Kasalni davolashdan ko'ra uning oldini olish osonligi hammaga ma'lum. Xo'sh, ichketar kasalligidan qanday saqlanish mumkin? Ushbu xastalik ko'proq bolalarda uchragani bois quyidagi maslahatlar ota-onalarda qiziqish uyg'otishiga shubha yo'q. To'g'ri ular ko'pchilikka ma'lum, ammo ba'zilarimiz erinchoqlik yoki yana boshqa bir sabablarga ko'ra ular haqida unutib qo'yamiz. Shuning uchun foydalanuvchilarimizga bu haqda yana bir bor eslatishni zarur topdik.
Shunday qilib, avvalo bolani to'g'ri ovqatlantirib borish zarur. Noto'g'ri ovqatlantiriladigan yoki sun'iy aralashmalar bilan boqiladigan go'daklar emizikli bolalarga qaraganda me'da-ichak kasalliklari bilan ko'proq og'rib turadi va ularda bu kasalliklar og'irroq kechadi.
Birmuncha kattaroq yoshdagi bolalarda gijja kasalliklari bo'lsa, bular ham ichketarning o'tishini og'irlashtirib qo'yishi mumkin.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yopiq turadigan shkaf yoki sovutgichda saqlash lozim. Bunda xom masalliqlar va pishgan taomlar bir-bimiga tegmaydigan bo'lishi kerak. Xom go'sht va baliq sabzavotlar hamda boshqa masalliqlardan alohida (elim xaltachalar, og'zi berk idishlar)da saqlanishi shart. Ko'pgina mikroblar sovutgichda, ya'ni xolodilnikda ham o'lmasligini esda tutish kerak.
Ichketar kasalligi ayniqsa meva va sabzavotlar g'arq pishadigan yoz va kuz paytlarida juda ko'p uchraydi. Shuning uchun bunday paytlarda har qanday meva va sabzavotlarni iste'mol qilishdan oldin suvni oqizib qo'yib, yaxshilab yuvish zarur. Xom sabzavot va yangiligicha yeyiladigan mevalarda dizenteriya (ichburug') va boshqa kasalliklarni paydo qiladigan mikroblar, shuningdek gijja tuxumlari bo'lishi mumkin.
Ichak infeksiyalarini tarqatadigan hashoratlar, ya'ni pashshalarga qarshi kurashish uchun aholi, shahar va qishloqlardagi tibbiy hamda kommunal xizmat xodimlari birgalikda harakat qilishlari kerak. Buning uchun qishloq va dala joylardagi axlat o'ralari va hojatxonalarga vaqtida quruq xlorli ohak sepib turish, chiqindilarni yo'q qilib borish lozim.
Ichak infeksiyalariga qarshi kurashda madaniy-gigiyenik ko'nikmalar: qo'llarni tez-tez, ayniqsa ovqat oldidan va hojatxonaga borib kelinganidan keyin yaxshilab yuvish, vaqtida cho'milib, ichki kiyimlarni almashtirib turish, kiyim-kechak, poyabzalni toza tutish juda katta ahamiyatga ega. Bolalarni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilib borishga juda yoshligidan o'rgatish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |