayotdagi dolzarbligi yana bir bor eslatilgan, oʻtkazilgan tadqiqot natijalari qiyosiy hamda pedagogik-psixologik jihatdan tahlil qilinib, amaliy tavsiya va xulosalar qilingan.
I BOB. MAKTABGACHA TA’LIM MUASSASALARIDA PEDEGOGIK JARAYONNI REJALASHTIRISHNING NAZARIY ASOSLARI.
Oʻzbekistonda ijtimoiy maktabgacha ta’limning vujudga kelishi va taraqqiyot bosqichlari.
Oʻlkamizda XIX asrning 80-90-yillariga kelib maktabgacha ijtimoiy tarbiya tizimini vujudga keltirish gʻoyalari tashkil etila boshladi. Oʻsha davrda yashab ijod etgan ma’rifatparvar mahalliy ziyolilar ayollarning ogʻir ahvoli va bolalar nazoratsizligini e’tiborga olib, bu masalaning yechimini izlay boshlaydi. Jumladan, 1872 yilda Turkistonda tuzilgan «Jamiyati xayriya» tarkibiga kirgan ziyolilar vakillari tomonidan miskinlar uylari, tunash joylari, ilk tugʻruqxonalar bilan bir qatorda, ota-onasi boʻlmagan bolalar uchun yetimxonalar (dastlabki bolalar uylari) tashkil etildi. Butun Turkiston boʻyicha 150—200 nafar bolani qamrab olgan ushbu yetimxonalarda ham yasli yoshidagi, ham maktab yoshidagi bolalar tarbiyalangan.
1891 yilda «Bogʻdorchilik» jamiyati tomonidan Toshkent istirohat bogʻida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun «Bolalar maydonchasi» koʻrinishida birinchi bolalar bogʻchasi ochilgan. Bolalar bogʻchasi uchun istirohat bogʻi hududidan sersoya joy ajratib berilgan boʻlib, bu yerda argʻimchoqlar, qayiqlar oʻrnatilgan, turli oʻyinchoqlar tayyorlangan. Bundan tashqari, maydonchada kattagina gulzor tashkil etilib, bu yerda bolalar oʻsimliklarni parvarish qilish bilan mashgʻul boʻlgan. Ammo 1891-1903 yillar mobaynida mablagʻ taqchilligi sababli bogʻcha bir necha marta yopilgan.
1896 yilda Turkistonda vasiylar kengashi kambagʻallarning bolalari uchun «yasli»lar deb ataladigan muassasalarni tuza boshladi. Yasli ishlarini nazoratchi-uslubchi ayol boshqargan, shuningdek, xizmat qiluvchi xodimlar ham boʻlgan. Bu muassasalarda bolalarga oʻqish, yozish, sanash bilan bir qatorda, talay hunarlar ham oʻrgatilgan. Biroq butun oʻlka boʻylab shunday yaslilardagi bolalar soni 50-60 nafar boladan oshmagan.
Bundan tashqari, mahalliy ziyolilarning sa’y-harakati bilan kambagʻallarning bolalari uchun Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Namanganda yetimxonalar (bolalar uylari) tashkil etilgan.
1903 yil fevral oyida Toshkentda «Oilaviy ta’lim- tarbiyaviy toʻgaragi» tashkil qilingan. Toʻgarak nizomida quyidagi vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:
bolalarga ta’lim-tarbiya berish usullarini rivojlantirish va takomillashtirishda oilalar va ota-onalarga yordam berish;
pedagoglar bilan ota-onalarni va bolalar tarbiyasi ishini boshqaradigan kishilar (oila, maktab va bolalar bogʻchasi faoliyatining oʻzaro mushtarakligini ta’minlash maqsadida) faoliyatini muvofiqlashtirish.
Bu toʻgarakda maktabgacha ta’lim seksiyasi ham faoliyat koʻrsatgan. Ta’lim-tarbiya toʻgaragi yoʻzaga kelgunga qadar bolalar bogʻchasining tarbiyaviy ishida muayyan pedagogik tizim mavjud boʻlmagani sababli bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq boʻlgan masalalar toʻgarak a’zolari oʻrtasida muhokama qilingan.
Ana shu toʻgarak doirasidagi tarbiya muassasalarida bolalar birinchi marta 4-6 yoshgacha va 6—10 yoshgacha boʻlgan ikki xil yosh guruhlariga boʻlinib, mashgʻulotlar, jumladan, harakatli oʻyinlar, xor boʻlib qoʻshiq kuylash, oʻqish, rasm chizish, loy va plastilindan narsalar yasash, gimnastika mashqlari muayyan jadval asosida olib borilgan. E’tiborli jihati shundaki, mazkur toʻgarak doirasidagi ayrim bolalar bogʻchalarida ota-onalar talabi bilan fransoʻz va nemis tillari tekin oʻrgatilgan.Ta’lim-tarbiya toʻgaragi bolalar bogʻchasidagi ta’lim-tarbiya saviyasini oshirishga yordam bergan boʻlsa-da, maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan tarbiyachilar boʻlmagani sababli tarbiyaviy jarayon koʻpincha betartib amalga oshirilgan.
1909—1910 yillar va undan keyingi davrlarda oʻlkaning ayrim shaharlarida xususiy bogʻchalar paydo boʻldi: bu bogʻchalarda 6 yoshdan boshlab bolalar asosan gimnaziyaga oʻqishga tayyorlanar edi. Bunday bolalar bogʻchalari xususiy uylarda ochilgan va toʻlik ota-onalar ta’minotida boʻlgan. Ta’lim-tarbiya ishlariga chet tillarni biladigan oʻqimishli ayollar jalb etilgan. Ammo mazkur bolalar bogʻchalarida asosan badavlat ota-onalarning farzandlari tarbiyalangan.
Ijtimoiy maktabgacha ta’limning vujudga kelishi asosan 1917—1918 yillardan keyingi davrlarga toʻgʻri keladi. Jumladan, Xalq maorifi komissarligi 1917 yil 20 noyabrdagi deklaratsiyasida mamlakatda davlat tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish, soha xodimlarini tayyorlash vazifasi kun tartibiga qoʻyiladi. Shu asosda xotin-qizlarni ijtimoiy hayotga jalb etish, bolalar bogʻchalari tarmogʻini shakllantirish borasida ilk qadamlar qoʻyiladi. 1918 yilda Turkiston Xalq maorifi komissarligi qoshida maktabgacha ta’lim boʻlimi tashkil etiladi. Uning zimmasiga bolalar bogʻchalari uchun joy qidirish va ularni kerakli jihozlar bila i ta’minlash, tarbiyachilar tanlash va ota-onalar oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish vazifasi yuklatiladi.
Maktabgacha ta’lim xalq maorifi tizimining birinchi boʻgʻini va tarkibiy qis mi boʻlib qoldi. 1919 yilda qabul qilingan davlat dasturida xalq maorifi sohasida xotin-qizlarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmogʻini vujudga keltirish zarurligi ta’kidlangan edi. Shu asosda oʻlka xalq maorifi idoralari zimmasiga maktabgacha ta’lim muassasalari tarmogʻini vujudga keltirish, oʻquv-uslubiy adabiyotlar va koʻrsatmalar ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash va boshqa muhim vazifalar yuklatildi.
Turkistonda dastlabki davlat bolalar bogʻchalari 1918 yilning ikkinchi yarmida tashkil etila boshlandi. 1918 yil 20 oktyabrda Turkiston Xalq maorifi komissarligi qoshida maktabgacha ta’lim boʻlimi, viloyat xalq maorifi boʻlimlarining qoshida maktabgacha ta’lim boʻlinmalari tashkil etildi. «Maktabgacha ta’lim boʻlimi toʻgʻrisidagi nizomda mazkur boʻlimlar 3 yoshdan 8 yoshgacha boʻlgan maktabgacha bolalar tarbiya muassasalariga rahbarlik qilishga, ularning faoliyatini nazorat etishga, yangi bolalar bogʻchalari, yaslilar, bolalar uylari, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun umumiy yotoqxonalar, yozgi oromgohlarni ochishga, ushbu muassasalar uchun kadrlar tayyorlash maqsadli kurslarini tashkil qilishga mas’ul ekani qayd etilgan.
Ushbu boʻlimlarning uch asosiy yoʻnalishda faoliyat yuritishi nazarda tutilgan:
bolalar bogʻchalarini ochish, ularni binolar, mebel va jihozlar bilan ta’minlash;
maktabgacha ta’lim xodimlari, shu jumladan, mahalliy aholi vakillaridan kadrlar tayyorlash;
ota-onalar oʻrtasida tashviqot-targʻibot va tushuntirish ishlarini olib borish.
Bu oʻrinda oʻlkada mahalliy aholi bolalarini maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb etish uchun kurash juda murakkab va qiyin sharoitda kechganini ta’kidlash joiz. 1918 yilda Toshkentning eski shahar qismida oʻzbek bolalari uchun atigi 4 ta bogʻcha ochilgan, xolos (xususan, birinchi bogʻcha — Shayxontoxur dalasida, ikkinchi bogʻcha — Xoʻja koʻchasida, uchinchi bogʻcha — Koʻkcha dahasidagi Langar koʻchasida, toʻrtinchi bogʻcha – Beshyogʻoch dahasida ochilgan). Bunday muassasalar Samarqandda (2 ta bolalar bogʻchasi va 3 ta bolalar uyi) va Kattaqoʻrgʻonda ham tashkil etiladi.
1920 yilda Turkiston Respublikasida 71 ta bolalar bogʻchasi, shu jumladan, mahalliy aholi bolalari uchun 16 ta bogʻcha va 12 ta bolalar maydonlari tashkil etilib, ulardan 4 tasida oʻzbek va boshqa mahalliy millatlar bolalari tarbiyalangan. Oʻsha davrda maktabgacha ta’lim muassasalariga jami 6394 bola qamrab olingan. 1921 yilga kelib bolalar borchalar soni 105 taga, shu jumladan, mahalliy aholi bolalari uchun 32 taga yetgan. Bolalar bogʻchalarida tarbiyalanuvchilarning soni qariyb 8000 nafar bolani tashkil etgan, ulardan 2000 dan ziyodigina mahalliy millat farzandlari edi.
1937 yil 3 mayda qabul qilingan «Bolalar bogʻchalari toʻgʻrisida»gi qarorda «Qaramogʻida bolalar bogʻchalari boʻlgan xoʻjalik tashkilotlari va muassasalari zimmasiga tegishli ittifoqdosh respublikalarning Sogʻliqni saqlash va Xalq maorifi komissarliklari tomonidan bolalar bogʻchalari sanitariya-gigiena qoidalari, binolar, qoʻllanmalar, koʻrgazmali vositalar bilan ta’minlash, bolalarni ovqatlantirish va ularga tibbiy yordam xizmati koʻrsatish yoʻzasidan belgilangan me’yorlarga rioya qilish vazifasi yuklansin», deb ta’kidlangan.
Jumladan, Sogʻliqni saqlash xalq komissarining buyrugʻiga asosan:
bolalar bogʻchalariga shifokorlarni biriktirish va kamida 100 ta bola tarbiyalanayotgan har bir bolalar bogʻchasiga bitta hamshira bilan ta’minlash, bolalar poliklinika va ambulatoriyalari hamda umumiy poliklinika va ambulatoriyalarning bolalar boʻlimlari tashkil etib, bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish;
bolalar bogʻchalarini birinchi yordam dori-darmonlar bilan ta’minlash;
musiqa mashgʻulotlarini olib boradigan xodimlar oylik maoshi uchun mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekistonda bolalar bogʻchalari va bolalar maydonchalarining tarmogʻi deyarli ikki barobar koʻpaydi. 1944 yil 1 yanvariga kelib, maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 54 ming nafarni tashkil etdi. Shu yillarda Oʻzbekistonning bolalar bogʻchalarida sobiq ittifoqning boshqa respublikalaridan koʻchirib keltirilgan 16000 dan ziyod, shu jumladan, 400 ta ota-onasiz qolgan bola tarbiyalangan.
Xalq maorifi komissarlari kengashning 1944 yil 10 noyabrdagi «Maktabgacha ta’lim muassasalari tarmoqlarini kengaytirish hamda xotin-qizlar va bolalarga tibbiy yordam va maishiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida respublikalar rahbar idoralariga bolalar yaslilari, goʻdaklar uylari, bolalar maslahat joylari, emizikli bolalarga sut tayyorlab beruvchi muassasalar, bolalar bogʻchalari va bolalar uylari tarmogʻini kengaytirish, bolalarni mazkur muassasalarga toʻliq jalb etishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, yolgʻiz onalarning oʻz bolalarini tarbiyalashiga koʻmaklashish maqsadida bolalar yaslilari va bolalar bogʻchalarida ularning farzandlarini kun davomida qabul qilish tashkil etilgan.
Xalq maorifi komissarlari kengashining «Maktabgacha ta’lim muassasalarini yanada rivojlantirish, bolalarni tarbiyalash va ularga tibbiy yordam kursatishni yaxshilash choralari toʻgʻrisida»gi 1959 yil 21 may qarorida quyidagilar nazarda tutilgan: maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalashning yagona tizimini shakllantirish maqsadida, mahalliy sharoit va imkoniyatlarni e’tiborga olib, maktabgacha ta’lim muassasalarining ikki turi — yasli va bolalar bogʻchasini yagona maktabgacha ta’lim muassasasi sifatida tashkil etish va ularga xalq maorifi komissarligi rahbarlik qilishi belgilab qoʻyilgan;
bundan buyon barcha turdagi maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalar turar joylarini yaqinlashtirish maktabgacha ta’lim muassasalari namunaviy loyiha asosida koʻrilishi;
ittifoqdosh respublikalarda maktabgacha ta’lim muassasalari toʻgʻrisida nizom ishlab chiqish;
pedagogika fanlari va tibbiyot akademiyalari bilan birgalikda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni tarbiyalashning yagona dasturini ishlab chiqish;
tarbiyachilar va tibbiy yordam xodimlarini tayyorlash;
bolalarni ovqatlantirish va maktabgacha ta’lim muassasalarini jihozlar bilan ta’minlash;
bolalar bogʻchasiga qatnamaydigan bolalar uchun bolalar istirohat bogʻi va xiyobonlarida, hovlilarda maydonchalar tashkil qilish va ularni jihozlash ishlari tashkil etish;
aholi oʻrtasida ma’roʻzalar oʻqish, suhbatlar oʻtkazish, ommaviy-ilmiy adabiyotlarni koʻp nusxada nashr etish;
bolalarni tarbiyalash va ularning sogʻliqni saqlash masalalarini yorituvchi badiiy adabiyotlar nashr etish, kinofilmlar yaratish, radio, televidenie eshittirishlarini kengaytirish kabi vazifalar belgilab qoʻyilgan.
Albatta, mustabid tuzum davrida ta’lim-tarbiyaning mazmun-mohiyati haqida soʻz borganda, uning dastlab chorizm, keyinchalik shoʻrolar mafkurasiga toʻliq buysundirilgan, milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimiz poymol etilgan, xalqimiz, shu jumladan, farzandlarimiz ongiga yot gʻoyalarni singdirishga harakat qilingan. Lekin Prezidentimiz hakli ravishda ta’kidlaganidek: «Nohaqlik va zoʻravonlik hukmron boʻlgan shunday zamonlarda ham yurtimizdan millat va xalq qaygʻusi bilan yashagan chinakam vatanparvar insonlar yetishib chiqdi». Bu oʻrinda jadid bobolarimizning ma’rifat ila jamiyatimizni taraqqiy ettirish, zamonaviy ta’lim-tarbiya tizimini vujudga keltirish borasida ezgu sa’y-harakatlarini tilga olish joizdir. Ular ayovsiz qatagʻon etilgan boʻlsa ham, orzu-intilishlari zoye ketmadi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ularning orzu-armonlari roʻyobga chiqdi. Istiqlol yillarida yurtimizda dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilgan zamonaviy milliy ta’lim tizimi yaratildi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda Islom Karimov rahbarligida davlat va jamiyat hayotini, jumladan, ta’lim tizimini tubdan yangilash va isloh etish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Istiqlolning dastlabki yillaridayoq 1-Prezidentimiz kadrlar tayyorlashning zamonaviy yagona tizimini yaratish gʻoyasini ilgari surib: «Ta’lim berishning, ma’naviy, axloqiy va kasb malakasi boʻyicha tarbiyalashning mutlaqo yangi tizimi ishlab chiqilishi zarur. Sifat jihatidan butunlay yangi oʻquv dasturlari yaratilishi darkor»1, deya ta’kidlagan edi. Davlatimiz raxbarining ushbu fikrlari keyinchalik ta’lim-tarbiya soxasiga oid koʻplab qonunlarning, tegishli me’yoriy xujjatlarning, eng muhimi, butun dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturining yaratilishiga metodologik asos sifatida xizmat qildi. Ushbu dasturda maktabgacha va maktab, oʻrta maxsus va kasb-xunar hamda oliy ta’limni uch bosqichda isloh qilishni, besh bosqichli ta’lim tizimini yaratish koʻzda tutilgan edi.
Bu boradagi milliy dastur konsepsiyasi Prezidentimiz tomonidan 1997 yil Oliy Majlisning IX sessiyasida «Barkamol avlod — Oʻzbekiston taraqqiyotining poy- devori» nomli ma’roʻzasida asoslab berildi. Unga binoan, mamlakatimizda noyob, dunyoda oʻxshashi yoʻk uzluksiz ta’lim tizimi yaratildi.
Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining dastlabki bosqichi hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi — bola shaxsining har jihatdan rivojlanishini ta’minlash, qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish, oʻqishga, doimiy ta’lim olish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirish va maktabda muvaffaqiyatli oʻqish uchun tayyorlashdan iborat. Maktabgacha tarbiya muassasalari bolalarning bilimi va amaliy koʻnikmalarini shakllantirish bilan birga, ularni vatanparvarlik mustaqillik gʻoyalariga sadoqat, tariximiz va boy ma’naviy-ma’rifiy merosimiz va qad- riyatlarimizga yuksak hurmat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatining qonuniy asoslari «Ta’lim toʻgʻrisida»gi Qonun (1992 y.), Kadrlar tayyorlash milliy dasturi (1997 y.), «Maktabgacha ta’lim toʻgʻrisida»gi Konsepsiya (2008, 2011), «Maktabgacha ta’lim muassasalari toʻgʻrisida»gi Nizom (2007), «Bolajon» dasturi (2010) va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan.
Masalan, 2008 yilda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Maktabgacha ta’lim toʻgʻrisida»gi Konsepsiyada maktabgacha ta’lim muassasalari taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari, ta’lim-tarbiya ishlarini takomillashtirish usul va uslublari belgilab berilgan boʻlib, bu borada ilgari surilgan davlat talablari har bir bolaning yoshini e’tiborga olgan holda rivojlanish darajasini aniqlash, pedagog va tarbiyachilar ish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2010 yil 18 iyunda qabul qilingan «Davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan mazkur muassasalarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, zarur mutaxassislar, jumladan, psixologlar, defektologlar va tibbiy hamshiralar bilan toʻliq ta’minlandi. Ushbu muassasalarda imkoniyati cheklangan bolalarga yordam berish va ularni maktabda oʻqitish uchun barcha ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublikadagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning hayoti va sogʻligini muhofaza etish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, Xalq ta’limi va Sogʻliqni saqlash vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan «Maktabgacha ta’lim muassasalarida bola hayoti va sogʻligini muhofaza etish tartibi toʻgʻrisida»gi Nizomda bolalar hayoti va sogʻligini muxofaza etishni tashkil qilish tartibi, bolalarning muassasaga kelib-ketish qoidalari, binoda sogʻliqni muxofaza etishga, yongʻin xavfsizligiga doir talablar bayon etilgan.
Bugungi kunda Oʻzbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yoʻnalishlariga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:
bolalar yaslisi, bolalar yasli-bogʻchalari, bolalar bogʻchalari, oilaviy bolalar bogʻchasi (ham alohida muassasa, ham filial tarzida);
maktabgacha va boshlangʻich ta’lim (bolalar bogʻchasi — maktab);
bir necha ustuvor yoʻnalishda faoliyat yurituvchi maktabgacha ta’lim (badiiy-estetik tillarni oʻrganish va sport yoʻnalishlari va h.k.);
imkoniyati cheklangan bolalarga (jismoniy yoki ruhiy jihatdan) malakali yordam koʻrsatadigan bolalar bogʻchasi;
tibbiy-gigienik profilaktik va sogʻlomlashtirish tadbirlari orqali jismonan zaif bolalarga qarab turish va ularning sogʻligini tiklashga yoʻnaltirilgan bolalar bogʻchasi;
aralash tusdagi bolalar bogʻchasi (uning tarkibiga umumrivojlantiruvchi, sogʻlomlashtiruvchi va boshqa guruhlar kirishi mumkin).Ta’kidlash joizki, maktabgacha ta’lim oldida turgan maqsad hamda vazifalarni amalga oshirishda jamoat va hayriya tashkilotlari, mahalla, xalqaro jamgʻarmalar, shuningdek tadbirkorlik tuzilmalari faol ishtirok etib kelmoqda.
Bugungi kunga kelib, respublikada 6911 ta maktabgacha ta’lim va 605 ta maktabdan tashqari muassasalar faoliyat yuritib, ularda amaldagi qonunchilikka binoan, ta’lim- tarbiya ishlari, asosan, oʻzbek tilida, shuningdek, qoraqalpoq, rus, tojik, qirgʻiz va qozok tillarida olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining ta’lim soxasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
ta’lim-tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterga ega ekani;
ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
oʻrta maxsus, kasb-xunar ta’lim yoʻnalishini akademik litseyda yoki kasb-xunar kollejida oʻqishni tanlashning ixtiyoriyligi;
ta’lim tizimining dunyoviyligi;
Davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olish xuquqiga ega ekani;
ta’lim dasturini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
har bir shaxsning bilim olishi va iste’dodini rivojlantirishni ragʻbatlantirilishi;
ta’lim tizimida davlat va ijtimoiy boshqaruvining oʻzaro uygʻunligi.
Bu ustuvor tamoyillarga tayangan holda maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishda quyidagi omillar alohida ahamiyat kasb etadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |